Kutubxonachi.uz
119
Yo tavba, nega sen tushuntirish mushkul bo‘lgan narsalarni tushuntirishga urinasan, so‘z bilan, yo‘q
deganda sening so‘zing bilan ifodalab bo‘lmaydigan narsalar haqida hikoya qilib berish uchun
qalbingning qa’riga nazar tashlaysan.
Axir sen o‘zingni o‘ta kuchli shaxs deb bilar eding, do‘ppi tor kelganda, zaruriy maqsad yo‘lida
o‘zingga o‘zingning kuching yetmas ekan, bu g‘alati bir holdir. Lekin bu safar sen o‘zligingni yenga
olmading... Boshqa dumli yulduzga kelib urilgan uchar yulduz yanglig‘ nima bilan to‘qnashishingni
bilmasding. Hammasi bir maromda borayotgan edi-ku.
Bu voqea keyingi yili bahor paytida bo‘lib o‘tdi – mahkuma-inkubalarning birinchi guruhiga embrionlar
implantatsiya qilingan va bu guruh tegishlicha tibbiy kuzatishdan o‘tkazilmoqda edi.
Bu ayolni o‘sha kuni boshqalar kabi “feldsher” hamrohligida tekshirish uchun olib kelishdi (biz
inkubalar soqchisini eskichasiga ana shunday atar edik). Assistent bilan hamshira uni mening huzurimga
kiritishgandan so‘ng uning dastlabki tibbiy ko‘rigi haqidagi ma’lumotlarni apil-tapil ko‘zdan kechirdim.
Hamma narsasi: umumiy jismoniy ko‘rsatkichlari ham, ginekologiyasi ham joyida ekan, meni faqat shu
narsa – mijozning homilani ko‘tarib yurish uchun yaroqliligi qiziqtirar, qolgan jihatlari maxsus
xizmatlarning ishi bo‘lib, bu haqda ular bosh qotirishlari kerak edi. Shu ma’noda ish yaxshi yo‘lga
qo‘yilgan, hech qanchay muammo yo‘q edi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi. Chunki
nomzodlarni turmalardagi malakali xodimlar tanlab olishgan, mahkumalarning ko‘zlangan maqsadga
loyiqligini sinchiklab tekshirishgan edi; homilani bo‘yida olib yurishga rozi bo‘lgan mahkumalar
hammasidanam jazo muddatini qisqartirishdek favqulodda imkoniyatni puchga chiqaradigan biron-bir
voqea ro‘y berib qolmasligidan ko‘proq manfaatdor edi: homilani oy-kuniga yetkazib tug‘ib berish bilan
bir necha yillik hibsdan ozod bo‘lish mumkin edi. Bunday narsa avvallari birontasining tushiga ham
kirmagan. Mahkumalarning bu yerga kelganlarida qo‘rqinch va umiddan titrab-qaltirab turishlari,
o‘zlarining dahshatli yo‘lda duch kelgan inoyatdan mahrum bo‘lib qolmaslikni falakdan iltijo qilishlari
ravshan edi. Tekshirishning oxirgi bosqichida sendan inkuba chiqmaydi deb yaroqsizlar qatoriga qo‘shib
qo‘yishlari hech gap emas edi. Ayollarning hayajonga tushishlari tabiiy edi.
Kabinetga boshlab kelingan yangi mahkumani eshik oldidagi kursida qoldirib ketishdi. Qisqa
salomalikdan so‘ng men hujjatlarni – mahkumaning shaxsiy nomeri va hibsxona indeksini yana ko‘zdan
kechirdim, familiyasiga yana bir bor qarab qo‘ydim-u, o‘sha zahotiyoq esdan chiqardim. Lopatina bo‘lsa
kerak. Familiyalar odatda esda turmaydi – yoki juda murakkab yo bo‘lmasa o‘lguday jo‘n. Biroq
juvonning ismi menga juda g‘alati eshitildi – Runa, bunisi qanaqa ism bo‘ldiykin, bu ism qandaydir
sirliday tuyuldi, o‘zimdan-o‘zim kulimsirab, boshimni ko‘tardim. Esimda qolgan birinchi narsa shu
bo‘ldiki, juvon ko‘zoynak taqqan edi. Demak, inkubalar orasida ko‘zoynaklisiyam paydo bo‘pdi.
Ko‘rinishidan ziyoliga o‘xshar ekan, bu ayolga zonada oson bo‘lmasa kerak, degan fikr xayolimdan o‘tdi,
axir u yerlarda boloxonador qilib so‘kinish, yoqalashish-mushtlashish, sochlarni yulish va boshqalar
odatiy hol. O’zi kelishgangina, qamalmasdan oldin yana ham chiroyliroq, ehtimol go‘zal bo‘lgandir.
Uning ko‘z qarashlari ham mahkumalarnikiga o‘xshamaydi – aybdorlar singari zo‘rmazo‘raki kulib ham
qo‘ymaydi, nigohida iltifotdan darak ham yo‘q. Qo‘y ko‘zlaridagi sinchkovlikni ko‘zoynak yashirib
turganday. Qamoqqa tushmasdan oldin o‘ziga qarab yurgani, qoshlarini terib, kipriklarini bo‘yab, oyna
oldida o‘ziga zeb bergani shundoq bilinib turibdi... Bularning hammasi shunchaki omadi gaplar, aslida
u jiddiy jinoyatga qo‘l urgan, uning o‘n yilga hukm qilingani, mahkuma bo‘lgani bejiz emas, albatta...
Endi bo‘lsa qamoq muddatini qisqartirish uchun ikszurriyot tug‘ib berishga jur’at qilgan.
— Xo‘sh, endi, juvon, — dedim men, — tekshirish analizlarini tag‘in bir marta takrorlashga to‘g‘ri
keladi. Shundan so‘ng yana nimalar qilish kerakligi aniq bo‘ladi.
U indamadi.
— Shikoyatlar bormi?
— Siz nimani nazarda tutyapsiz? — dedi u.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |