Kutubxonachi.uz
36
birinchi saflariga qo‘shilsam, yo bo‘lmasa, aksincha, bunday yo‘lni ma’qul ko‘rmasam va hokazo.
O’shanda sen nima uchun mag‘lub bo‘lganingni bilasan, jin ursin. Biron arziydigan ish uchun! Bunda-
chi? Kosmik stantsiyadagi qandaydir telbaning xayoliy gipotezasi uchun martabangni, ehtimol, bo‘lajak
prezidentlik mansabingni xavfga qo‘yasanmi? Qanday be’manilik bu! Ana shu voqea yo oldinroq emas
— yo kechroq emas, xuddi shu paytda ro‘y berib qolsa nima deysan? Kechirasan, o‘zimning shubha va
dardlarimni aytib olyapman.
–
Qulog‘im senda, Oliver. Gapiraver. Lekin Filofeyning kashfiyotini qandaydir xayoliy gipoteza
hisoblab to‘g‘ri qilmayotganga o‘xshaysan. Bu sening ishing, albatta. Lekin o‘sha gipoteza emas, balki
bor narsa deb qo‘rqaman. Agar shunday bo‘lsa, bu hodisa yer yuzidagi barcha kishilarga taalluqli bo‘lib
chiqadi. Biron tarmoqda ish tashlash, shaharlarning ko‘chalaridagi namoyishlar va boshqa siyosiy
voqealar Filofeyning kashfiyoti oldida hech gap bo‘lmay qoladi. Demak, hamma narsani o‘z o‘rniga
qo‘yib, o‘zimizga hisob bermog‘imiz darkor.
Ularning har ikkalasi o‘ylanib jim qolishdi. Yana Oliver Ordok tilga kirdi:
–
Shunday ekan, sen, Robert, Filofeyning maktubini qo‘llab-quvvatlashni maslahat berasanmi?
–
Bilasanmi, Oliver, sen har narsaga siyosiy yondoshib o‘rgangansan. Bu tushunarli, albatta. Lekin
men bu masalada shaxsiy mayllarni inobatga olmayman. Filofeyning dalillari va mantiqi bilan
hisoblashmaslik mumkin emas. Samoviy rohibning kashfiyoti shuni ko‘rsatadiki, insoniyat yangi sinovlar
oldida turipti. Shuning uchun meni to‘g‘ri tushun. Sen — siyosatchisan, sening muddaong
muammolarning dolzarbligini payqab olish. Kayfiyatlar yo‘nalishini sezish. Men bo‘lsam olimman,
futurologman. Sen mening fikrimni bilmoqchi bo‘lding. Agar sal nafim tekkan bo‘lsa mamnunman.
–
Katta rahmat, Robert. Matbuotni kuzatib boraman. Sen bu masala yuzasidan matbuotda va
televidenieda chiqasan, albatta.
–
Yaxshiyam Jessi mening kelganim haqida hozircha jurnalistlarga lom-mim demaydi.
–
Bundan chiqdi Jessi seni mendan — shilqim Ordokdan himoya qilolmabdi-da? Lekin jahling
chiqmasin. Men sen bilan do‘st bo‘lganim uchun yuragimni yozdim. Aslini olganda men beorroq
nusxaman, yaxshigina ezmaman. Aytgancha, men senga shayton haqida gapirib bermoqchi edim.
–
Shayton haqida? ha, esimga tushdi. Xo‘b, shayton haqida nimalarni eshitar ekanmiz?
–
Qiziq bir voqea. Tasavvur qil, men yaqinda birinchi saylovoldi uchrashuvini o‘tkazdim. Katta zalda
igna otsang yerga tushmaydi. Besh ming chamasi odam bor! hayajondaman. Dasturimni aytib berdim.
Nimalarnigina so‘rashmadi deysan. Bachchabozlikdan tortib xalqaro munosabatgacha. Sport bilan
shug‘ullanamanmi, oilam qanday, ishqivozligim va hokazo. Birdan mikrofon oldida bir nusxa paydo
bo‘lib, shunday savol beradi: «Mister Ordok, marhamat qilib ayting-chi, sizning shaytonga
munosabatingiz qanday?» Men dovdirab qoldim. Zal jim bo‘lib qoldi.
–
«Shaytonga munosabatim? Qanday shayton haqida gapirayotirsiz?!» — «Siz haqingizda, mister
Ordok. Siz — shaytonsiz!» — «Bu nima deganingiz?» — «Siz mister Ordok, vengersiz. Venger tilida
Ordog «shayton» degani! Siz buni yodingizdan chiqarmasligingiz kerak edi, mister Ordok!» Zal
sharaqlab kulib yuborsa bo‘ladimi. Meni ter bosib ketdi. O’sha nusxa qo‘shimcha qildi: «kechirasiz,
mister Ordok. Men shunchaki gapirayotganim yo‘q? Sizning Amerikada eng mashhur shayton bo‘lib
qolishingizni xohlayman!» Va yana zalda shipni yorguday kulgi gumburladi. Bu yog‘i qanday bo‘ldi,
Robert?
–
Bunaqasini o‘ylab ham topolmaysan! Buni Jessiga ham aytib beraman.
–
Aytib ber, aytib ber, bir maza qilib kulsin.
–
O’key! Zarur bo‘p qolsam, qo‘ng‘iroq qilarsan.
–
Albatta, — javob berdi Ordok, u xayrlashmoqchi edi, birdan gap boshqa yoqqa burilib ketdi. —
Eshityapsanmi, Robert, mening xom kallamda betamiz bir fikr nish urdi, — dedi Ordok, telefon dastasiga
kinoya bilan «hm, hm» der ekan. — Tasavvur qil, bordi-yu, bizning yo‘limizda to‘satdan o‘sha samoviy
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |