www.ziyouz.com kutubxonasi
33
— Tur, — dedi sovuq ohangda. Sharif turdi. — Qo‘lingni orqaga qil.
Sharif itoat etib, buyruqni bajardi.
«Joyingizga borib, o‘ylang» emish, — deb fikr qildi u, qamoqxonaning uzun dahlizidan
borar
ekan. — Endi bu yer mening joyim bo‘lib qoldimi? Mening joyim... Yomon emas.
Lahadga nisbatan shu yer tuzuk. Bolalarim omon bo‘lsa bas. «Katta miqdorda qoradori
topildi», deydi. Katta miqdori qancha? O‘n ming so‘mlikmi? Yo ko‘proqmi? Shuncha
qoradorini uyimga tashlab qo‘ygan bo‘lsa, bu tergovchilariga ham sarf-xarajat
qilishgandir? Agar bu bolaga ham besh-o‘n ming so‘m berilgan bo‘lsa, umumiy
hisobda... narxim chakki emas ekan-da? O‘n besh, yigirma ming so‘mlik odam
ekanman-da? Ba’zi birovlarni sariq chaqaga ham olishmaydi. Menga shuncha pul
sarflashibdi. Boyvachchalar birovni qamoqdan chiqarish uchun pul sochishardi. Menga
kelganda qamoqqa tiqish uchun sarflashdi. O‘n besh, yigirma ming ularga pulmi? Bir
kunda chiqarib olishadi. Men ularga yoqmay qolgan ekanman, shuncha ovora bo‘lib,
nayrang ishlatib, pul ketkazib yurmay, shartta o‘ldirib yubora qolishsa yaxshi emasmidi?
Yo o‘ldirish qimmatroq tusharmidi? Be, uch-to‘rt yuz so‘m bilan tinchitishardi. Bitta
alkashni yoki giyohvandni ishga solishsa tamom-da. Lekin qon to‘kkilari kelmabdi.
Nimaga? Insof qilishdimi? Insofni qayoqdan olishdi? Yo qo‘rqishdimi? Kelib-kelib mendan
qo‘rqishadimi? Yo mening burnimni yerga ishqab, mulla qilishmoqchi bo‘lishdimi?
«Mulla» bo‘lgan taqdirimda ular nima naf ko‘rishadi? Baribir endi o‘sha zavodga qaytib
bormayman-ku?»
— To‘xta, devorga yuzlanib tur.
To shu buyruq yangraguncha, kamera eshigi taraqlab ochilguncha mana shu xayollar
Sharifga hamroh bo‘ldi.
4
Zohid mahbus chiqib ketganidan keyin ham bir necha fursat o‘rnidan qo‘zg‘almadi.
Prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv inspektorining ishida katta farq borligini
mana shu birinchi qadamidayoq aniq his qildi. Uning nazarida prokuraturadagi ish
osonroq tuyulardi. Prokuratura xodimlari uning ko‘ziga loqayd to‘ralar sifatida ko‘rinardi.
Uning avvalgi ishi jinoyat iziga tushish, jinoyatchini ushlashdan iborat edi. Qolganini
jinoyatning katta-kichigiga qarab yo shahar, yo depara prokuraturasiga o‘tkazilardi.
Tergovchilar savol-javob qilib ishni sudga oshirishardi. Endi esa sobiq hamkasbi —
jinoyat qidiruv inspektori ushlab bergan jinoyatchining taqdiri uning qo‘lida. Birinchi
jinoyatchi — olim. Yaqindagina olimlik shohsupasi tomon dadil borayotgan, akasi
o‘limidan so‘ng shartta burilib, boshqa yo‘lga o‘tgan, dam-badam olimlik ko‘chalarida
xayolan sarsari kezuvchi yigit yangi ishda ilm odamiga yo‘liqib tursa! Taqdir uni
sinamoqchimi?
Zohid yuragi siqilib, daftarga formulalarni beixtiyor yoza boshladi. Uning odati shu —
yuragi siqilsa, kalavaning uchini yo‘qotib, garang bo‘lsa, beixtiyor ravishda formulalar
yozib, yechib chiqara boshlardi. Yod bo‘lib ketgan Eynshteyn nazariyalari yoki hisob
olamining yechimi mushkul raqamlari daftar sahifalarini to‘ldirardi.
U huquq sohasiga buyuk umid bilan o‘tgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir
dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni to‘ygan, ovqat
bo‘lmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga
kelib, kalta bo‘lib qolgunicha yangisini ko‘rmay o‘sgan bola podsholik taxtini talab
qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sig‘inib yashagan, rais buva marhamat etgan
damda maktabda o‘qib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |