Bayram kuni – bu mamlakat hayoti uchun, uning tarixi uchun yoki xalqi uchun muhim ahamiyatga molik voqea-hodisaga bag’ishlab belgilan¬gan tartibda e’lon qilingan kalendarь sanadir.
O’zbekiston Respublikasida Mehnat kodeksining 131-moddasiga ko’ra quyidagi kunlar bayram (ishlanmaydigan) kunlari deb hisoblanadi:
1 yanvarь - Yangi yil;
8 mart - Xotin-qizlar kuni;
21 mart - Navro’z bayrami;
9 may - Xotira va qadrlash kuni;
1 sentyabrь - Mustaqillik kuni;
1 oktyabrь - O’qituvchi va murabbiylar kuni;
8 dekabrь - Konstitutsiya kuni;
Ro’za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.
SHonli sanalar nafaqat mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan voqealar,ayni chog’da u yoki bu tarmoq yoxud hatto alohida bir korxona uchun muhim ahamiyatga molik voqealar bilan bog’liq bo’lishi mumkin (masalan, korxona tashkil topgan yoki o’zining ma’lum bir mahsulotini ishlab chiqargan kunning yubiley sanasi va shu kabilar).
Jamoa kelishuvlarida yoki korxonaning jamoa shartnomasida qo’shimcha bayram kunlarining belgilanishi mumkin(masalan, korxona tashkil topgan yoki o’zining ma’lum bir mahsulotini ishlab chiqargan kunning yubiley sanasi va shu kabilar). Qonun bilan belgilab qo’yilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarini ish beruvchi ish kuni deb e’lon qilishga yoki ularni boshqa bir kunga ko’chirishga haqli emas.
Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga (uzluksiz ishlaydigan korxonalar, ob’ektlarni qo’riqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash kabilarga) ko’ra ishni to’xtatib turish mumkin bo’lmagan joylarda, aholiga xizmat ko’rsatish zarurati bo’lgan ishlarda, shuningdek kechiktirib bo’lmaydigan ta’mirlash ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yo’l qo’yiladi. Bu turdagi ishlarni bajarish nazarda tutilgan korxonalarda ish beruvchi bunday ishlarni bajarishga yo’l qo’yilmaydigan shaxslardan tashqari, korxona xodimlarini jalb etishga haqli.
Ish beruvchi faqat alohida hollardagina ayrim xodimlarni jamoa shartnomasida belgilab qo’yilgan, agar u tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilanadigan asoslar va tartibda jalb etishga haqlidir. Bayram (ishlanmaydigan) kunlaridagi ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to’lanadi.
Ishdan holi bo’lgan qo’shimcha kunlar.
Ishdan xoli, qo’shimcha kunlar – shunday ish kunlariki, bunday paytlarda muayyan maqsadlarni amalga oshirish uchun xodim o’z mehnat vazifalarini bajarishdan ish haqi saqlangan holda ozod etib qo’yiladi.
Bu ta’rifdan ko’rinib turibdiki, ishdan xoli, qo’shimcha kunlarda dam olish vaqti bilan umumiy belgilari bor: ana shu kunlar ichida xodimlar mehnat vazifalarini bajarishdan ozod etilgan bo’ladi; ularning ish joyi va ish haqi saqlanadi. Ishdan xoli, qo’shimcha kunlarning hammasini ham dam olish vaqti sirasiga kiritib bo’lmaydi, chunki bunday kunlar xodimlarga, qonun hujjatlarida oldindan belgilab qo’yilgan masalan, boshqa ish qidirish uchun, o’qish uchun va shu kabilar uchun beriladi.
Mehnat kodeksi quyidagi toifadagi xodimlarga ish beruvchi tomonidan ishdan xoli, qo’shimcha kun berilishi shart ekanligini nazarda tutadi:
- nogiron bolani tarbiyalayotgan ota-onasidan biriga (xomiyga, vasiyga);
- donorlarga;
- ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi to’g’risida ogoxlantirilgan xodimlarga;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim muassasalarida o’qiyotgan xodimlarga.
Bundan tashqari dam olish va bayram kunlarida yoki ish vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun kompensatsiya tariqasida, xodimning xohishiga ko’ra, unga qo’shimcha dam olish kuni berilishi mumkin.
Qonun hujjatlari bunday kunlarning har biri uchun muayyan bir maqsadni belgilab qo’yilganligiga qaramay, ishdan xoli, qo’shimcha kunlar, ulardan belgilangan maksad bo’yicha foydalanilishi yoki foydalanilmasligidan qat’i nazar, tegishli xodimlarga albatta berilishi shart.
Qonun hujjatlarida barcha xodimlar uchun nazarda tutilgan har haftalik dam olishdan tashqari Mehnat kodeksi nogiron bolasini tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (vasiyga, homiyga) bola 16 yoshga to’lgunga qadar davlat ijtimoiy sug’urtasi mablag’lari hisobidan bir kunlik ish haqi mikdorida haq to’lagan holda oyiga qo’shimcha bir dam olish kuni berilishini kafolatlab qo’ydi. Mehnat kodeksining 230-moddasiga binoan bunday xodimlarga ish beruvchi oyiga kamida bir marta shunday dam olish kuni berishi kerak.
Mehnat kodeksi 167-moddasining uchinchi qismiga muvofiq donorlik qilgan xodimlar tekshiruvdan o’tadigan va quyish uchun qon topshiradigan kuni ishdan ozod etiladi. Bundan tashqari ana shunday xodimlarga har safar quyish uchun qon topshirgan kunning ertasiga dam olish uchun bir kun beriladi. Xodimning xohishiga ko’ra bu kun ta’tilga qo’shib beriladi. Tekshiruvdan o’tadigan va quyish uchun qon topshiradigan kuni ishdan ozod etilgan davr uchun, shuningdek qon topshirganidan keyin berilgan dam olish kunlari uchun xodimning o’rtacha ish haqi saqlanadi.
Umumiy qoidaga ko’ra ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to’lanadi.
Mehnat kodeksi ishni ta’lim bilan qo’shib olib borayotgan shaxslar uchun bir qator imtiyozlar belgilab qo’yilgan bo’lib, Mehnat kodeksining 255-moddasiga muvofiq oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar o’quv yurtlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlar diplom loyihasini (ishini) bajarish yoki bitiruv imtihonlari topshirishdan oldingi o’n o’quv oyi davomida mashg’ulotlarga tayyorgarlik ko’rish uchun olti kunlik ish haftasi bo’lganda haftada bir kun o’rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladilar. Ish haftasi besh kunlik bo’lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o’zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori esa saqlanib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |