www.ziyouz.com kutubxonasi
39
xonani ko‘zdan kechirgach:
— Bo‘tqa! — deb baqirdi.
Bo‘tqa — videobar egasi Kenjaning laqabi. U Asadbek kirib ketgach, joyiga borib
o‘tirmay, eshik og‘zida turgan edi. Xo‘jayinning qahrli ovozini eshitgach, shoshilib kirdi.
— Labbay, okaxon, — dedi qo‘l qovushtirib.
Asadbek hech narsa demay teskari shapaloq tortib yubordi. Og‘iz-burni aralash tushgan
kutilmagan zarbdan Bo‘tqa muvozanatini yo‘qotib yiqilay dedi. Bir urishda odamning
jonini sug‘urib oladigan bu yigit gavdasini rostlab, «xo‘jayin, yana uring, mazza qildim»
deganday qo‘l qovushtirib, boshini egdi.
— Shu yerni ham harom qildingmi, hayvon! — dedi Asadbek unga qaramay. Bo‘tqa
xo‘jayin tikilib turgan nuqtaga qarab, joni chiqib ketguday bo‘ldi. Kechasi maishat qilib,
xonama-xona izg‘ishganda gangib bu xonaga ham kirgan, chordona qurib o‘tirib,
yalang‘och qizlarni o‘ynatgan edi. Xonaga kirganida qo‘lida piyola bor edi. Konyakni ichib
bo‘shagan piyolani stol tagiga qo‘yganicha unutgan ekan. Xo‘jayin kira solib, shuni ham
ko‘ribdi. Bo‘tqa shoshilib piyolani oldi-da, chiqib ketdi.
Asadbek o‘z o‘rniga o‘tmay divanga, Chuvrindining yoniga o‘tirdi.
— Bularni bichib qo‘yishim qoldi, — dedi o‘ziga o‘zi gapirganday.
Haydar ham, Mahmud ham Asadbekning qizi topilganini, uyga qay holda kirib kelganini
bilardi. Lekin «qizingiz topilibdi, endi nima qilamiz», deb so‘rashmadi. Uzoq yillar birga
bo‘lib, Asadbekning ko‘ziga qaraboq niyatini fahmlab oluvchi bu a’yonlar shu vaqt
mobaynida sabrga ham o‘rgangan edilar. Ular Asadbekdan oldin gap boshlamasdilar.
— Anavi to‘nkani nima qilamiz? — dedi Asadbek, jahldan tushib.
Gap vino zavodi boshqoni Qilich Sulaymonov xususida edi.
— O‘tgan kuni Xosilboyvachcha bilan uchrashgan, — dedi Kesakpolvon.
— Besh kun avval ham uchrashgan edi, — deb eslatdi Chuvrindi.
— Topgan odamini qara, — dedi Asadbek...
— Tinchitib qo‘ya qolish kerak, — dedi Kesakpolvon.
Asadbek Chuvrindiga qaradi. Agar u «ha» deb qo‘ysa, masala ancha oydinlashardi.
Asadbek boshqa fikrda edi, Chuvrindidan shu fikrini qo‘llovchi, hech bo‘lmasa yaqin
keluvchi gap kutdi.
— O‘zi pishirgan sho‘rvani o‘zi ichsin, — dedi Chuvrindi. Bu gapdan Asadbek ko‘ngliga
ravshanlik kirdi.
— To‘g‘ri, chaqir uni, — dedi.
Uchovlon yig‘ilib, yonlarida boshqa odam bo‘lmasa, dastyorlik vazifasi Chuvrindiga
yuklanar edi. Hozir ham bu buyruqni malol olmay o‘rnidan turdi. Uning eshikni ochib
ko‘rinish berishiyoq Qilichga vahm sochdi. «Taqdirimni birpasda hal qilishdimi?» degan
xavotir bilan katta xonaga kirdi. Hozir u zavod boshqoni, shaharning manaman degan
boyiga o‘xshamas, balki bir to‘p och mushuklarga ro‘para bo‘lgan bechora sichqon
ahvolida edi. «Puling bo‘lsa, changalda sho‘rva» deyishadi. Puli ko‘p odam balki
sho‘rvani chindan ham changalida ushlab turishi mumkindir. Ammo o‘z jonini ushlab
qola olarmikin? Har kuni o‘nlab odamlarning ta’zimiga bepisand qarovchi Qilich, «senga
rahbarman» deb po‘pisa qiluvchilarning ovozini besh-o‘n so‘m pul bilan o‘chirib qo‘ya
oluvchi boshqon ishtonini bexos xo‘l qilib qo‘ygan boladek shalvirab qoldi.
Asadbek xonaga ikki qadam qo‘yib, to‘xtab qolgan boshqonga tikildi. Chetdan qaragan
kishiga Qilich ham, Asadbek ham qotib qolgan haykalday tuyulishi mumkin edi. Faqat
Qilichbek ko‘zlarini pirpiratib haykal emas, tirik jon ekanidan dalolat berib turar edi.
Asadbekning nigohi ilon avrovchisiniki singari o‘tkir edi. Shunday tikilganda hatto Haydar
bilan Mahmud ham ba’zan kalovlanib qolishardi. Mana shu nigohning o‘zi yuz darra
tushirishdan afzalroq edi. Chunki bunday qarashning oqibati dahshatliroq hukm bilan
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |