8-bob. Past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari 30. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tegishli tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy hisobotlarini tahlil qilish yakunlari bo‘yicha past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning ro‘yxatini tuzadilar, ularning faoliyati bo‘yicha materiallarni yig‘adilar va tuman (shahar) moliya bo‘limlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlariga axborot taqdim etadilar.
31. Tumanlar (shaharlar) moliya bo‘limlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari davlat soliq inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat bo‘yicha korxonalar faoliyatining past rentabelligi va zarar ko‘rib ishlashi sabablarini o‘rganib, keyinchalik tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosariga ularning moliyaviy ahvolini yaxshilashni nazarda tutuvchi aniq takliflar kiritadilar.
32. Tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning muassislari va rahbariyati, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralarini ko‘radi.
9-bob. Debitorlik va kreditorlik qarzlarning o‘sishini qisqartirish chora-tadbirlari 33. Tumanlar (shaharlar) moliya bo‘limlari va davlat soliq inspeksiyalari tomonidan har kunlik asosida:
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning debitorlik va kreditorlik qarzlari holati tahlil qilinadi va ularni qisqartirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi;
ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzlarini qisqartirish ishlari amalga oshiriladi;
yetkazib berilgan energiya resurslari uchun to‘lovlarni to‘liq undirish va noreal qarzlar hosil bo‘lishi holatlarining oldini olishga qaratilgan korxonalarning o‘zaro hisob-kitoblari tizimini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
34. Amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha ma’lumot va takliflar har oyda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Respublika komissiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2004-yil 14-apreldagi 182-son qarori bilan tashkil etilgan tegishli muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash hududiy komissiyalariga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
35. Tegishli muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash hududiy komissiyasi har oyda tarmoqlar va tuman (shahar)lar bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarning holatini, shuningdek tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari takliflarini ko‘rib chiqadi.
Tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari, moliya bo‘limlari va davlat soliq inspeksiyalari bilan birgalikda debitorlik va kreditorlik qarzlarni o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik yo‘li bilan budjet parametrlari ustidan monitoring olib boradi.