www.ziyouz.com kutubxonasi
24
Deraza yonidagi kursida yosh juvon boshini ushlab o‘tiribdi. Yig‘layverib shishib ketgan.
Xona to‘rida — divan. Divanda bir yigit behush yotibdi. Qidiruvchilar boshlig‘i —
Hamdam Tolipov axborot berdi.
— Uy egasi Sharif Namozov — anavi yotgan yigit, vino zavodida bosh muhandis ekan.
Bir xalta portfelidan chiqdi. Qolganlari narigi xonada. Tajribaxonasi emish.
— O‘zi mastmi?
— G‘irt mast. Bilagida igna izi bor. Hozir qon olishdi, natijasini aytib qolishadi. Anavi ayol
xotini ekan. Hech nimani bilmayman, deydi.
— Iziga qanday tushdinglar?
— Ikkita giyohvand yigitni tutuvdik. Qaerdan oldilaring, desak, shu yerni aytishdi.
— Osongina aytishdimi yo qiynadinglarmi?
Hamdam «meni bilasan-ku», deganday kulimsirab qo‘ydi. Zohid bo‘sh stulni olib,
ayolning ro‘parasiga o‘tirdi-da, o‘zini tanishtirdi.
— Ismingiz nima?
— Nasiba, — juvon shunday deb unga najot ko‘zi bilan tikildi.
— Eringiz nima ish qiladilar?
— Vino zavodida ishlaydilar. Ikki oygina bo‘ldi, ko‘tarishuvdi. Portugaliyaliklar bu
kishining ishlarini sotib olishgandan keyin odamlarning o‘zlari saylab qo‘yishdi.
Ko‘nmasalar ham zo‘rlashdi. Boshliq bo‘lishga sirayam toqatlari yo‘q edi.
— Portugaliyaliklar qanaqa ishni sotib olishdi?
— Musallas qilishning yangi usulini topganlar. Besh yildan beri sarson edilar.
O‘zimiznikilar hech o‘tkazishmadi. Ular qayoqdandir eshitib qolishib, atay kelib tekshirib
ko‘rishdi.
— Eringiz ko‘p icharmidilar?
— Yo‘-o‘q, bunaqa ichmasdilar. Sinash uchun bir ho‘plam-bir ho‘plam ichardilar, xolos.
Bunaqa ahvolda hech ko‘rmaganman. O‘zim ham qo‘rqib ketdim.
— Soat nechada kelgan edilar?
— O‘n ikkilarda. Bunaqa kech yurmasdilar. To‘yga borsalar ham vaqtli qaytardilar.
— O‘zlari yurib keldilarmi?
— Bilmadim, — Nasiba o‘ylandi. — Mashinada keldilar shekilli. Ha, avval mashina
to‘xtadi. Keyin qo‘ng‘iroq chalindi. Chiqsam, devorga suyanib o‘tiribdilar. Uyga zo‘rg‘a
olib kirdim.
— Bular qaerdan keldi? — dedi Zohid stol ustidagi xaltachalarni ko‘rsatib.
— Bilmadim... Bular kelishdi. Uyni tintishdi. Men anqayib turaverdim.
Zohid o‘rnidan turib, dahlizda chekayotgan Hamdamga yaqinlashdi.
— Tintuvga ruxsatnomangiz bor edimi? — dedi.
Hamdam kulib qo‘ydi.
— Ruxsatnoma olguncha bular kutib o‘tirishmaydi. Tintib, topib qo‘yibmiz-ku?
Zohid uning ish uslubini bilardi: Hamdam hamisha shoshilib ishlardi. Ba’zan qonun-
qoidalarga rioya ham qilmas edi. Javobdan bo‘yin tovlayotgan jinoyatchining qorniga
bexos musht tushirib qolishni yaxshi ko‘rardi. Musht yegan odam bukchayib,
ixranayotganida u xotirjam sigaret tutatardi. Zohidga uning bunday usulllari yoqmas edi.
Lekin halolligi, jinoyatchiga beshafqat bo‘lgani uchun uni hurmat qilardi.
— Giyohvandlarning surati bormi?
Hamdam ko‘krak cho‘ntagidan beshta surat chiqarib, ikkitasini ajratdi:
— Mana bular. Ko‘rsatdim, tanimadi.
— Bu yerga qachon kelishgan ekan?
— Uch kun oldin.
Zohid suratni olib, iziga qaytdi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |