Kutubxonachi.uz
98
Uolter Shermet Yer sharining boshqa nuqtalaridan olib ko‘rsatish uchun shahd bilan Berlin, Varshava,
Monreal, Rio-de-Janeyro deya buyruqlar berar va hamma joyda xuddi shunday holat, xuddi shunday
dod-faryod, hayqiriqlar eshitilar va o‘sha “Filofeyga o‘lim”, “Ablah raketa bilan urib tushirilsin!” degan
hukmlar yangrardi.
— Yetar, bas! Menga so‘z beringlar! – chap tomondagi ekrandan Filofeyning ovozi eshitildi.
— Ha, qulog‘imiz sizda, birodar Filofey! — dedi Uolter Shermet bamaylixotirlik bilan. Qomatini rostlab
“Siz amaldagi demokratiyani ko‘rgach, endi nima deysiz?” deganda Shermetning tepakali zafarli
yarqiraganday bo‘ldi.
— Ko‘ngilimga tugib yurgan narsalarni aytaman, — deb javob berdi Filofey. Uning afti-angoridan
qandaydir hodisa oldida ekanligi uning nimagadir jazm qilganligi sezilib turardi. — Men sizdan
minnatdorman, mister Uolter Shermet, siz dunyoning turli burchaklaridan reportaj uyushtirdingiz. Endi
hech qanday shubhaga o‘rin qolmadi. Manzara mutlaq oydinlashdi — men butunlay mag‘lub bo‘ldim.
Men insoniyat diqqatini halokatdan qutilish mumkinligiga va hatto tadrijiy taraqqiyotning yangi bir
bosqichida erishish imkoniyatiga qaratmoqchi bo‘ldim. Buning uchun bitta yo‘l bor — u ham bo‘lsa
kassandra-embrionlarning oxirzamon haqidagi ishoralariga quloq solish va umuman jamiyatni,
jumladan, har biringizni takomillashtirish zarurligi haqida xulosalar chiqarishdir. Mana oqibat — mening
urinishlarimdan hech nima chiqmadi. Zamondoshlarning mening chaqiriqlarimga munosabati oxir-
oqibatda salbiy bo‘lib chiqdi. Tan olaman — men mag‘lub bo‘ldim. Va munozarani davom ettirishga
hojat yo‘q. Bo‘ldi, nuqta qo‘yilsin.
— Birodar Filofey, mana endi siz haqiqiy vaziyatni hisobga olayotirsiz, gap ana shu haqda borayotir:
odamlarni xotirjam qilish, jamoatchilikka taskin berishga to‘g‘ri keladi, shunday emasmi? — dedi Uolter
Shermet.
— Ha, shunday — rozilik bildirdi Filofey. — Robert Borkning o‘ldirilishiga olib kelgan mislsiz g‘alayon
uchun xudo oldida ham, bandasi oldida ham men gunohkorman. Mana vaqti-soati yetdi — qilmish
uchun intiqom payti keldi. Men shunga xursandmanki, umrimning so‘nggi damlarida odamlarning ko‘z
o‘ngida bo‘lish imkoniyatiga egaman va ular mening tavba-tazarrumning samimiy ekanligiga ishonch
hosil qilishlari mumkin.
— Birodarimiz Filofey, — deb yana burnini suqdi Uolter Shermet, o‘zini butun dunyo ko‘rib turganiga
va har bir so‘zi oltin barobarida ekanligiga ishonch hosil qilib. — Birodarimiz Filofey, — takrorladi u, —
shaxsan sizdan bizga hech narsa kerak emas. Ommaning g‘azabi cheksiz, bu rost gap, lekin bunga
o‘zingiz aybdorsiz.
— Ha, ha, haq gap, — javob berdi Filofey. — Yaxshi so‘zlaringiz uchun rahmat, lekin mening
qilmishim uncha-munchalardan emas. Men bunga javob bermog‘im darkor. Dunyo mening
kashfiyotimni qabul aylagunday bo‘lsa, g‘oyalarimni ruhning o‘zini o‘zi yangicha tushunishi deb bilguday
bo‘lsa, murodimga yetishishimga yoki bo‘lmasa, qaqshatqich zarba yeb, o‘z kashfiyotimning qurboni
bo‘lishimga aqlim yetar edi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas edi. Men tavakkal qilgan edim. So‘nggi
so‘zim shu. Men odamlarga yomonlik sog‘inmoqchi emas edim. Lekin amalda boshqacha bo‘lib chiqdi.
Yaxshi niyat yomonlikka aylanib ketdi. Endi hammamiz ana shu yovuzlik qarshisida ojizmiz. Biroq men
kashfiyotning o‘zidan, kassandra-embrionlar fenomenidan, ular dunyoning oxir bo‘lishi xabarchisi degan
fikrimdan hech qachon voz kechmayman; kishilar bilib qo‘yishsin: oxirzamon o‘zlarimizda yovuzlikning
muttasil
jamg‘arilib
borishidan,
o‘zlarimizning
qilmish-qidirmishlarimizdan,
niyatlarimizu
maqsadlarimizdandir; bularning hammasi odamning genetik kodiga ta’sir e’tib, buhronni yaqinlashtiradi.
Peshona devorga tekkandan keyin kech bo‘ladi...
Zalda shovqin ko‘tarildi. Qahr-g‘azabga to‘la ovozlar jarangladi. O’tirganlardan bittasi mikrofonga
kelib jon-jahdi bilan baqira ketdi:
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |