www.ziyouz.com kutubxonasi
41
Bu gapdan keyin oraga sukut cho‘kdi. Qilichning ko‘z oldiga miyig‘ida kulimsirab turgan
Hosilboyvachcha keldi. Asadbekning qanotida yurgan odamdan bunday gapni eshitish
Hosilboyvachcha uchun tushunarsiz, zavod boshqoni chin dildan aytyaptimi yo ig‘vo
boshlayaptimi — unga qorong‘i edi. Shahardagi ikki qo‘chqorning biri Hosilboyvachcha
sanalsa-da, kuch Asadbek tomonda ekani barchaga ma’lum edi. Ikki qo‘chqor ko‘prik
ustida uchrashsa, birining qulashi tayin. Bu haqiqat har ikkisiga oydin bo‘lgani uchun
kalla qo‘yishga shoshilishmaydi. Ikki qo‘chqor orasida kelishuv borligi juda oz odamga
ma’lum. Qilich nodonlik qilganini, bularning tili bir ekanini anglab yetdi. Endi
magnitofondan chiqayotgan ovozlar uning qulog‘iga kirmadi. Xayoliga asta-sekin
o‘rmalab kirib portlagan, «O‘ldiradi!» degan vahimali fikr tanasidagi jonni quvib
chiqarganday edi. Kesakpolvon g‘azabdan jo‘shib, sapchib turib tumshug‘iga musht
tushirdi-yu, uning tanasiga jon qaytdi. Yiqilib yotgan yerida avval dumbasidan so‘ng
belidan bir-ikki tepki yegach, xayoli yanada ravshanlashdi.
Chuvrindi Kesakpolvonni qo‘lidan ushlab ajratib qo‘ygach, Qilich o‘rnidan turdi.
Cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, burnidan oqayotgan qonni artdi. «Endi o‘ldirishadi.
Meni bu yerga ajal haydab kelgan ekan,— deb o‘yladi u. — Bitta boshga bitta o‘lim.
O‘zim ahmoqman. Bularning baribir go‘r ekaniga aqlim yetmabdi. O‘zimni o‘ldirishsa
mayli, bolalarimga tegishmasa bo‘lgani...» U o‘lim oldida so‘nggi gapimni aytib olay,
degan maqsadda «Bolalarim...» deb so‘z boshlamoqchi edi, g‘o‘diranishdan nariga
o‘tmadi. Kesakpolvonning bir zarbidan singan tilla tishlari gapirtirmadi.
— Senga ijozat, — dedi Asadbek, yumshoq ohangga o‘tib. — Aytilgan ishni qil.
Sharifning o‘rnini sovutma.
Qilich «xato eshitmadimmi?» degan ajablanish bilan Asadbekka boqdi. Asadbek
yumshoqroq ohangda gapirgan bo‘lsa-da, qarashi o‘sha-o‘sha o‘tkir, sovuq edi.
«Sharifning o‘rnini sovutma, deb nimani nazarda tutdi? Vazifasiga tiklab qo‘y, dedimi yo
qamoqdagi o‘rnini sovutma, demoqchimi?» Qilich singan tishlarini ro‘molchasiga tupurib,
shu muammoni oydinlashtirish maqsadida so‘radi:
— Joyida ishlayversinmi?
— Qaerda ishlashini bizga qo‘yib ber. Sen uning o‘rnini sovutma.
«Demak, qamoqdagi o‘rnini... Bir jihatdan shu durust. Bulardan bir-ikki yil nari
yashaysan...» Qilich jonini qaytarib bergan hotamtoy akalariga ta’zim qildi. Ta’zimga
javob bo‘lmagach, chiqib ketishi lozimligini uqdi. Tislanib yurib eshikka yaqinlashdi.
— Bir umr qulingiz bo‘lmasam, kalomullo ursin, ko‘zim ochildi, aka!
Bu gapdan ular quvonib ham ketishmadi, ajablanishmadi ham.
Qilich quvonib ketganidan yoki mehri tovlanganidan ichmadi bu qasamni. Uning nazarida
qirqqa kirib, lahadga tushib chirib yotgandan ko‘ra qolgan yigirma yilmi, o‘ttiz yilmi,
umrini yorug‘ olamda, qullikda o‘tkazgani ma’qul edi. Yer yuzidagi odamlar turfa xil umid
bilan umr o‘tkazadilar. Birovlar Vatan uchun jonni tikadilar, ba’zilar din pokligi, yana
ayrimlar fan rivoji uchun... Qilichlar alohida toifaga mansub — ular shirin jonlari uchun
Vatanni ham, dinni ham... tikib yuboradilar. Shunday ekan, joni foydaga qolgan damda
bitta qasam ichib yuborsa, osmon uzilib yerga tushibdimi?
3
— Bekorga qo‘yib yubording. Tinchitish kerak edi, — dedi Haydar, barmoqlarini qisirlatib.
Uning odatini bilmagan kishi hozir musht urganda panjalari chiqib ketgan ekan, endi
joyiga solyapti, deb o‘ylashi mumkin. Barmoqlarini qisirlatish — asabiylashayotganidan
darak. Asadbek uch narsaga toqat qilolmaydi: laganga qoshiq yoki sanchqi tegib
taraqlasa, yonidagi odam ovqatni chapillatib yesa, barmoqlar qisirlasa g‘ashi kelib
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |