Kutubxonachi.uz
72
Bork kompyuter yoniga o‘tirmoqchi bo‘lgan ediyam, qadam sharpasi eshitildi. Pastdan Jessi chiqib
kelayotgan ekan.
–
Xo‘sh, ahvoling qalay? — so‘radi Jessi ostonada turib.
–
Bir navi, qimillab turibman, — javob berdi Bork va to‘satdan esiga kelib qolgan tushini Jessiga aytib
bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘zini tutdi. Jessi charchagan edi va shunday bo‘lsa ham uning nigohida
qandaydir xushxabar soyasi jilvalanar edi.
–
Bob, senga xalaqit bermay devdim, lekin men seni bir hayratda qoldirgim keldi.
–
Meni nima bilan hayratda qoldirmoqchisan?
–
Bir to‘p qog‘oz olib keldim. Bularning senga foydasi tegib qolar.
–
Nima ekan?
–
Fakslar. Kimdan kelibdi deysanmi? Entoni Yungerdan.
–
Entoni Yungerdan? — qayta so‘radi u. — Xo‘sh, nima depti. Nimalarni yozibdi?
–
Senga hamma telefonlarni uzib qo‘yaman deb edim-ku, uning bizga telefon qilish uchun qanchalar
uringanini tasavvur etish mumkin. Kim bilibdi deysan? Xolldagi faksni o‘chirish xayolimga kelmabdi.
Birdan qulog‘imga shik-shiq qilgan shovqin eshitilib qoldi, borib qarasam bir to‘p qog‘oz yotibdi.
Mana, o‘zing o‘qib ko‘r. Har bir betning tepasida “Xudo haqqi, faksni o‘chira ko‘rmanglar!” deb
yozib qo‘yilgan. Uning fakslari ketma-ket kelayotir. Unga nima bo‘ldiykin? Bechora bola. O’qi, yana
olib kelaman.
Kutilmagan hodisa. Kechasi soat ikki. Kimdir uxlamasdan ketma-ket faks jo‘natayotir. Bork bilan
telefonda bor-yo‘g‘i bir marta gaplashgan salgina tanish Entoni Yunger yozayotir. U saylovoldi mitingida
Ordokni og‘zi ko‘pirib safsatabozlik qilayotganda tiyib qo‘yish uchun muvaffaqiyatsiz bo‘lsada yurak
yutib urindi va o‘zi Ordokning to‘dasidan bo‘la turib hammaning ko‘z oldida boshlig‘idan aloqani uzib
uning siyosiy qurboni bo‘lgan kishi tomoniga o‘tdi. Miting tugagandan keyin Yungerning boshiga qanday
dashnomlar yog‘ilganini tasavvur qilish ham qiyin. Ordokning o‘zi va sodiq do‘stlari Yungerni xoin deb
la’natladilar. Ordokning qanoti ostida endi durustroq mavqe-amal haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas
edi. Tanish-bilishlari “bunaqasi hali bo‘lgan emas — o‘zining yo‘lini kesib qo‘ydi” deb kulishayotgan
bo‘lsalar kerak. Shundan keyin ham bu birovga yordam qo‘lini cho‘zishga — Ordok badnom qilib
tashlagan, ommaviy mitingda la’nat yog‘dirilgan odamga ko‘maklashishga jur’at eta oldi. Bork Entoni
Yunger oldida o‘zini noqulay sezsa ham yuragiga iliqlik yugurdi. Shu vaqtgacha hech kim rahmi kelib
unga g‘amxo‘rlik qilmagan, chunki u har doim mustaqil va o‘ziga ishongan edi. Endi bo‘lsa zo‘rlik bilan
kurash maydoniga tortildi, u yerdan yengilib, hatto deyish mumkinki, basharasi majag‘lanib xalq oldida
kalaka-masxara bo‘lib sudralib chiqdi. Endi bo‘lsa o‘z xohishi bilan tavakkal qilib jangga kirish uchun
tishni tishga qo‘yib yana oyoqqa turish maqsadida hozircha tashqi dunyodan yashirinib yotibdi. Ana
shuning uchun ham Yunger hammasiga aqli yetganidan faksning har bir betida “Xudo haqqi, faksni
o‘chira ko‘rmanglar”deb yalinib-yolvorgan edi.
“Mister Bork, Sizning uy telefonlaringiz nega o‘chirib qo‘yilganini yaxshi bilaman, — deb yozgan edi
Yunger. — Men hech qachon jonlaringizga tegmoqchi emasdim, lekin ahvolimni tushunishlaringizni
so‘rayman. Sizning oldingizda tiz cho‘kib turib aytishim zarur bo‘lgan fikrimni yo‘q deganda faks orqali
hozir bayon etolmasligim men uchun o‘lim bilan baravar. Saylov oldi mitingida ro‘y bergan voqeadan
so‘ng o‘zimni qo‘yishga joy topa olmayman, men hamma-hammasiga, kerak bo‘lsa hatto qotillikka ham
tayyorman. Meni bu qadar mudhish qadamlarga tayyor bo‘lganligim uchun kechirasizlar. Men Ordok
bilan bo‘lgan xunuk voqea domiga sizni tortganday, o‘sha axloqsiz siyosiy merganning mo‘ljalga
naqadar aniq urishini namoyish qilish uchun Sizni go‘yo nishon qilib qo‘yganday bo‘lib qoldim. Sizga
hasrat qilmoqchi emasman, kechirasiz, biroq qilgan ishimdan pushaymondaman: men kimga xizmat
qilganman, kimga tosh tashlaganman — endi bildim, ko‘rligim va o‘taketgan laqmalagim uchun menga
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |