Kutubxonachi.uz
120
— Sog‘ligingizni. Boshqa hech narsani emas.
— Yo‘q, hozircha yo‘q.
— Tayyorgarlik davri ko‘rsatmalarining hamma-hamma-siga qat’iy amal qilish kerak. Nima qilish
lozimligini senga aytishadi. Hamma narsa ko‘ngildagidek chiqsa, kelgusi haftaning boshlarida, seshanba
yoki chorshanba kuni implantatsiya qilishadi. Demak, biroz kutishga to‘g‘ri keladi.
— Men shoshilmayman. Bularning hammasi men uchun bir pul.
Uning qo‘rs javobidan hayratda qoldim. Munaqasi umuman uchramagan. Ko‘zoynaklik ayolga diqqat
bilan nigoh tashlab, stoldan turdim-da, yoniga keldim. U ham o‘rnidan turdi. Shunda men bunday qo‘pol
muomala qilmaslik kerakligini aytib qattiq ogohlantirdim:
— Agar sen shoshmayotgan bo‘lsang va buning senga bir pullik ahamiyati bo‘lmasa, huda-behuda
ishlarning nima keragi bor edi? Sen bu yerga qanday niyat bilan kelding, sen qaerga va nima uchun
borayotganingni bilarmiding?
— Bilardim. Bilganda qanday.
— Shundaymi? Juvon, men sendan so‘rayapman. Sen bu yerga nima maqsadda kelding?
— Nima maqsad bilan? Sizni ko‘rish uchun, professor va bularning hammasi bolalarning cho‘pchaklari
emas ekanligiga ishonch hosil qilish uchun.
— Bor-yo‘g‘i shuning uchunmi?
— Ishoning – bor-yo‘g‘i shuning uchun. Sizni ko‘rish uchun, butun haqiqatni yuzingizga aytish uchun.
— Ha, shunaqami?! — beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi. Shundan so‘ng men lo‘nda qilib uzil-kesil
gapirdim:
— Sen yozma tarzda rozilik berganmiding? —
Ha.
— Sen tushunasanmi-yo‘qmi — bu qiliq bilan tilxatni buzgan hisoblanasan va sening muddating yana
cho‘ziladi.
— Tushunaman.
— Shunday qilishing shartmi?
— Shart. Bu siz uchun zarur.
— Men uchun? Nima, biz sen bilan qandaydir muammoni hal qilayotirmizmi?
— Ha. Odamlar tabiat va Xudo aytganday urchishadimi yoki bu muammo shaytoni la’inning vasvasasi
bilan hal qilinadimi?
Men shiddat bilan devorga kelib urilganday jim qoldim. Shundan so‘ng g‘azabimni zo‘rg‘a tiyib, dedim:
— Bunga o‘zimning ham aqlim yetadi, xonim. Sen bilan vidolashishga to‘g‘ri keladi. Afsus, sen
muddatingni qisqartirolmaysan, aksincha yanada cho‘zar ekansan. Endi o‘zingdan ko‘r.
— Men aytadigan gaplarimni aytib oldim.
— Sen haddingdan oshmayapsanmi? Me’yor degan narsani bilasanmi o‘zi?
— Men mahkumaman, Andrey Andreevich, — u kutilmaganda menga rasmiy ohangda murojaat qildi
va har kuni boshqalardan yuz martalab eshitgan bu so‘zlar uning og‘zidan chiqqani g‘alati tuyuldi. —
Men mahkumaman, vassalom, — takrorladi u. — Nimaga buyoqqa kelayotganimni bilardim. Bu burchni
qo‘limdan kelganicha bajardim. Bu suhbat, ehtimol, sizda qandaydir his uyg‘otar, o‘ylab ko‘rishga
majbur qilar. Boshqa gapim yo‘q.
— Sen menga aql o‘rgatma! — g‘azabnok javob berdim, inkubalar bilan ishlashda ro‘y bergan bu
ko‘ngilsizlikning qachonlardir yuz berishi muqarrar ekanini yaxshi tushuna turib. — Sening o‘rningga
o‘nlarcha talabgorlar chiqadi!
— Eng dahshatlisi mana shu-da, — ta’kidladi u. — Buning uchun ham siz aybdorsiz, bu ham sizning
vijdoningizga havola. Boshdan-oyoq sizning vijdoningizga.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |