Kutubxonachi.uz
118
ehtimol, otalari noma’lum bo‘lgan bolalarni qornida ko‘tarib yurish ma’lum doiradagi ayollar uchun kasb,
bo‘lganda ham talaygina serdaromad kasb bo‘lib qolajak.
Mutlaqo oshkora, ochiq gaplashdik.
— Shunday vaqtlar keladiki, — deb isbotlamoqchi bo‘ldi u: — Inkubatorlik oshkor bo‘libgina
qolmasdan, balki bolalarni dunyoga keltirishning bu yo‘li eng afzal yo‘l bo‘lib qoladi. Va ana o‘shanda
“Ona”, “Ota” tushunchalari cho‘pchakka aylanadi yoki faqat shartli ahamiyat kasb etadi.
Shu tariqa vakolatli organlarning rejalari hali ishga solinmagan jihatlari va uzoqni ko‘zlagan g‘arazlari
bilan tobora oshkora tus ola bordi, yangi tipdagi ildizsiz odamni yaratish ustidan nazorat qilishdan
ayricha manfaatdor ekanligi qadam-baqadam ravshanlasha bordi. Birmuncha vaqtdan so‘ng bu ishni
keng yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangandi. Yana ko‘zda tutilgan ediki, tug‘ishni o‘ziga kasb qilib olgan ayollar
vositasida otalari noma’lum ana shunday bolalarni dunyoga keltirishni tobora keng joriy qilish,
ikszurriyotlarni tashkiliy suratda internatlarda tarbiyalash, oqibatda bola tug‘ib o‘stirish zaruratidan
butunlay ozod bo‘lgan aholi o‘zini, hayotini unumli mehnatga, boshqa dolzarb vazifalarga va eng avvalo,
albatta, hujumkor jahon inqilobi ishiga butunlay bag‘ishlash imkoniyatiga ega bo‘lar edi. Kommunistlar
bu maqsaddan hech ham voz kechmoqchi emas edilar. Ikszurriyotlar jahon tarixiga nuqta qo‘yishadi va
yangicha yil hisobi – taqvimi boshlanajak...
“Ikszurriyotlar uzil-kesil nuqta qo‘yishadi, — takallufsiz so‘zlar edi mening suhbatdoshim, boshlig‘im,
– bu nuqta allaqachondan beri zarur edi. Barcha shovqin-suronlar, butun dunyoda tinchlik uchun kurash
va boshqa soxta go‘zal iboralar – hissiyotni ko‘zlab aytilgan safsatalardir. Modomiki, hal qiluvchi so‘z
atom zarbasida ekan, bu ishni xuddi ana shu ikszurriyot amalga oshiradi. U nimaniyam yo‘qotardi, uni
biron kishi bilan bog‘lab turgan hech narsa yo‘q, uning hech kimi yo‘q, u ham hech kimniki emas, uning
Vatani – probirkada unga hayot bergan sistemadan boshqa narsa emas. Knopkani bosish kerak
bo‘lganda uning qo‘li qaltiramaydi ham. Hamma gap kim birinchi bo‘lishida, kim tomonidan voyaga
yetkazilgan ikszurriyot birinchi bo‘lib yadro zarbasini berishidadir”.
* * *
Moskva ostonalaridagi o‘rmonlar orasida joylashgan va oldin kasaba uyushmalariga qarashli bo‘lgan
chog‘roq sanatoriy oradan ko‘p o‘tmay bizga ilmiy-tadqiqot bazasi qilib berildi. Kabinetlar, palatalar,
qorovulxonalar va boshqa xonalarni ta’mirlab jihozlashga yarim yilcha vaqt ketdi.
Men unchalik shoshib-pishmadim. Lekin baribir ishga kirishish vaqti keldi. Boshida aytib
qo‘ymoqchimanki, bu ishga xotirjam bo‘lib kirishmadim va ehtimol shuning uchun inkubalikka
nomzodlarning shaxsiyatlari bilan ularning hujjatlaridagidan boshqa ma’lumotlarga mutlaqo
qiziqmadim. Ular bilan rasmiy muomala qilar, ro‘yxush bermay, qisqa-qisqa so‘zlashardim. Ularni
klinikaga yopiq mashinada bitta-bittadan belgilangan soatda oddiy kiyimda olib kelishar, ular esa men
uchun bor-yo‘g‘i iksembrionning bo‘lajak inplantatsiya ob’ektlari edi. Men ularga ismi familiyasini tilga
olmasdan “juvon” deb murojaat qilar edim: “Salom, juvon. Ahvolingiz qalay, juvon, sizni ko‘rib qo‘yishim
kerak, qimirlamang”. Faqat shu. Shuningdek, menga ham “professor” debgina murojaat qilish mumkin
edi. Hech qanaqa ortiqcha gap bo‘lmasligi shart edi, barcha inkubalar ijaraga olingan muvaqqat onalar
sifatidagina muhim edi. Men ularning birontasini yuzidan tanimas edim, chunki ish uchun buning keragi
yo‘q edi... Faqat bittasigina bundan mustasno edi. Lekin bu haqda keyinroq...
o‘sha haqda keyinroq gapirilsa bo‘ladi...
Mana sen qirg‘oqqa kelding, nariroqda esa boshqa Daryo...
Sen unga bog‘liq xotiralarni orqaga surish, kechiktirish uchun o‘zingni qiynaysan, bahona qidirasan.
Xo‘sh, oqibat nima bo‘ldi? O’zlikdan qochishga urinishning bema’niligiga, xomxayolligiga har gal ishonch
hosil qilmaysanmi? O’lish mumkin, lekin o‘zlikdan qayoqqa qochasan? Shu ma’noda odam o‘limga
mahkum bo‘lsa ham umrboqiydir.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |