Kutubxonachi.uz
40
tinchimas sharpalarning narigi dunyodagi omonat hayotini faqat boyqushgina ko‘ra va eshita olardi...
Boyqush uzoq yillar davomida ularga o‘rganib qolgan, ular bo‘lmasa zerikib qolar, o‘zini biror narsa
yetishmayotganday his qilar edi. Lekin boyqush ularning boradigan boshqa joyi yo‘q ekanini, ertami,
kechmi qadam ranjida qilishlarini bilar edi. Mana, yaqinda maydonda katta parad va namoyish bo‘lishi
kerak, shularning ketidan kechasi hayajonga tushib, ko‘rgan-bilganlaridan ko‘zlarini mast
odamlarnikiday baqraytirib sharpalar albatta kelishadi. Barabanlarning gumbirlagan ovozi, harbiy saf
muzikasi, soldatlarning maydon uzra yurakka qadaladigan qadam tashlashlari ularni o‘ta hayajonga
soladi. Harbiy texnikaning shovqin-suroni-chi! Namoyishlar, namoyishlar shunday hayajonga soladiki —
odamlar daryoday oqadi, bor ovozi bilan qichqirishadi, maqbara ustida turganlarning rasmlarini,
shiorlarni ko‘tarishib shodu xurram o‘tishadi. Va olomon “ura-aa” deb qichqirib, urug‘ qo‘yish uchun
suzayotgan baliqlarday kallasi kallasiga tekkunday bir tomonga oqadi.
Lekin sharpalarning kunduz kuni, yorug‘da paydo bo‘lishi joiz emas, bo‘lmasa ular vaqtning kechish
jarayoni bilan hisoblashmasdan, fanodan oniy hayotga qaytib kelgan, ishga kirishib ketgan, hayajonga
tushgan odamlar daryosi tepasidagi yuksak maqbaraning ustki minbarida turgan bo‘lur edi. Shundan
so‘ng bularning hammasi birdan stop-kadrdagiday to‘xtagan, harakatsiz serrayib qolgan, ovozsiz
sahnada tarixning tushuniksiz lazzatli zavq-shavqi ila abadiylikka, mangulikka qotib qolgan bo‘lur edi.
Kreml ustidan guvillab uchib o‘tayotgan samolyotlar ham, harakatsiz to‘xtab qolgan, hurkak kabutarlar
ham osmonda turib qolgan va porloq ko‘zlar ham, baqiroq ovozlar va hatto harakatga kelgan pok fikrlar
ham miya qatlarida turib qolgan bo‘lur edi... Quyosh ham bir joyda abadiylikka qotib qolgan bo‘lur edi...
Begim kunlari, xususan havo aynigan kezlarda, surunkali yomg‘ir paytlarida, yer bag‘irlab izg‘irin
turgan onlarda — maqbara yonidagi soqchilar oyoqlariga piyma etik, kalish, boshlariga quloqchin,
qo‘llariga qo‘lqop kiyib olgan va og‘izlaridan chiqqan hovur kiyim yoqalariga, yelkalaridagi
miltiqavtomatlarning og‘izlariga oppoq qirov bo‘lib qotib qoladigan fursatlarda, xumkalla-pakana
arvohlar, balki havo ayniganidan bo‘lsa kerak, vaysaqi bo‘lib bir-biri bilan chiqisha olmay qolishadi,
ko‘proq burchak-burchaklarga tiqilib, oyga ko‘z qirini solar ekanlar, bir-biriga gap qaytarishadi, ana
shunday mahallarda boyqushning qulog‘iga asabiylashgan ovozlar tez-tez eshitilar edi: “Tushuntirib
bo‘lmaydigan narsalarni menga ishontirishga urinma! O’limga davo yo‘q, davo bo‘lishi mumkin ham
emas, o‘lim haqdir. Men o‘lgan ekanman, abadiy yashab qolmoqchi emasman, soxta hayotning menga
keragi yo‘q! Bu qachongacha davom etadi?! Oxiri bormi o‘zi, tinchim ham yo‘q, hammasi jonimga tegdi!
Ilgarilari o‘ylamagan ekanman, endi bo‘lsa nega tug‘ildim, meni onam nima uchungina tug‘di ekan
degan fikr kallamdan chiqmaydi. Men tug‘ilishni xohlamagan edimku! Endi bo‘lsa maqbaraga qamalib
qolganman. Bularning hammasi sening ishing! Bu sening iblisona, makkorona g‘oyang! Bunga hech
qachon rozi bo‘lmayman, hech qachon, esingda bo‘lsin”. Bunga sherigi o‘zining butunlay o‘chib qolgan
trubkasini osoyishta tortar ekan xirillagan ovozi bilan javob berar edi: “Quloq sol, men senga ko‘p marta
tushuntirganman. Bu partiyaning xohishi edi. Men senga aytganman: sen partiyaga butun borlig‘ing
bilan, ko‘rgazmali qurol shaklida kerak eding, tushunyapsanmi, jahon inqilobi uchun sinfiy qasam
ichishlar uchun kerak eding, sen partiyaga o‘lganingga qaramasdan va o‘lganingdan keyin ham kerak
eding. Sen inqilob fir’avnisan, seni asrashadi, avaylashadi, senga tosh tobutingda ta’zim qilishadi!” —
“Men bo‘lsam buni mutlaqo xohlamayman! Men qat’iy norozilik bildiraman! hech kimning, mutlaqo hech
kimning o‘lim bilan hisoblashmaslikka haqi yo‘q. Bu — bema’nilik”.
Boyqush ularning tepasidan uchib o‘tar ekan, hang-mang qolar edi – ular turfa olam haqida
g‘azabnok janjallashar ediki, bunaqasini dunyoning biron go‘shasida eshitmaysan...
Lekin bugun ular, yarim kechada paydo bo‘ladigan janjalkash sharpalar yo‘q edi... Maydon xoli edi...
Boyqush Kreml qal’asining kungirador devori ustidan shuv etib uchib o‘tgach, o‘zining ulkan ko‘zlari
bilan butun tevarak-atrofni ko‘zdan kechirib bordi-da, bo‘m-bo‘sh tomlar ustidan o‘tib saroy bog‘lari
tomon yo‘l oldi. U bu yerda kuzning qalin shox-butoqlari orasida sekingina “uh” tortdi, tepalik ustiga
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |