Kutubxonachi.uz
112
intilarding. Shunday bo‘lib chiqdiki, ulkan reja, kirdikor mo‘ljallangan, bu hech ham xomxayolik emas
ekan, sen shug‘ullanayotgan kori-amal endi xo‘jayinlarning erkatoyi bo‘lmish tadqiqotchining ilmiy
mashqlarigina emas edi. MKga kelganingdan keyin bunga amin bo‘lding.
Bu safar eshik oldida seni Konyuxanovning kotibi kutib oldi va maxsus liftda barcha nazorat
postlarining yonidan o‘tib, yettinchi qavatiga olib chiqdi. Konyuxanov seni kutib turgan edi. U eshikni
o‘zi ochib, seni kabinetiga taklif qildi.
— Andrey Andreevich, sizni ko‘rganimdan xursandman! – U ko‘zoynagini yaltiratib salomlashdi sen
bilan. Uning iltifotida soxtalik sezilmasdi. – Biz siz bilan tez-tez ko‘rishib ham turolmaymiz. Keling, biroz
gaplashaylik, yuragimizni bo‘shataylik. Sizni kutib o‘tiribman, buning uchun har kungi yumushlarni bir
chekkaga surib qo‘ydim, qurib ketsin bu ishlar! ha, siz haqsiz, har holda tez-tez muloqot qilib turgan
ma’qul, Andrey Andreevich. Lekin hammasiga vaqt kerak, vaqt, vaqt! Marhamat. — Va kotibani
ogohlantirdi: — Hech kim bezovta qilmasin. Men yo‘qman.
Bu pisanda uchrashuv favqulodda ahamiyatga ega ekanligini bildirar edi. Oqibatda xuddi shunday
bo‘lib ham chiqdi.
Konyuxanov o‘zini tuta bilar, suhbatdoshini o‘ziga rom qila olar edi. Odobli edi, andisha bilan quloq
solar, o‘ylab gapirar edi. Taomili bilan kiyingan edi: sipo kostyum, shu rangdagi galstuk, sifatli poyabzal.
Ovqatni ko‘p yemasa, suyuqni ko‘p ichmasa, qaddi-qomatiga ahamiyat bersa kerak. Favqulodda yaltiroq
ko‘zoynagi uning turmush lazzatlaridan voz kechgan kishilarnikiga o‘xshash cho‘zinchoq yuziga yarashib
tushgan edi. «Takaning soqolini yopishtirib qo‘ysa, Dzerjinskiyning o‘zi bo‘ladi-qoladi», deb o‘ylagansan
sen o‘shanda nima uchundir.
MKning bu kotibi haqida fikr yomon emas edi, aksincha, ko‘plar uni keng fikrlaydigan odam deb
hisoblardi. Siyosiy byuro a’zolari orasida u eng yoshlaridan biri edi. U ellikka yaqinlashib qolgan va eng
ishchan kotib deb tan olinar edi. Diplomatiya sohasida martabaga erishdi, bizlar uchun siyosiy jihatdan
ayricha ahamiyatli bo‘lgan mamlakatlarda bag‘oyat puxtalik bilan, aniq maqsadni ko‘zlab ish ko‘rardi.
Shimoliy Koreyada, Vetnamda, Kubada va Xitoyda maslahatchi, so‘ngra elchi bo‘ldi, uning xizmatlari
yuksak baholandi va o‘sha yerdan, o‘sha qaynoq chiziqdan mas’ul ishga ko‘tarishdi, shuni aytish kerakki,
umumiy fikrga qaraganda, juda munosib va odilona ish bo‘lgan. Keyinroq esa, xalqaro Olimpga – BMTga
Doimiy vakil bo‘lib jo‘nab ketishdan sal oldin – Konyuxanov birdan partiya organlariga, ularning oliy
pog‘onalariga ishga olindi va shundan buyon xalqaro kommunistik harakatlar sohasida barcha
mafkuraviy va tashqi siyosiy ishlarni boshqaradi.
Sen Konyuxanovni bilar eding va mana, kezi kelib uni boshqacharoq nuqtai nazardan ko‘ryapsan.
Umumiy gaplardan keyin, muddaoga ko‘chishdan oldin u qistirib qo‘ydi – Andrey Andreevich, gapni
uzoqroqdan boshlayman. Meni to‘g‘ri tushunsangiz kerak, demoqchimanki, insoniyatning tarixi bir
lahzada, aytaylik, kimningdir miyasiga qandaydir fikr yashin yanglig‘ kelib qolganda voqe bo‘ladi.
Ma’lumki, hayotda hamma narsa muayyan vaqtgacha tadrijiy rivojlanadi. Lekin ba’zan birdan, aytish
mumkinki, inqilobiy vaziyat paydo bo‘ladi, kolliziya ro‘y beradiki, qandaydir g‘oya chindan ham hamma
narsani birvarakayiga ag‘dar-to‘ntar qila oladi. Va hozir xuddi ana shunday paytdir. Faqat, xudo haqqi,
bu g‘oyaning muallifi kaminai kamtarin deb o‘ylamang. Men bu o‘rinda bor-yo‘g‘i galaga qo‘shilib
uchadigan qushday boshqalarga hamrohman, xolos.
— Unda men qanaqa qushman? — suhbatdoshning nima demoqchi ekanligini tushinib olishga
harakat qilib luqma tashlading sen o‘zingni tutolmay.
— Ozgina sabr qiling. Bu shunchaki, gapning xamirturishi, muqaddimasi, bo‘lmasa, ishning
mohiyatiga yaqinlashish amrimahol. Demak, muqaddimani davom ettiraman. Men nazarda tutgan narsa
– inqilobiy xarakterdagi tarixiy qadam. Unda Frantsiya inqilobining uchquni, bizning Oktyabr
inqilobimizning yolqini mujassam, men shunday deb bilaman. Bu tafakkurning mutlaq erkinligi, siyqasi
chiqqan zamonlar Aflotun nazarda tutgan fikrning o‘zginasidir: g‘oyaning moddaga ta’siri va moddaning
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |