www.ziyouz.com kutubxonasi
38
bozoriga qadar bordi. Lozim bo‘lganida himoya qilish maqsadida Asadbek unga soyadek
ergashdi. Cho‘ntak, belbog‘ kesishga Haydardan o‘tadigani yo‘q edi. Xullas, belbog‘
kesildi. Kesishga kesdiyu og‘irligidan hayron bo‘ldi. Panaroqqa o‘tib qarasaki, belbog‘da
sariq chaqa ham yo‘q — besh-oltita kesak hafsala bilan terib qo‘yilgan. Haydar «bu
qishloqi ko‘zni shamg‘alat qilmoqchi ekan», deb o‘yladi. Aslida shaharni bir tomosha qilib
kelay, deb yo‘lga otlangan bu dehqon «tahoratga kesak topiladimi yo‘qmi» deb har
ehtimolga qarshi belbog‘iga tugib olgan edi. O‘shanda alamdan bo‘zarib turgan Haydarga
qarab turib Asadbek rosa kuldi. Laqab ham o‘shanda tug‘ildi. Ikki oshna bu voqeani tez-
tez eslab, miriqib kulishadi.
Kesakpolvon Qilich bilan omonlasha turib, peshtaxta ortidagi xushbichim qizga qarab
oldi. Qiz unga shirin jilmaydi. Videobar egasi bu qarashning ma’nosini darrov ilg‘adi.
— Okaxon, gap yo‘q, shkalad yeganday bo‘lasiz, — dedi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Haydar ichkari kirib ketgach, xuddi kelishib olinganday Ehsonov paydo bo‘ldi.
«Chuvrindi» degan laqab barvasta, yuzlari hamisha qip-qizil, ovozi temir jarangiday bu
odamga uncha mos kelmaydi. Yoshligida olgan bu laqabiga ko‘nikib ketgan. Asadbek
bilan Haydar Andijondan kelgan o‘n uch yoshli chuvrindi bu bolani oltmishinchi yilda
qanotlariga olib yanglishmagan edilar. Kamgap, sermulohaza, urishganda esa otasini
ham tanimaydigan beayov edi bu Chuvrindi.
Haydar biron-bir masala xususida fikr yuritilganda tez, ammo sayozroq xulosa
chiqarardi. Mahmud esa aksincha edi. Asadbek shuning uchun ham ko‘proq Mahmudga
suyanardi.
A’yonlar ichkariga kirib ketishgach, oradan yarim soat o‘tib, telefon jiringladi. Qiz
go‘shakni qulog‘iga tutib, videobar og‘asiga ko‘z tikdi.
— Xo‘jayin kelmas ekanlar. Begavotga ketibdilar, — dedi aybdor odamning ovozi bilan.
Bu gapni eshitgan Qilich «ketaversammikin?» deganday videobar og‘asiga qaradi. Yigit
qizning xabariga ham, Qilichning savol-nazariga ham e’tibor bermadi. Chunki bu
xabarning siri xushbichim qizga va Qilichga noma’lum, videobar og‘asiga esa oyday
ravshan edi. «Xo‘jayin kelolmaydilar» deb qo‘ng‘iroq qilindimi, demak, Asadbek yarim
soatlardan keyin paydo bo‘ladi. Hozir ichkari xonaga o‘rnatilgan to‘rttala telefon ham
jiringlab shunday xabar eshitilgan. Asadbek, ko‘ngli notinch mahallarda ana shunday
nayrang ishlatib turardi. Birontasi izimga tushsa, poylab turgan bo‘lsa chalg‘iydi, deb shu
usulni qo‘llaydi. Bu nayrang faqat eng ishonchli odamlargagina ma’lum. Asadbekning
belgilangan joyga, belgilangan soatda kelmasligi, yo yarim soat avval, yo keyin paydo
bo‘lishi ham unga ayon.
Videobar og‘asi beparvo bo‘lgani uchun Qilich ham noiloj multfilmga tikilib o‘tiraverdi.
Yarim soatda yuragi siqilib, joni halqumiga keldi. Oxiri chiday olmadi:
— Men ketaveraymi? — deb so‘radi.
— Okaxon, o‘tiribmiza-de chaqchaqlashi-ib... Choydan oling. Bugun oddix bo‘lsa,
shoshib qayoqqayam borasiz. Hozir Sherni qo‘yib beraman. Bir mazza qiling, — u
shunday deb xushbichim qizga qaradi. Teleekran pirpirab o‘chdi. Dam o‘tmay pirpirab
yorishib, torini qo‘ltiqlab olib qo‘shiq aytayotgan Sherali ko‘rindi. Sherali uchinchi
ashulani aytayotganda Asadbek keldi. Salomga alik oldiyu hol-ahvol so‘rashmasdan,
indamay o‘tib ketdi. Videobar egasi Qilichga «Okaxon, ahvolingiz chatoq, xo‘jayinning
fe’li aynigan», deganday qarab qo‘ydi. Qilich befahm odamlardan emas, Asadbekning
rangi-ro‘yiga qarab, ahvoli yomonligini o‘zi ham bildi.
Asadbek keng xonaga kirib a’yonlari bilan salom-
lashgach, o‘rtada turib atrofga sinchiklab qaradi. U ichmas ham, chekmas ham edi.
Shundanmi, dimog‘i har qanday isni ilg‘ab, ajrata olardi. Haydar ham, Mahmud ham
yarim soatdan mo‘lroq vaqt shu xonada o‘tirib hech nimani sezishmagan edi. Asadbek
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |