Kutubxonachi.uz
32
tan olishiga qaraganda, u o‘ziga qarshi bo‘lgan odamni bir ko‘rsam der edi. U raqibiga ro‘para chiqar va
uni iskanjaga olar edi. Buning ustiga Ordok binoyiday va’zxon edi: jaranglagan ovozi, so‘zlarni chertib-
chertib talaffuz qilish, ta’sirchan imo-ishoralar, xullasi kalom, olomonning diqqat-e’tiborini tortadigan
jamiyki sifatlar notiqda muhayyo edi.
Ordokning Bork e’tiborini eng ko‘p jalb qilgan xususiyati, butunlay tasavvur qilib bo‘lmaydigan nodir
fazilati shu qadar hayrotomuz ediki, asti qo‘yavering. Chindan ham biron kishiga aytsangiz bunga
umuman ishonmaydi, bo‘lishi mumkin emas deydi. Bork buni orqavorotdan eshitib emas, balki shaxsan
bilar edi, chunki ular Oliver Ordok bilan bir dorilfununni bitirishgan, lekin turli yillarda o‘qishgan — Bork
sal oldin, u esa keyinroq o‘qigan, Bork tarix fakultetini, Ordok bo‘lsa yuridik fakultetni tugatgan.
O’shandan buyon ko‘p vaqt — bir necha o‘n yil o‘tdi, lekin dorilfununda o‘tkazilgan romantik yillar ularni
yaqinlashtirgan edi. Ordokning eng noyob qobilyati shunda ediki, u telefonda qachon, kim bilan, nima
haqda gaplashganlarini umr bo‘yi yodida saqlab qolar edi! ha, u telefon orqali qilgan hamma suhbatlarini
yoddan bilar edi. Aytaylik, biron arzimas masala yuzasidan bo‘lsa ham, bundan o‘n-o‘n besh yil oldin
qaysi kuni, soat nechada, kim bilan qancha vaqt gaplashganini aytib bera olar edi, masalan, uning bir
vaqtlar aeroportning ma’lumotxonasiga qo‘ng‘iroq qilgani yoki bir ming to‘qqiz yuz yetmish birinchi yil
12 avgust chorshanba kuni soat uchda birdan benzokolonkadan telefon qilishgani degandek. Xotiraning
ana shunday xususiyatini, kallada shu qadar bemaza ma’lumotlarning to‘planishi mumkin ekanligini
hech kim tushuntirib bera olmadi. Robert Bork Ordokning ana shu g‘alati fazilatiga ba’zan havasi kelsa,
ba’zida esa undan dahshatga tushar edi. Bu haqda gohida mutlaqo jiddiy, ayrim hollarda esa kulgili va
qo‘rqinch bilan o‘ylar edi, rost-da, bunday bema’ni qobiliyatning odamga nima keragi bor? Bu Tangrining
mukofotimi yoki aksincha, jahannamdan yuborilgan jazomi? Kim biladi?
Robert Bork birga o‘qigan o‘rtog‘ining telefondagi ezmaligiga quloq osgan paytida ham Ordokning
o‘sha fazilatini esga oldi. Birdan o‘ylab ketdi: «Salomat bo‘lsak, balki o‘n yillardan so‘ng hozirgi
suhbatimizni ham gapirib berar, men bo‘lsam hammasini unutgan bo‘laman, ajab emas, birdan mening
ham esimga tushib qolsa... Buning nima keragi bor?».
Shu asnoda u gap mavzusini o‘zgartirib muddaoga o‘tdi:
–
Endi, Robert, dardimni eshit. Uzr, gapni uzoqdan boshlashga to‘g‘ri keladi; shunday bir voqea
ro‘y berdiki, uni dab-durustdan tushuntirib berolmayman. Sen buni yaxshi bilasan, albatta, bu haqda
butun Amerika shang‘illayapti. O’sha samoviy rohib, oting qurg‘ur — Filoveymidi, Filovey-a?
–
Filofey, — to‘g‘riladi Bork. — Ismi Filofey. Men uning maktubini bir soat oldin o‘qidim.
–
O’zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim, Robert. Bilasanmi, kassandra-embrionlar
muammosi shaxsan mening boshimga tosh bo‘lib tushganday bo‘ldi. Bundan ko‘ra dahshatli zilzila
bo‘lgani yaxshiroq edi. Meni kechirasan, tushkunlik ruhimni ezib tashladi. Umrimda hech qachon bunday
ahvolga tushmaganman. Shu vaqtga qadarli jahannam nima ekanini tasavvur ham qila olmas edim,
hozir esa jahannam yoqasida turibman. Men raqibimni qidirib topishga va hammaning ko‘z o‘ngida u
bilan bellashishga odatlanganman, bu yerda esa o‘zingni qanday tutishingni, kim bilan ish qilishingni,
qo‘y-chi, kim bilan solishish kerakligini bilmaysan. Aytmoqchimanki, bu qandaydir mavhum narsa. Shu
bilan bir vaqtda, aslini olganda bu hammaga va har bir kishiga daxldordir, hammamiz gangib qoldik,
balki faqat sen va senga o‘xshagan allomamisan allomalarning e’tiqodigina o‘zgarmagandir.
–
Kechirasan, Oliver, — uning so‘zini bo‘ldi Bork, — men ham bu borada hamma qatoriman.
Ochig‘ini ayt, nega endi bu masala yuzasidan boshqa odam qurib qolganday menga murojaat
qilayotirsan. Ikkalamiz ham bir dorilfunundan chiqqanmiz, men xohlaganingcha senga quloq solishim
mumkin, shunday bo‘lganda ham...
–
Ochig‘ini aytaman. Bu fikr menda paydo bo‘lgani yo‘q. Bu masala yuzasidan sharh va maslahat
so‘rab senga murojaat qilish g‘oyasini mening yordamchim Entoni Yunger aytdi. U yosh yigit,
ishchanligidan tashqari o‘ta savodli, falsafa bilan ham qiziqadi. Men uni hurmat qilaman. Shu desang,
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |