www.ziyouz.com kutubxonasi
31
urgandirman... Kayfda bo‘ladi-ku?
— Birovni urgan bo‘lsangiz, bu ish bilan shahar prokuraturasi shug‘ullanmas edi.
Adashganimiz yo‘q.
Namozov yengil tin oldi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Zohid undagi o‘zgarishni
sezdi. U Namozov aybnomani darrov rad etadi, isbot talab qiladi, deb o‘ylagan edi.
Indamay o‘tirishiga qarab, «bo‘yniga oldimi», deb taajjublandi.
— Nimaga indamayapsiz?
— Men... ochig‘ini aytsam, odam o‘ldirib qo‘yibmanmi, deb qo‘rquvdim.
— Qoradorifurushlikni yengilroq jinoyat deb o‘ylayapsizmi?
— Sizning tilingizda yengilmi yo og‘irmi, bilmayman. Balki unisi uchun ham, bunisi
uchun ham otarsizlar. Lekin men uchun odam o‘ldirib otildi, degan nomus yomon.
— Qoradori o‘nlab yosh jonlarni halok qiladi. Bunisiga nima deysiz?
— Nima derdim, bunga qoradori sotadiganlar javob beraversin.
— Siz-chi?
— Umrimda qilmaganman bunaqa ishni.
— O‘zingiz ham iste’mol qilmaganmisiz?
— Nimani? Qoradorinimi? — Namozov bosh chayqadi.
— Qoningiz tekshirilganda tarkibida qoradori topilgan. Siz faqat aroqdan emas,
qoradoridan ham mast edingiz.
— Yolg‘on.
— Sizga sudmedekspertiza xulosasini ko‘rsatamiz. Hozir esa... bilagingizga qarang.
Namozov shoshilib pidjagini yechdi-da, yengini shimarib bilagiga qaradi. Yo‘g‘on tomir
ustida bilinar-bilinmas igna izini ko‘rib, Zohidga dahshat nazari bilan qaradi. Uning
yumaloq ko‘zlari yanada kattalashganday bo‘ldi.
— Tamom! — dedi u titroq ovozda.
— Nima tamom! — dedi Zohid tushunmagan odamday.
Namozov boshini egib, xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganday dedi:
— Men ajal bilan o‘ynashgan ekanman... — u boshini ko‘tarib Zohidga qaradi. — Mening
bo‘larim bo‘pti. Bola-chaqam omonmi, faqat to‘g‘risini ayting.
— Xotiningizni ko‘rdim. Bolalaringizni...
— Bolalarim oyimnikida edi.
— Siz kimdan qo‘rqyapsiz?
— Kimdan qo‘rqyapsiz? Men qo‘rqmayman. Qo‘rqqanimda bu yerda o‘tirmas edim...
Zohid qalin daftar ochib, taomilga ko‘ra Namozovni so‘roq qila boshladi. Ism-sharifini,
tug‘ilgan yili, kunini so‘radi. Namozov savollarga qisqa, sovuq ohangda javob berar edi.
— Qoradorini sizga kim yetkazib berar edi? — deb so‘radi Zohid asosiy maqsadga
ko‘chib.
— Tanimayman, — dedi Namozov gap ohangini o‘zgartirmay. U qamoqqa kimning istagi
bilan kelib qolganini anglagan, puxta o‘ylangan tuzoqqa tushganini fahmlagan edi.
Tuzoqdan qanday qutulishni bilmas edi. Tergovchi ham balki ularning odamidir, degan
o‘y uni nochor ahvolga solib qo‘ygan, na ochiq gaplashishni, na o‘zini go‘llikka solishni
bilardi. Qisqa muddat ichida tanlanishi mumkin bo‘lgan yagona yo‘l — «bilmayman» deb
turish. Zohid uning tutgan yo‘lini ko‘ra bildi. Shuning uchun arqonni uzun tashlab,
so‘roqni davom ettirdi:
— Mijozlaringizni ayting?
— Tanimayman.
— Qanchadan olib, qanchadan pullardingiz?
— Kilosinimi?
— Aytaylik, kilosini?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |