www.ziyouz.com kutubxonasi
28
Zohid o‘zini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni
qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi?
Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng
shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda
mashshoqlarga uch so‘m berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni
istagan muddatga qamatish cho‘t bo‘lmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular
«ovora bo‘lma, qo‘lingdan kelmaydi. Sen uch so‘mlik restoran mashshoqisan»,
deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni o‘tkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret
so‘rab olib tutatdi. Boshliq stolni nog‘oraday chertib, javob kutardi.
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo
bu yerda emas, shahar turmasida o‘tira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-to‘rt kun
qamoqda o‘tirsa, ancha o‘ziga kelib qoladi.
«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:
— Guvohlarni... majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.
— U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.
Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.
— Guvohlar soxtaga o‘xshaydi, — dedi Hamdam boshlig‘iga. Keyin Zohidga yuzlandi. —
Menga qara, prokuror, mijg‘ovlik qilmay to‘g‘risini aytib qo‘ya qolmaysanmi, —u yana
boshlig‘iga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga o‘xshaydi. Fe’lini
bilasiz-ku?
Mirsultonov yana stolni chertdi.
— Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Fe’lini bilaman, bu o‘jarning. Avval
gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qo‘rqadi, derdi. Endi amalidan
ko‘rqadigan boshlig‘i boshqa, — u boshini ko‘tarib Zohidga qaradi. — Bukirni go‘r
to‘g‘irlarkan. Sen ko‘zingni ochib yur. Bukir bo‘lsang ham shu yorug‘ dunyoda yuraver. U
yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan bo‘ldi.
— Bir tajang uyg‘ur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam
ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski
paxsa devor yorig‘ida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta cho‘p olib arining
inini obdan kavlabdi, ari rosa to‘zigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi,
odash!» degan ekan.
Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay,
jiddiy turib aytdi.
— Sen o‘sha «Choqsunla»ga o‘xshaysan. Lekin sen arining emas, naq o‘limning uyasini
kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan bo‘lsa ham qadamingni o‘ylab bos. Bola-
chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qo‘rqoq
deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan
yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon
shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni
kushxonaga boshlaydi. O‘zi qo‘ng‘iroqli serka singari o‘tib ketadi. Pichoqqa senga
o‘xshagan laqmalar duch keladi.
Zohid sobiq boshlig‘ining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida
gap talashguday bo‘lsa, boshliq qo‘rs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi
muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi.
Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir
odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshlig‘iga «ha» ham, «yo‘q» ham
demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni ko‘p aytardi. O‘zingni
o‘qqa-cho‘qqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq-
chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |