-bob. Investitsiya loyihalarini va Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga tushumlarni ko‘paytirishni ta’minlash chora-tadbirlari
6-bob. Investitsiya loyihalarini va Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga tushumlarni ko‘paytirishni ta’minlash chora-tadbirlari 21. Investitsiya loyihalari va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga mahalliy budjetlarga tushumlarni ko‘paytirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik doirasida davlat soliq xizmati organlari va moliya bo‘limlari xodimlari tegishli yil uchun tasdiqlangan investitsiya loyihalari va Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi loyihalarning bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha tuman (shahar) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlariga har tomonlama ko‘maklashadilar.
22. Davlat soliq xizmati organlari va moliya bo‘limlari xodimlari investitsiya loyihalari va mahalliylashtirish loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishga ko‘maklashish doirasida bir ish kuni davomida o‘rtacha 2 ta obyektlarni o‘rganadi.
23. Tuman (shahar) moliya bo‘limlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari investitsiya loyihalari va mahalliylashtirish loyihalarining bajarilmayotganligi, ortda qolayotganligi sabablarini o‘rganadilar va o‘rganish yakunlari bo‘yicha qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar qabul qilish uchun tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosariga aniq takliflar kiritadilar.
24. Tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari loyiha tashabbuskorlari, shuningdek tuman (shahar) tijorat banklari, moliya bo‘limlari, iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari bilan birgalikda aniqlashtirilgan tarmoq jadvallarining bajarilishi, shuningdek tegishli quvvatlarning ishga tushirilishi ustidan ta’sirchan monitoring o‘rnatadi.
7-bob. Faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklash chora-tadbirlari 25. Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari bir ish kuni davomida faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarga (kamida 2 ta) boradilar va o‘rganadilar hamda o‘rganish yakuni bo‘yicha mazkur korxonalarning ro‘yxatini tuzadilar, ularning faoliyati bo‘yicha materiallarni yig‘adilar va tuman (shahar) moliya bo‘limlariga hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlariga taqdim etadilar.
26. Tuman (shahar) moliya bo‘limlari hamda iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘limlari korxonalarning faoliyat yuritmaslik sabablarini aniqlaydilar va ular faoliyatini tiklash bo‘yicha tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosariga aniq takliflar kiritadilar.
27. Tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari korxona muassislari, shuningdek bank, iqtisodiyot va moliya organlari bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklash chora-tadbirlarini tashkil etadilar va ularning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan monitoring o‘rnatadilar.
28. Tumanlar (shaharlar) moliya bo‘limlari va davlat soliq inspeksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy organlariga qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlarini aniqlashda, keyinchalik ularning ro‘yxatini shakllantirish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-fevraldagi PQ-2796-son qarori bilan tashkil etilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaga (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) kiritishda ko‘maklashadilar.
29. Tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari mulkdorlari tomonidan investitsiya loyihasi amalga oshirilmaganligi to‘g‘risida Komissiya xulosasi asosida:
soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llaydigan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari — yuridik shaxslarning soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tishini;
o‘zlariga tegishli qurilishi tugallanmagan obyektlar hamda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk solig‘ini va yer solig‘ini ikki karra oshirilgan stavka bo‘yicha to‘lashlarini ta’minlaydilar.