Kutubxonachi.uz
73
bu jazo ham oz! Lekin bu o‘rinda so‘z mening haqimda ketmayotir, Xudo haqqi, kechiring. Endi gap
nima qilish kerakligida. Kassandra tamg‘asi nima bo‘ladi?! Xohlar edimki...”
Sahifa shu bilan tugaydi, keyingi sahifa yana o‘sha o‘tinchdan boshlanadi: “Xudo haqqi, faksni o‘chirib
qo‘ymanglar!”
“Shunday qilib, mister Bork, endi nima qilish kerak?
Bu sohada mening rolim bema’ni bo‘lsa ham ba’zi bir mulohazalar bildirishga ruxsat etgaysiz.
Ehtimol, buning foydasi tegib qolar.
Mister Bork, gapirish og‘ir, lekin aytishga majburman. Men shunday taklif etishga jur’at qilganim
uchun oldindan uzr so‘rayman. Lekin men hech narsa yo‘qotmayman. Sizning oldingizda shunchalik
gunohkormanki, endi menga bari bir.
Men shuni nazarda tutayotirmanki, Ordokni yolg‘onchilikda ayblash mumkin, chunki u Siz bilan
bo‘lgan shaxsiy suhbatni ro‘kach qiladi. Bu suhbatning hech qanday guvohlari bo‘lmagan va bo‘lishi
ham mumkin emas. Siz u bilan telefon orqali gaplashgansiz. Ehtimol bu haqda gapirgandirsiz,
gapirsangiz ham boshqa narsalar to‘g‘risida gapirgandirsiz. Bu o‘sha Ordokning usuli: Sharmanda
qilganni sharmanda qil. Telefon orqali suhbat hech qaerda yozilgan emas. Men buni aniq bilaman.
Bunga kafilman. Buyog‘ini o‘zingiz hal qiling. Agar Siz shu yo‘lni ma’qul topsangiz, men sensatsiya
bo‘ladigan raddiya uyushtiraman. Bunday xabarlar desa ommaviy axborot vositalari o‘zini tomdan
tashlaydi.
Shu bilan bir qatorda kurashning butunlay boshqa yo‘li ham bor. Agar Siz mister Bork, Filofeyning
haq ekanligiga ishonsangiz va haqiqat yo‘lida o‘z fikringizda qattiq turadigan bo‘lsangiz, men, garchand
Sizga yordamchi bo‘lsam-da Siz bilan to oxirgi janggacha borishga tayyorman. Men Sizning
qurolbardoringiz bo‘lishim mumkin. Siz jang oldida turibsiz. Bosh tortmasangiz bas, bu haqda so‘z
bo‘lishi mumkin emas.
Vaziyat shundayki, hozirgi paytda maydonda yakka o‘zingiz jangchisiz, ehtimol butun yer yuzida
samoviy rohibning tomoniga o‘tgan, uning oxirzamon haqidagi kontseptsiyasini himoya ostiga olgan
yakkayu yagona kishidirsiz. Saylov oldi mitingida bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, bir yoqadan bosh, bir
yengdan qo‘l chiqarib Ordokni qo‘llab-quvvatlagan “bir butun xalq fronti”dan so‘ng, Filofey
kashfiyotlarini himoya qilmoqchi bo‘lgan kichik bir guruh kishilar ham betaraf bo‘lib, g‘ing demay
qolishadi. Asosiy omma esa...”
“Xudo haqqi faksni o‘chira ko‘rmang! Shunday qilib, mister Bork, mitingda saylovchilarning aks
sadolariga qaraganda, aholining asosiy qismi, hatto aytish mumkinki, baxtga qarshi, ehtimol,
mamlakatning butun aholisi Kassandra tamg‘asini aniqlash bo‘yicha kosmik eksperimentlarga qarshidir.
Odamlar kassandra-embrionlar haqida eshitishni ham, bilishni ham xohlamaydi, xotinlar zondaj-nurlar
tarafidan nazorat ostiga olinishni istamaydilar. “Alfa-Beysbol”dagi mitingda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida
barcha axborot agentliklari eshittirish berishdi. Ana shundan keyin Ordokning obro‘si barcha shtatlarda
keskin ko‘tarildi. Hozir u iz bosilmasdan bayonot berib aytadiki, inson huquqlarini og‘ishmay himoya
qiladi, ayol-onaning azaliy muqaddasligini so‘zsiz qo‘riqlaydi va qaerda bo‘lmasin — Yerda bo‘ladimi yoki
kosmosda bo‘ladimi — barcha toifalardagi filofeychilarning ig‘vogarlik kirdikorlariga qarshi kurashadi.
Sizning rasmingiz, mister Bork, ayni soatlarda teleekranlarda uzluksiz ko‘rsatilib tegishli izohlar
berilmoqda. Moskvada Filofeyning fotosuratlari topilib namoyish qilinmoqda.
Siz telefonlarnigina emas, televizorni ham o‘chirib qo‘ygan bo‘lsangiz kerak deb o‘ylab yuqoridagi
so‘zlarni aytdim. Mitingning oqibatlari haqida, keyingi voqealar qanday kechayotgani to‘g‘risida
tasavvurga ega bo‘lishingiz kerak. Bu jarayon avj oldi va uni nazorat ostiga olib bo‘lmay qoladi deb
qo‘rqaman...”
“Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmang!!!
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |