4-bob. Mahalliy budjetlar xarajatlarining shakllantirilishi va bajarilishi monitoringi tartibi 20. Monitoring maqsadida tuman (shahar) moliya bo‘limi va g‘aznachilik bo‘limlari rahbarlari o‘zlarining buyruqlari bilan har bir mas’ul xodimiga moliya organi va g‘aznachilik bo‘limlarining mas’ul xodimi tomonidan doimiy monitoring amalga oshiriladigan kamida 10 ta budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchilarini biriktiradi.
21.Mahalliy budjetning xarajatlar qismi bo‘yicha moliya bo‘limi rahbarining o‘rinbosari va g‘aznachilik bo‘linmasi rahbari tegishli budjet parametrlarining so‘zsiz bajarilishini, mahalliy budjetlar xarajatlarining sifatli rejalashtirilishini va o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlaydi.
22. Moliya bo‘limlarining va g‘aznachilik bo‘linmalarining mas’ul xodimlari:
budjet tashkilotlari tomonidan ish haqini, yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashga o‘z vaqtida buyurtma taqdim etilishini ta’minlaydilar;
budjet tashkilotlari xarajatlarini budjet tashkilotlari faoliyatini masofaviy va joyiga borib o‘rganish orqali har kunlik monitoringni amalga oshiradilar;
budjet tashkilotlarining tarmoq, kontingent, shtatlar jadvali va moliyaviy hisobotlari ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi va kam samarali xarajatlarni optimillashtirishni amalga oshiradilar;
budjet tashkilotlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiyasidan daromadlar tushumini tahlil qiladilar;
mol-mulkni, bo‘sh turgan joylar, binolar va vaqtincha foydalanilmayotgan qurilmalar va asbob-uskunalarni ijaraga berishdan tushumlarning budjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘z vaqtida va to‘liq tushishini joylarga borib o‘rganadilar;
qo‘shimcha moliyalashtirishga va o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tgan budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari daromadlari to‘g‘ri shakllantirilganligini tahlil qiladilar;
kommunal xizmatlarini hisoblash asboblari mavjudligini xatlovdan o‘tkazish, shuningdek budjet tashkilotlariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilar bilan solishtirma dalolatnomalar mavjudligini, xarajatlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini o‘rganish orqali budjet tashkilotlarida debitorlik va kreditorlik qarzdorlikning oshishini bartaraf etadilar.
23. Moliya bo‘limlari va g‘aznachilik bo‘linmalarining mas’ul xodimlari amalga oshirilgan ishlar natijalari bo‘yicha budjet tashkilotlari rahbarlari nomiga tegishli choralar ko‘rish uchun taqdimnoma tayyorlaydilar.
24. Moliya bo‘limi rahbari har oyda mahalliy budjetlar xarajatlarining ijrosi va shakllantirilishi monitoringi natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosariga tegishli takliflar, shu jumladan budjet tashkilotlarining bo‘sh turgan va vaqtincha foydalanilmayotgan obyektlari bo‘yicha keyinchalik ularni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ijaraga berish uchun ma’lumotlar taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 29-iyundagi 445-son qaroriga
3-ILOVA
Tumanlar (shaharlar) davlat soliq inspeksiyalari xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromadlar parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash va mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida NIZOM