2. Gap komponentlarining bir va ko‘p funksionalligi
Ishimizning avvalgi sahifalarida til belgilarining paradigmatik va sintagmatik rejalarga ko‘ra o‘rni masalasi bilan atroflicha tanishib o‘tdik va shu jarayonda har bir til belgisini funksional faolligi uning tildan nutqqa ko‘chirilgach vujudga kelishini aniqladik. Endi esa asosiy masala til belgilarining gap tarkibidagi funksional tavsifini belgilab berishdan iboratdir.
Aytish kerakki, gap so‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatini taqozo etadi. Boshqacha aytganda, gapning umumiy mazmuni so‘zlar munosabati orqali ta’minlanadi, chunki so‘z yordamida biz predmet va hodisalarni nomlaymiz. Ammo predmet va hodisalar, o‘z qonuniyatlariga ko‘ra so‘zga aloqasi bo‘lmagan holda mavjuddir. So‘z bilan denotat va signifikat o‘rtasida nisbiy bog‘lanish mavjud, ya’ni biz biror tushunchaga ega bo‘lish maqsadidagina ma’lum bir so‘z orqali nimanidir aytamiz va bu haqda biror tushunchaga ega bo‘lamiz. Aslida esa so‘z bilan u atayotgan narsa o‘rtasida hech qanday bog‘lanish yo‘q.
So‘z va narsa o‘rtasidagi muammo juda ko‘p davrlar mobaynida tortishuvlarga sabab bo‘lib keldi. Hatto XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Avstraliyada Rudolf Meringer tomonidan “So‘z va narsa” nomli maktab ham vujudga keldi 1 . Ana shuning o‘zi ham so‘z tilimizning eng muhim quroli ekanligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham so‘z bir paytning o‘zida ham mazmun ifodasini, ham shakl va sintaktik funksiya ifodsdini bera oladi. Shuning uchun u tilimizning va nutqimizning barcha imkoniyatlarini yaratuvchi kuchga ega2.
Bunday sifatga tilning birorta boshqa kategoriyadagi elementi ega emas. Oddiy bir misol keltiraylik. Ko‘pgina so‘zlar bir paytning o‘zida morfema ham sanaladi. Lekin bu so‘zlarga morfema tarzida qarasak, ularning ko‘p funksiyaligi o‘z-o‘zidan inkor qilinadi. Masalan, non, kon kabi so‘zlar morfemalar kategoriyasiga ham bemalol kiraveradi. Ammo morfemalar, so‘zlardan farqli
1 Turniyozov N.Q. Tilshunoslikka kirish.- Samarqand, 2006, 50-bet.
2 Qarang: Будагов Р.А. Введение в науку о языке.-М., 1965.-С.9.
ravishda, sintagmatik qator doirasida harakat qila olmaydi. Ular uchun asosiy makon so‘zdir. Morfemalar sintagmatik qator doirasiga so‘z orqali, unung tarkibidagina kiritiladi. So‘zlar esa bu qatorda erkin harakat qiladi. Shu sababli bir bo‘g‘inli so‘zlar gapdan tashqari holatdadagina morfema sanalishi mumkin. Masalan: Non yopildi – Yopildi non; Sir saqlandi – Saqlandi sir.
Ko‘rinadiki, so‘z sintagmatik qatorda erkin harakat qila olgani uchun bir mazmunning turlicha ifodasi shakllarini bera oladi. Morfemalar esa, nafaqat sintagmatik qator doirasida, balki so‘z doirasida ham harakat qila olmaydi. Lekin shunday bo‘lsa-da, morfemalarning ham sintagmatik qatorda o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘ra olamiz. Masalan, ular bir so‘z doirasidan chiqa olmagani holda, shu so‘zning ikkinchi bir so‘z bilan sintagmatik munosabatlarini tiklaydi. Bu sohada, ayniqsa, sintaktik shakl yasovchi morfemalarning ahamiyati katta.
Shuni ham aytish kerakki, so‘zlarning yana bir muhim tomoni ular ko‘p hollarda o‘z morfologik kategoriyalariga xos imkoniyatlar doirasidan chetlashib qolishi ham mumkin. Fikrimiz isbotini quyidagi misollarda ko‘rib o‘tamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |