-topshiriq. Maqoladagi iqtisodiy so‘z va terminlarning qo‘llanishiga e’tiborni qarating, ishlatilgan so‘z va terminlarning matndagi ahamiyatini ko‘rsating
6-topshiriq. Maqoladagi iqtisodiy so‘z va terminlarning qo‘llanishiga e’tiborni qarating, ishlatilgan so‘z va terminlarning matndagi ahamiyatini ko‘rsating. BANK TIZIMI - KICHIK BIZNES RIVOJIDA Mamlakatda kichik biznesni rivojlantirish zaxiralaridan hali to‘liq foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi. Birgina qishloq xo‘jalik xom ashyosi va meva-sabzavot mahsulotlarining faqatgina 5 foizdan 25 foizgachasi mamlakatimizda qayta ishlanayotganligi bu sohada kichik biznesning rivojlanishi uchun hali o‘zlashtirilmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatib turibdi. Demak, bu sohada tijorat banklari oldida o‘z kredit resurslarini iqtisodiyotning asosan real sektorida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes ishtirokchilarining investitsion loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirishdan iborat eng dolzarb vazifa turibdi.
Mamlakatimizda kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida bank tizimining o‘rni alohidadir. Markaziy bank mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq kichik biznes subyektlariga bank xizmati ko‘rsatishning, ularga bank kreditlari berishning soddalashtirilgan tartib-qoidalarini joriy etishni boshlagan edi. Markaziy bank o‘zining bu boradagi siyosatini takomillashtira borib, 2000 yilning I choragida kichik biznes subyektlariga tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar va kreditlar berish tartiblari to‘g‘risidagi bir qator Nizomlarini amalga kiritdi.
Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 10 sentabrdagi 366-sonli Qarorida tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlayotgan, yuridik shaxs maqomini olib faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon xo‘jaliklari, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklariga budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan tijorat banklari orqali dastlabki (boshlang‘ich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar berish yo‘lga qo‘yildi. O‘z faoliyatini boshlash uchun dastlabki mablag‘ga ega bo‘lmagan tadbirkorlarga amaliy yordam berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida mikrofirmalar va yuridik shaxs maqomidagi dehqon xo‘jaliklariga eng kam oylik ish haqining 150 baravari hamda kichik korxona va fermer xo‘jaliklariga eng kam oylik ish haqining 300 baravarigacha miqdorda past foizlarda mikrokredit berish joriy etildi. Ushbu kreditlar uchun o‘rnatiladigan foiz ustamasi esa Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 1/6 qismi miqdorida belgilangan bo‘lib, bugungi kunda bu ko‘rsatkich yillik 2,7 foizni tashkil etmoqda. Boshlang‘ich sarmoyani shakllantirish uchun bugunga qadar banklar tomonidan 10,0 mlrd. so‘m miqdorida mikrokreditlar berildi va shu orqali bu ishni boshlash uchun boshlang‘ich sarmoyaga ega bo‘lmagan 8910 kichik biznes subyekti uchun faoliyatini boshlab yuborishiga imkoniyat vujudga keltirdi.
Oxirgi yillarda tijorat banklari tomonidan mijozlariga bank kartalari orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish uchun imkoniyat va qulayliklarni yaratish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib, tijorat banklari tomonidan 1200 mingdan ortiqroq bank kartalari muomalaga chiqarildi hamda banklar tomonidan savdo hamda aholiga pullik xizmat ko‘rsatadigan korxonalarda 8000 dan ortiqroq terminallar o‘rnatildi.
Bank kartalari nafaqat jismoniy shaxslarga, balki yuridik shaxslar uchun ham korporativ bank kartalari shaklida chiqarila boshlandi. Endilikda korxona va tashkilotlar, shu jumladan, kichik biznes subyektlari ham, bevosita vakillik va safar xarajatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish hamda o‘z ishlab chiqarishlari uchun zarur bo‘lgan materiallarni ulgurji va chakana savdo korxonalaridan bank korporativ kartalari asosida bevosita xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.