Kutubxonachi.uz
108
ishlaring bundan buyon mutlaqo maxfiy hisoblanadi, “Sening qimmatli tadqiqotlaring haqida ochiq
matbuotda, ayniqsa chet ellarda hech narsa bo-silmasligi kerak, o‘shanda ham sen bu gaplarga
ahamiyat ber-mading. Holbuki, o‘shanda sening qo‘ltig‘ingga birinchi bor qo‘l solib ko‘rishgan edi.
Keyingi buyurtmachilar sendan o‘z-lari uchun tayyor malay yasab oldilar. Sen uchun esa boshqa narsa
– «ish qilish, fanni oldinga siljishi» muhim edi.
Tan olish kerakki, sen biologiya jahannamida Mefistofel eding. Bosiq aql, o‘tkir mushohada – sen
olimning hammadan ko‘ra ham ana shu sifatlarini yuqori qo‘yar eding. Sen o‘z roling uchun vaj
qidirmading, ana shu la’nati yo‘lda shu qadar katta kuch-quvvat sarflashga seni nima majbur etganini
tushunib yetishga harakat ham qilmading. Tashlandiq bolaning eng avvalo, asrning hech kim oldiga
tusha olmaydigan dahosi bo‘lish istagida ekanini kim bilibdi deysiz? Sen ilmiy muammolarga butun
borlig‘ing bilan sho‘ng‘ib ketib, o‘zing sezmagan holda yaxshilik va yomonlikning, ezgulik va yovuzlikning
narigi qirg‘og‘iga o‘tib qolding, odamlarni qiynab kelgan masala – o‘zlari yaratgan va o‘zlari
cho‘qinadigan amri axloqlarini butunlay mensimay qo‘yding. Hayotning mazmun-mundarijasini anglab
olish uchun asrlar bo‘yi sarson-sargardon yurgan odamlarni nazar-pisand qilmading, sening bundan
boshqa ishtiyoqlaring ham oshib-toshib yotar edi. Buyuk faylasuf, sening vatandoshing, zamondoshing
Losevning gaplarini payt topib o‘zingdan nariroqqa surib qo‘yding, holbuki olim insoniyat tarixida
fanning roli haqida mulohaza yuritar ekan, go‘yo ataylab sening uchun dolzarb fikr bildirgan. Darvoqe,
Losev jamiyat va madaniyatning cheksiz taraqqiy etishi to‘g‘risida yangi yevropacha ta’limotning
nigilizmi borasida so‘z yuritar ekan, bunday degan edi: yevropacha paradigmaga ko‘ra, har qanday davr
o‘z oldiga umuman mazmunsiz bo‘lgan holda, boshqa davr uchun tayyorgarlik va o‘g‘it, bundan keyingi
har qanday davr ham o‘z holicha mazmun-mundarijasiz bo‘lgani holda boshqa bir davr uchun, shu bilan
birga kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha davrlar uchun oziq va zamindir, xolos; maqsad esa
har doim va muqarrar suratda cheksiz zamonlar sari tobora uzoqlashaveradi; shunday qilib, yangi-yangi
jannatlar va’da qilganlarning haq ekanligini hamisha tasdiqlaydi. Sen bo‘lsang Losevning ana shu teran
fikrini o‘zingga erkinlik yaratmoq, javobgarlikni avlodlar zimmasiga yuklamoq uchun o‘z intilishingga
moslab sharhlading. Sen o‘zingni mening vazifam «fanni rivojlantirish», kashfiyotlar qilishdan iborat, bu
kashfiyotlarning natijalari nima bo‘ladi – buni boshqalar hal qilsin deb ishontirding. Sening ishing –
inkubator bachadonda homila yetishtirish edi; sun’iy yetishtirilgan odamlarning taqdiri nima bo‘ladi,
buning senga daxli yo‘q edi.
Hozirgi kudalik hayotda «Bu bizning muammolarimiz emas» degan surbetlarcha ibora tarqalgan. Sen
bo‘lsang oldinlari ham xuddi shu yo‘sinda ish ko‘rar eding, sun’iy homilalarning taqdiri haqida gap
ketganda o‘z raqiblaringga: bu masala ularning o‘zlarini tashvishga solsin, ularni o‘z muammolarini
o‘zlari hal qilishlariga qo‘yib berish kerak, deb javob berar eding. Shu yo‘l bilan tug‘ilganlar, ijtimoiy
mavqe nuqtai nazaridan boshqalar bilan teng sharoitda bo‘lgan ikszurriyotlar o‘zgalar kabi o‘zlari haqida
o‘zlari o‘ylashlari lozim edi. Sen bularning fan uchun hech qanday daxli yo‘q deb hisoblar eding. Sun’iy
bola tug‘dirish texnologiyasidan tashqarida bo‘lgan biron narsa seni tashvishlantirmas edi.
Ha, sen shunaqa odam eding. Ehtimol, chindan ham o‘z ilmiy sohangda dunyo ahamiyatiga ega
kashfiyotlar qila biladigan, fanning kelajak taraqqiyotini oldindan aytib bera oladigan daho
bo‘lgandirsan. Lekin sening barcha qilmishlaringni o‘sha tashlandiq bola boshqarib turar edi. Sen
bo‘lsang buni tan olmading, qachonlardir eshik oldiga tashlab ketilgan xuddi o‘sha tashlandiq bola
mo‘‘jizalar ko‘rsata olishini, oldindan rejalashtirilgan odamlarni tug‘dirishga amr bera bilishini butun
dunyoga isbot etish uchun har doim urinar edi. Sen bu taqdirlarni o‘z laboratoriyangda hal qilding, sen
hech kim jur’at eta olmagan, hech kim qila bilmagan ishlarni qilding – sen o‘z xohishing va chizma
rejangga qarab, sun’iy loyihalashtirilgan odamlarni dunyoga keltirding, sen vasvasaga tushgan eding,
sen odamlar ustidan botiniy hokimligingdan mast eding. * * *
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |