11-sinf
Bayon
Ota makon ona tuproq
Vatan! Bu shunday sehrli so’zki, uni eshitgan onimda yuragimning tub-tubida qandaydir ilohiy tuyg’u paydo bo’ladi. Men Vatanimni momomning nurli siymosida, onamning sirli allasida,jajji ukajonimning beg’ubor ko’zlarida, ustozimning mehrli so’zlarida ko’raman. Tug’ilib o’sgan uyim, beshikda aytilgan orzularga limmo-lim alla, buvimning ertaklari, maktabim – bularning barchasi Vatanim ichra Vatan emasmi?! Bularning hammasi birlashib, Vatan degan tuyg’uning so’nmas timsolini yaratadi.
Inson ham xuddi niholga o’xshaydi. Uni undirib-o’stirgan Ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni o’z ne’matlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun ardoqlidir.
Vatanimiz – O’zbekistonimiz tuprog’ida oltin gullaydi, qishlarida bahor shivirlaydi, har tong bulbullar madhini o’qib tamom qilolmaydi. Ayting, bunday diyorda tug’ilishning o’zi baxt emasmi?
Mana shunday serquyosh, mustaqil yurtda yashashimiz uchun yurt ozodligini barcha narsadan ustun bilgan xalqning asl farzandlari kurash olib bordi. Achchiq alamlar bilan faryod chekkan onajonlarning ko’zyoshlari uchun va buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari uchun ham Vatanimiz mustaqilligini ko’z qorachig’imizdek asrashimiz kerak. Bu borada esa Yurtboshimizning biz yosh avlodga bo’lgan ishonchi bizni yanada olg’a qadam tashlashga undaydi.
Mustaqillikdan keyin yurtimizda yoshlarning komil inson bo’lib yetishishini uchun ulkan shart-sharoitlar yaratilmoqda. O’zimiz yashayotgan qishloq va shaharlarda qad ko’tarayotgan zamonaviy maktablar, kollej va litseylar, sport va san’at maktablari va ularning zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanayotganligi va bularning barchasi bizlarning ilm olishimizga, kelajakda barkamol inson bo’lib yetishishimizga qo’yilayotgan tamal toshidir.
Bugungi kunda yurtimizda yetishib chiqayotgan, jahonga bo’y ko’rsatib, mamlakatimiz nomini dunyoga tanitayotgan aka-opalarimiz ko’p. Ularni ‘’O’zbekiston iftixori’’ desak adashmagan bo’lamiz. Shuning o’ziyoq mardlari, kuchli farzandlari ko’p yurtni butun dunyo tan olishi va hurmat qilishini ko’rsatadi. Ona O’zbekistonimizning ana shunday barkamol yoshlari bor ekan, bu yurt hech qachon rivojlanish yo’lidan to’xtamaydi. Shunday ekan, biz ham unga munosib farzand bo’lib, yurtimiz bayrog’ini yanada baland ko’taraylik. ‘’Kuch – bilim va tafakkurda’’, degan shiori ostida, avvalo, bilim va hunarlarni ona tilimiz bilan birga xorijiy tillarni ham puxta egallab, kelgusida bor kuch-g’ayratimizni muqaddas Vatanimiz rivoji yo’lida sarf etmog’imiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |