www.ziyouz.com kutubxonasi
43
Mahmud Haydarga nisbatan ziyrak, mulohazali edi. Asadbek atrofidagilar ularni bir odam
tanasi a’zolari, ya’ni Haydar— qo‘l-oyoq, Mahmud — bosh, Asadbekni esa yurakka qiyos
qilar edilar. Asadbekdan marhamat istaganlar avval Mahmudga uchrashishni ma’qul
ko‘radilar. Uning laqabi «Chuvrindi» bo‘lgani bilan aqlan boy edi. Ko‘p yillar muqaddam
bekatda xarob holda tentirab yurganida Asadbekka emas, biron ilm egasining nazariga
tushganida katta olim bo‘lib ketishi shubhasiz edi. Bandaning emas, Yaratganning amri
vojib bo‘ladi, deganlaridek, mana hozir Mahmud Fanlar akademiyasida emas, qasrga
aylantirilgan yerto‘lada Asadbek bilan yuzma-yuz o‘tiribdi. Olimlar tungi ziyofatdan hali
o‘zlariga kelganlaricha yo‘q, u esa tiniq aqli bilan tetik o‘tiribdi. Asadbek yuragidagi
zardobni yashirishga qanchalik urinmasin, Mahmud uning vujudida uyg‘ongan g‘alayon
o‘tini allaqachon sezgan. Bu zardob, bu g‘alayon faqatgina qizining taqdiriga bog‘liq
emasligini ham fahmladi. U Asadbekning bir oz jim qolganidan foydalanib, o‘rnidan
turdi-da, eshikni ochib qarab qo‘ydi. Bo‘tqaga shu qarashning o‘zi kifoya qildi. Zum
o‘tmay patnis ko‘tarib kirib, piyolalardagi qahvalarni ta’zim bilan bir-bir uzatdi.
Asadbek piyolani oldi-yu, qahvani ichmadi. Bo‘tqa chiqib ketgach, Mahmudga yuzlandi:
— O‘g‘ling nechchiga kirdi?
— Yigirma ikkiga.
— Kichik o‘g‘lim yigirma oltiga qarab ketyapti, — Asadbek shunday deb ma’yus tortdi. —
Topgan-tutganlarimiz nevara-chevaralarimizga ham yetib ortadi. Bizga yana nima
kerak?
Mahmud javob bermadi. Haydar esa ajablanib, qo‘lidagi piyolani yumshoq kursining
yonsuyanchig‘iga qo‘ydi.
— Bek, tinchlikmi o‘zi, senga nima bo‘ldi?
— Mengami? — Asadbek ma’yus jilmaydi. — Menga hech nima bo‘lmadi. Lekin...
osoyishta hayotimiz tugaganga o‘xshaydi.
Asadbek salkam qirq yillik bezovtalikni, kurashni, tahlikali yillarni, jon talvasasida
yurishlarni osoyishta hayot, degan ekan, bu osoyishtalik tugagan bo‘lsa nimalar yuz
berishi mumkinligini tasavvur etib ko‘ring.
— Biz urushga kirayotganga o‘xshaymiz, — dedi Asadbek o‘sha siniq ohangda. — Bizga
urush ochganlar — mayda to‘da. Mayda to‘da uyushganroq bo‘ladi. Ular bizga urush
ochganlarini ma’lum qildilar. — Asadbek qizi voqeasini nazarda tutgan edi, a’yonlar buni
tushundilar. — Lekin men urushni istamayman. Men ularning maqsadini bilishim kerak.
Dardi boylik bo‘lsa, beraman. Shaharga hokimlikni istasa — olsin. Agar maqsadi yolg‘iz
o‘ch olish bo‘lsa, noilojmiz, urushamiz. Ammo bu so‘nggi urush bo‘ladi. Endi men
vinzavoddagi tentak olim bolaga jon kuydirayotganimning sababini senlarga aytib
qo‘yay. Biz bu zavodni davlatdan sotib olishimiz kerak. Bu olim bola bizga shunda
asqotadi. Chet elning nazariga tushgan olimni qo‘ldan chiqarsak, o‘taketgan ahmoq
bo‘lamiz. Shu bola orqali Portugaliya bilan aloqa bog‘laymiz. Zavoddan olayotgan sariq
chaqalarimiz oltinga aylanishi kerak.
Bu gap Mahmud uchun yangilik emas edi. Korxonalar ijaraga berila boshlaganida
Asadbek bir necha yigitlariga taksi mashinalar olib berdi, ammo kattaroq ishga qo‘l
urmadi. U kutgan payt endi keldi: korxonalarni sotib olish fursati yetdi. Buning uchun
zavod xarob holga kelishi, so‘ng sotib olinishi zarur. Korxonani xarob holga olib kelish
qiyin ish emas. Biroq uni dunyo bilan tillasha oladigan darajaga yetkazish qiyin. Buning
uchun aql kerak. Aqlni Asadbek Sharifda ko‘rgan, uni bosh muhandislikka tayin etishda
ana shu maqsadni ko‘zlagan edi.
Asosan ijrochilikka ko‘nikib qolgan Kesakpolvon Asadbekning shu ishlariga ko‘pam
tushunmas, shu ishdan bir gap chiqar, deb, uncha aralashmas ham edi. Mana hozir «bir
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |