3-topshiriq. Maqoladagi iqtisodiy so‘z va terminni ajratib yozing, ma’nosini izohlang va uslubiga e’tibor qarating.
O‘zbekistonda bank tizimi
Markaziy bank o‘z faoliyatini Prezidentimiz boshchiligida tayyorlangan hamda Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonun asosida amalga oshirib, asosiy e’tiborni milliy valutamiz - so‘mning ichki va tashqi barqarorligini ta’minlashga, inflatsiya sur’atlarini pasaytirish va aholining inflatsiyadan zarar ko‘rish darajasini keskin kamaytirishga qaratib kelmoqda.
Buning natijasi o‘laroq, 2004 yilda yalpi ichki mahsulotning real hajmi 2003 yilga nisbatan islohot yillari davomida ilk bor 7,7 foizga o‘sdi, inflatsiya darajasi eng past - 3,7 foiz darajasida bo‘lishiga erishildi va bu aholi real daromadlarining 15 foizga ortishiga zamin yaratdi. Inflatsiyaning past darajada bo‘lishi, shuningdek, tijorat banklari foiz stavkalarining pasayishiga va unga mos ravishda iqtisodiyotning real tarmoqlariga ajratiladigan kredit hajmining sezilarli ortishiga olib keldi.
Erishilgan ushbu ijobiy natijalar qabul qilingan farmon va qarorlarning dolzarbligi, to‘g‘riligi va amaliyligini, tizimda amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan chora-tadbirlarning qat’iy, izchil va shu bilan birga samarali bo‘lganligidan dalolat beradi.
4-topshiriq. Maqolani diqqat bilan o‘qing hamda uning mazmunini 30-40 so‘zdan iborat matnda ifodalang.
Iqtisodiyot rivojida milliy reyting ahamiyati
Rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir tashkilotda (emitent) o‘z faoliyatini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish yoki bo‘lmasa, mahsulot bozorini kengaytirishda chetdan qo‘shimcha mablag‘larni jalb etishga ehtiyoj tug‘iladi. Chetdan mablag‘ jalb etishda emitentning moliyaviy barqarorligi, jamiyatda unga bo‘lgan ishonch darajasi katta ahamiyatga egadir. Bu ayniqsa, aholi va turli tashkilotlar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan bank va sug‘urta tashkilotlari uchun dolzarb masaladir.
Emitent o‘zining moliyaviy ahvolini aks ettiradigan moliyaviy hisobotlarini hammaga ham taqdim eta olmaydi. Shu bilan birgalikda o‘zining moliyaviy ahvoli haqida tarqatgan axborotlar, odatda, reklama faoliyati sifatida qabul qilinadi.
Bundan tashqari, ushbu emitentlar bilan moliyaviy munosabat o‘rnatmoqchi bo‘lganlar uchun ham reyting baholari muhim hisoblanadi. Bo‘lajak investorlar iqtisodiyotning bir sohasiga tegishli bo‘lgan turli xil emitentlar bir-birlaridan qaysi jihatlari bilan farqlanishini, ularga joylangan mablag‘ning xavfsizligi ta’minlanishini bilishlari kerak.
Iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarda reyting faoliyatini kengaytirish maqsadlarida xalqaro reyting agentliklari har bir mamlakat iqtisodiyotining holatiga mos bo‘lgan reyting uslubiyotlarini ishlab chiqa boshladilar. Bu turdagi reytinglar milliy reytinglar yoki bo‘lmasa, milliy shkaladagi reytinglar deb ataladi. Masalan, Standard &Poor’s reyting agentligi nafaqat rivojlanayotgan davlatlar uchun, balki rivojlangan moliya bozoriga ega davlatlar uchun ham milliy reyting shkalasi ishlab chiqqan. Ayniqsa agentlik strategik hamkorlari bilan birgalikda 14 dan ortiq davlatlar uchun milliy reyting shkalalarini ishlab chiqib amalda joriy etgan. Jahonning 3 yirik reyting agentliklari MDH davlatlariga ham kirib kelishmoqda. Ularning har biri Rossiya uchun alohida milliy reyting shkalasini ishlab chiqqan bo‘lib, mamlakatning reyting bozorida mahalliy reyting agentliklari bilan raqobatli muhit tashkil etishgan. Hozirgi vaqtda esa Standard &Poor’s va Moody’s kabi reyting agentliklari Qozog‘iston uchun milliy reyting shkalasini ishlab chiqishmoqda. Ushbu reyting agentliklarining ta’kidlashicha, xalqaro reytingda ishlatiladigan ko‘pgina mezonlar milliy reyting shkalasida ham qo‘llaniladi hamda turli tavakkalchiliklarni aniqlash va baholash uslublari ham mahalliy sharoitga moslashtirilgandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |