Kutubxonachi.uz
104
Lekin mening onamni o‘sha dahshatli sahar paytida bunday mudhish qilmishga nima majbur etdi
ekan? Koshkiydi bilsam! Mening otam kim edi? Buni onamning o‘zi bilganmikin? Shu kabi ko‘plab
savollar men uchun javobsiz, butun umrim bo‘yi jumboq bo‘lib qolaverdi.
Bolalar uyida bu haqda menga hech kim og‘iz ochmadi, o‘zim ham bunga harakat qilmadim. Ochig‘ini
aytsam, kimgadir yuragimni to‘kib solgim kelar edi. Lekin onamning o‘sha qorli qish kuni tongda meni
ko‘tarib borganini eslayman, xolos, boshqa hech vaqo yodimda qolmagan. Buning ustiga
chaqaloqligimda esimda qolgan voqealarni aytib berganim bilan hech kim ishonmas edi.
Ammo dunyoda nima uchundir mening so‘zlarimga quloq soladigan, aytganlarimni jon qulog‘i bilan
eshitadigan ayol bor edi. U Valeriya Valentinovna yoki xizmatdoshlari tili bilan aytganda Valya edi. Biz
bolalar ham uni Vava, Vava xola der edik. Bu so‘zda qandaydir iliqlik, qon-qardoshlik ma’nosi borday
edi. Tabiiyki, Vava xola bizning eng suyukli tarbiyachimiz edi.
Bizning 157-bolalar uyimiz Ruza shahrining chekkasida, Maleevka posyolkasining yonida Moskvadan
taxminan yuz chaqirim narida edi. Bolalar uyi nemis qo‘shinlari Moskva ostonasidan chekingandan so‘ng
oradan ko‘p o‘tmay front yaqinidan keltirilgan bolalar uchun yetimxona sifatida qurilgan edi. Vava o‘sha
paytda bu yerga yaqin – Ruza shahridagi o‘rmon-parkda joylashgan kompozitorlarning Ijodiyot uyida
ishlar edi. Aslida bu koshona sovet kompozitorlarini yetishtirib beradigan «parvarishxona» edi. Bu yerda
turli o‘lkalar va respublikalar kompozitorlari davlat ta’minotidagi parvarishxonada har biri shaxsiy
kottejda yashab asrning tantanali muzikasi – barcha zamonlarning eng buyuk dohiysi, xalqlarning otasi
o‘rtoq Stalinni sharaflaydigan kantatalar va xorallar ijod qilishar edi... Ba’zida bu yerga yuksak martabali
partiya arboblari qadam ranjida qilishib, etikchi o‘g‘lidan XX asr hokimiga aylangan ana shu zotga
bag‘ishlangan muzikaviy asarlarni birinchi bo‘lib eshitib ko‘rishar edi. O’qtin-o‘qtin bu yerda otaliq
kontsertlari ham uyushtirilar, bunday kontsertlarga biz – bolalar uyining tarbiyalanuvchilari ham kiritilar
edik. Vava xola ijodiyot uyining ma’muri edi, buning ustiga bu ayolning o‘zi binoyiday pianinochi ham
edi. Shu bois u urushdan keyin bizga muzika rahbari bo‘lib kelgan edi.
Qirq birinchi yilning kuzidan to qirq ikkinchi yilning bahoriga qadar Ruza shahri va uning atroflarida
nemislarning tank qo‘shinlari turgan edi. Bu voqeaga mening hech qanday daxlim yo‘q edi, albatta,
biroq men tug‘ilgan vaqt bilan tashlandiq bolalik taqdirim o‘rtasida qandaydir aloqa borga o‘xshaydi,
har holda Vava xolaning bu haqda o‘ylanib qolganlarini sezganman. O’smirligimda men bilan bo‘lgan
suhbatlarda bunga shama qilgan paytlari ham bor. Vava xola Ruza deyarli yarim yil davomida nemislar
qo‘lida ekanligida shu shaharda yashagan, ko‘p narsalarni biladi. Ikkalamiz muzika xonasida xoli
qolganimizda u menga nota o‘rgatar edi, ba’zan shunday ham bo‘lar ediki, suhbatimiz muzika
mashqlaridan yiroq-yiroqlarga ketar edi.
Vava! Vava! Qani endi keksa bo‘lsa ham yonimda senga o‘xshagan onam bo‘lsa edi, sen o‘z onamday
sirdosh, jondoshsan. Tasodifni qarang, hech qachon mening onam bo‘lmagan, Vavaning esa – bolalari.
Bu ayolning hayotida nega omadi kelmaganikin, uning bola-chaqali bo‘lishiga nima xalaqit berdiykin?
Ehtimol u so‘qqabosh bo‘lganidan yetim bolalarni joniday ko‘rar?
— Andryusha, — der edi u menga, — sen tashlandiq ekanligingdan ich-ichingdan zil ketasan, albatta.
Men sening ahvolingga tushunaman. Bu haqda o‘ylamaslik mumkin emas. Lekin bunday o‘yxayollardan
ne naf? Sen o‘zingga chetdan qarab boq. Butunlay o‘zgacha bir manzarani ko‘rasan. Men
yanglishmasam, Xudo senga, Andryusha, cho‘ng iste’dod ato qilgan. Xudo haqqi shunday! Mening
so‘zlarim bir kuni bo‘lmasa, bir kuni esingga tushar, sening boshing oltin, sen haddan ziyod qobiliyatli
bolasan. Hatto muzika sohasida ham sendan binoyidek navozanda chiqishi mumkin. Lekin kim bo‘lish
o‘zingning ixtiyoringda. Muzikani o‘zing uchun o‘rgansang bo‘ladi, odamlar uchun esa boshqa sohalarda
xizmat qilishing mumkin. Maktabni tugatib o‘qishni davom ettirasan, xohlaganingday hayot qurasan.
Sen uchun hamma yo‘llar ochiladi, Andryusha, bunday zehnu qobiliyating bilan hali uzoqqa borasan.
Senga xalaqit beradigan narsaning o‘zi yo‘q. Onangning kim ekanligini parvardigordan boshqa hech kim
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |