Kutubxonachi.uz
96
— Qayoqqa ketdingiz? Sizga nima bo‘ldi, — qichqirdi Uolter Shermet. Shu paytda u yana paydo bo‘ldi,
bu safar uning qo‘lida kosmonavtlarning skafandri bor edi.
Zalda bir zum ovozlar tindi. Hamma hang-mang bo‘lib qoldi. Filofey esa indamasdan skafandrni kiya
boshladi. Entoni Yunger bu jimlik paytidan foydalandi. U o‘rnidan turib, zalga murojaat qila boshladi:
— Mening so‘zlarimga quloq solishlaringizni so‘rayman, chunki men telealoqani o‘rnatuvchilarning
biriman. Shu munosabat bilan mening ham o‘z burchlarim va huquqlarim bor. Birinchi navbatda Uolter
Shermetga aytmoqchimanki, matbuot konferentsiyasini davom ettirishni menga bersangiz. Siz
aytadiganingizni aytib oldingiz, Uolter Shermet. Zalda bo‘layotgan voqea, afsuski, jurnalistlarning kasbiy
uchrashuvlariga mutlaqo o‘xshamaydi. Matbuot konferentsiyasida savol-javob degan narsalar bo‘lardi.
Hozircha shu kasbga oid savollar quloqqa chalinmadi. Hissiyot mantiqni bosib ketdi. Men matbuot
konferentsiyalarida ko‘p bo‘lganman, lekin bunaqasini ko‘rmaganman. Hatto Fors qo‘ltig‘ida yaqinda
bo‘lgan urush paytida ham xilma-xil savollar turli mavzularni ifoda etgan edi. Hozir esa hamma jo‘r
bo‘lib ashula aytayotganga o‘xshaydi. Va hamma bir bo‘lib bir hukm chiqarishayotir.
— Ruxsat eting, Entoni Yunger, — bardosh bera olmadi Uolter Shermet, — unday bo‘lsa nega endi
siz butun zaldagilarga, zaldagilargagina emas, balki butun dunyoga o‘z fikringizni o‘tkazmoqchi bo‘lasiz.
Nima uchun ayni vaqtda uchrashuvning boshqa ishtirokchilarini o‘z nuqtai nazarini bayon etish
huquqidan mahrum qilasiz?!
— Muhtaram Uolter Shermet, men tushunib turibman, hozir vaziyat shundayki, ko‘z ochib
yumguncha katta bir siyosiy kapital jamg‘arish, televidenie orqali xalq ommasiga o‘zining sodiq ekanini
izhor qilish, jamiyatning himoyachisi bo‘lib chiqish mumkin, shunday emasmi? Lekin bu bilan haqiqat
yuzaga chiqmaydi. Vaziyat boshqa. Shuning uchun hali kech emas ekan, siyosatdan, uning
vasvasalaridan voz kechishga, agar qo‘limizdan kelsa, sevikli siyosatimizdan, uning har qanday
shaklidan uzoqroq yurishga chaqiraman, aks holda biz muammoning tub mohiyatiga yetib bora
olmaymiz. Haqiqatga yetish jasorat va amaliylikni talab qiladi.
— Xo‘sh, sizning haqiqatingiz va jasoratingiz nimada? – zaldan kimdir qichqirdi.
Uolter Shermet qanoat hosil qilganday kallasini qimirlatdi va boshqalarning g‘ashiga tegadigan bir
tarzda jilmayib qo‘ydi. Zal sergak tortib, jimib qoldi.
— Jasoratga kelganda, — dedi Entoni Yunger jimlikdan foydalanib dona-dona so‘zlar ekan, — bu
haqda men gapirmay, chunki o‘zimni jasoratli deb hisoblayman. Ishga kelaylik. Mana bizning ko‘z
o‘ngimizda ekranda buyuk ilmiy kashfiyot, aytgan bo‘lur edimki, tarixda mislsiz kashfiyot qilgan kishi
turibdi. Bu kashfiyot bizga yoqadimi yo‘qmi – bu boshqa masala. Buni fan deydilar. Birodarimiz Filofey
– u men uchun ota, ota Filofey – kassandra-embrionlarning insoniyat uchun ahamiyatini tushunish
yo‘lida bizning ko‘zimizni ochishga harakat qilmoqda. Bugun olomon qo‘lidan vafot etgan bizning yana
bir mashhur zamondoshimiz futurolog Robert Bork Filofey kashfiyotini Insoniyat ruhiyati tadrijiy
taraqqiyotida yangi qadam deb baholagan edi. U bu haqda matbuotda yozdi. Bu esa uning oxirgi so‘zi,
vasiyati bo‘lib qoldi. Men bu haqdagi fikrimni yangi bir baho, yangi bir xulosa deyishdan yiroqman, lekin
aytadigan gapim shuki, o‘zimizning o‘tkinchi manfaatlarimiz yo‘lida kassandraembrionlar muammosini
inkor etishimiz insofdan emas. Gap ana shu haqda borayotir. Hozir ham o‘zo‘zimizga va ma’lum
sabablarga ko‘ra Filofey otaning o‘zlariga savol beraylik. Endilikda hamma biladigan o‘sha kassandra-
embrionlar shaxsi oldida inson bundan buyon nima qilishi kerak?
— Mister Yunger, — dedi o‘tirgan ayollardan biri, — kechirasiz-u, masalani qo‘yishga siz juda faol
chiqib qolmadingizmi? Gap qanday shaxs, xususan embrional shaxs haqida ketayotir, siz professional
savollar kutmoqdasiz. Marhamat qilib javob bering-chi, hammaning o‘takasini yorib ilojsiz-umidsiz bir
ahvolga solishda davom etayotganingiz million-million gazetxonlar hamda teletomoshabinlar uchun,
matbuot uchun lo‘nda qilib aniq qilib javob bering-chi biron jon iltimos qilmagan holda siz Filofey
ikkalangiz nima uchun shu halokatli muammoni jamiyatning bo‘yniga osmoqchi bo‘layapsanlar?
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |