KIRISH
Tilshunoslik fani har doim taraqqiyotda va uzluksiz rivojlanishdadir. Grammatika ilmi doirasida “transformatsion tahlil”, “derivatsion tahlil”, “bevosita ishtirokchilar tahlili” kabi qator tushunchalar paydo bo‘ldi. Ular o‘zbek tilshunosligida ham o‘z ifodasini topdi. Zero, xalqning milliy madaniyati va o‘ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo‘lmish o‘zbek tilini rivojlantirish, bu tilning davlat maqomini izchil va to‘liq ro‘yobga chiqarish davlat ahamiyatiga molik ish1.
Shuni aytish kerakki, bu sohalar g‘arb tishunosligida allaqachon amalda qo‘llanilib kelmoqda. Masalan, o‘qitish jarayonida, kompyuterlashtirish va avtomatlashtirishda tadbiq etilmoqda. Bularning hammasi, albatta, zamon talabi va fan-texnika taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq.
Tilshunoslik fanining hozirgi davri taraqqiyotida, aytib o‘tilganlardan tashqari, funksional tahlil, gapning aktual bo‘laklarga bo‘linishi nazariyalari ham dolzarb bo‘lib turibdi. Bu sohalarda ham g‘arb va rus tilshunosligida anchagina ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. O‘zbek tilshunosligida ham funksional sintaksis sohasida monografik ish chop etildi2.
Biz ham, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, o‘zbek va koreys tillari materiallari asosida gapning aktual bo‘laklarga bo‘linishi tahlilini qiyosiy jihatdan o‘rganishni lozim deb topdik. Ammo, shuni ham eslatib o‘tish kerakki, til funksiyasi turlicha yo‘nalishda bo‘lishi mumkin. Zero, “funksiya” terminining o‘zi turlicha anglashiladi. Masalan, grammatik, semantik, sintaktik yoki formal sintaktik funksiyalarning har biri ma’lum bir mavzuning asosini tashkil qila oladi. Chunki ularning hammasini bitta tahlil doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydi. Shuning uchun biz mazkur dissertatsion ishda gap unsurlarining tema-rematik munosabatlari to‘g‘risida to‘xtalmoqchimiz.
Ishning asosiy maqsadi gap unsurlari qay darajada faol bo‘laklarga bo‘linishi va bu jarayonda qanday vositalar katta ta’sir etishi, bu bo‘laklar
1 Karimov I. A. O‘zbekiston kelajagi duyuk davlat.–Toshkent:O‘zbekiston,1999, 19-bet.
2 Turniyozov N.Q., Turniyozova K.A.Funksional sintaksisga kirish.–Toshkent:Fan,2003.
koreys va o‘zbek tillarida qanday o‘zgarishini o‘rganishdan iborat. Bu masalalar esa, bizningcha, tilshunoslik sosohasida dolzarbdir.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “funksiya” termini tilshunoslik sohasida turli xil yo‘nalishda o‘rganilar ekan, funksional sintaksis sohasini Praga tilshunoslik maktabi vakillaridan V. Matezius hamda A. Martine kabi olimlar asoslab berdilar. Ayniqsa, V. Matezius erishgan ilmiy yutuqlar diqqatga sazovordir. U gapning mazmunan faol bo‘laklarga bo‘linishi masalasini mantiq doirasidan til doirasiga olib o‘tib, uni til nuqtai nazaridan tahlil etgan dastlabki tilshunoslardan biri hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz – o‘zbek tilshunoslari tilimizning o‘z ichki qonun-qoidalari asosida vujudga kelgan barcha lingvistik hodisalarni jahon tilshunosligida erishilgan yutuqlardan samarali foydalangan holda talqin etishimiz darkor. Chunki o‘z mustaqilligiga erishgan Respublikamiz tilshunosligi bugungi kunda ularga ehtiyoj sezmoqda deb o‘ylaymiz.
Dissertatsiyamizning asosiy maqsadi gap unsurlarining qay darajada va qanday uslubga ko‘ra tildan nutqqa ko‘chirilishi va bu jarayonda nimalar ta’sirida sintaktik jihatdan va funksiyasiga ko‘ra faollashuvi kabilarni o‘rganishdan iborat. Bu masalalar esa tilshunoslik fanining hozirgi davri taraqqiyoti uchun dolzarbdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |