Kurs ishining maqsadi: Hissiy-emotsional holatlarning inson faoliyatida tutgan o’rnini aniqlash.
Kurs ishining obekti: Emotsiya, his-tuyg’ular, ichki kechinmalar, inson xatti-harakatlari, muloqati, fikr-mulohazalar, yuksak hislar, kayfiyat, stress va boshqalar.
Kurs ishining predmeti: Hissiyot va emotsiyani tahlil qilish, yangi yondashuvlar, turli xil nazariy qarashlarni taqqoslash va qarama-qarshi qo’yish. Emotsiyaning yangi qirralarini ochish uchun empirik tadqiqotlar o’tkazish.
Kurs ishiningvazifalari.
Emotsiya tabiatini chuqurroq yoritish.
Hissiyot va emotsiya jarayonlarining farqli jihatlarini ochib berish.
Hissiyot va emotsional holatlarning fiziologik asoslarini tahlil qilish.
Odam va hayvon emotsiyalari o’rtasidagi farqni yoritish.
Hissiy kechinmalar shakllarining mohiyatini o’rganish.
1.BOB. EMOTSIYA HAQIDA UMUMIY TUSHUNCHA
Emotsiya va hissiyotlar o’rtasidagi tafovutlar.
Emotsional jarayonlar, holatlar yoki tor ma’noda emotsiyalar, hissiy kechinma-larning o’ziga xos xususiyatli shakllaridan bittasidir. Emotsiya - u yoki bu hissiyotning inson tomonidan bevosita kechirilishi jarayonidan iboratdir. Masalan, shaxs tomonidan musiqani sevish emotsiyani vujudga keltirmaydi, balki buning uchun musiqani eshitish, ijrochi mahoratiga tasanno bildirish, undan hayajonlanish, yoki asar ijrosi yoqmasa g’azabli yoki ijobiy emotsiya vujudga keladi. Ko’pincha emotsiyalar o’zining ta’sirchanligi bilan bir-biridan ajralib turishiga qaramay, bunday sifatli hissiy holatlar stenik xususiyatli deyiladi. Bunday emotsiyalar dadil xatti-harakatlarga, mantiqiy mulohazalarga, ijobiy izlanishlarga kuch-quvvat, qanot bag’ishlaydi. Masalan kishi xursandchilikda “parvoz qiladi”, “yulduzni narvonsiz oladi”, kimlargadir holis yordam qilishga shoshadi, faollik, tinib-tinchimaslik uning sifatiga aylanadi. Aksariyat hollarda xushxabar, muvaffaqiyat shaxsda stenik xususiyatli emotsiyalarni vujudga keltiradi. Ba’zi hollarda emotsiyalar o’zining sustligi, zaifligi, nursizligi bilan tavsiflanadi, bunday hissiy holat astenik deb ataladi. Bunday hissiyot insonni bo’shashtiradi, uni hayolga cho’mdiradi, hayolparast qilib qo’yadi, shu sababdan favquloddagi shaxsdagi rahmdillik befoyda emotsional kechinmaga, uyalish vijdon azobiga, andisha esa qo’rqoqlikka aylanib qolish xavfi kuchli.
Jahon psixologiyasida ayniqsa, chet el adabiyotlarida “emotsiya” va ”hissiyot” terminlari bir xil ma’noda ishlatiladi, lekin ularni aynan bir xil holat deb tushunish mumkin emas. Bunday nuqson ommabop adabiyotlarda, chet ellarda chop etilgan darsliklarda aksariyat hollarda uchraydi. Odatda, tashqi alomatlari yaqqol namoyon bo’ladigan his-tuyg’ularni ichki kechinmalarda ifodalanishdan iborat psixik jarayon yuzaga kelishining aniq shaklini emotsiya deb atash maqsadga muvofiq. Masalan, ranglarning o’zgarishi, yuzlarning tabassumlanishi, lablarning titrashi, ko’zlarning yarqirashi, kulgi, yigi, g’amginlik,ikkilanish, sarosimalik va boshqalar emotsiyaning ifodasidir. Lekin vatanparvarlik, javobgarlik, ma’suliyat, vijdon, mehr-oqibat, sevgi-muhabbat kabi yuksak hislatlarni emotsiya tarkibiga kiritish g’ayritabiiy hodisa hisoblanadi. Ushbu hissiy kechinmalar o’zining mohiyati, quvvati, davomiyligi, ta’sirchanligi, yo’nalganligi bilan bir-biridan keskin farq qilishiga qaramay, ularni emotsiya sifatida talqin qilish oddiy safsataga aylanib qolgan bo’lar edi deya ta’kidlaydi E.G’oziyev. Shu boisdan ularning eng muhim farqi shundaki, hissiyot-ijtimoiy, emotsiya esa individual, xususiy ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlab o’tilgan mulohazalarga qaramasdan, hissiyot bilan emotsiyaning o’zaro bir biridan qat’iy cheklab qo’yish ham ba’zi anglashilmovchilikni keltirib chiqarishi mumkin. Faoliyat, xulq-atvor, muomala subekti o’zining shaxsi hamda jamiyati uchun ahamiyatli hisoblangan narsalar va hodisalarni aks ettiruvchi munosabati hissiyotda mujassamlashadi. Shaxsning individual hayoti va faoliyatiga aloqador omillar, qo’zg’ovchilar, turtkilarni ifodalovchi hamda kelib chiqishi instinktlar, shartsiz reflekslar, irsiy belgilar bilan bog’liq soda hissiy holatlar ‘’EMOTSIYA’’ deb ataladi. Emotsiyalar nafaqat insonlarga balki, jonli rivojlangan mavjudodlarga ham taaluqli ruhiy holatlardir. Hayvonlardagi emotsiyalar o’zgarishi murakkab bo’lgan irsiy alomatlarga asoslanuvchi soda tuzilishga egadir. Odam bilan hayvon emotsiyalari o’zlarining mohiyati, tuzulishi, ta’sirchanligi, jadalligi, sifati, shakli bilan keskin tafovutlanadi. Emotsiyalar tashqi ko’rinishga xosligi bilan, muvaqqat xususiyatga egaligi bilan hissiyotdan farqlanadi. SHuni aytib o’tish joizki, hissiyot hayvonot olamiga xos kechinma emas,u aql-zakovat subekti faqat hazrati insongagina xos.
Hissiyot bilan emotsiya inson shaxsining ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlarida yuzaga kelgan, odamning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotida shakllangan, muayyan ijtimoiy-muhitda istiqomat qiluvchi kishilar tomonidan o’zlashtirilgan g’oyalar, me’yorlar, qonun-qoidalar, nizomlar, qadriyatlarni aks ettiruvchi anglanilgan his-tuyg’ular, murakkab ichki kechinmalarning vujudga kelish jarayonidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |