Kutubxonachi.uz
76
Mana Filofey fazoga chiqib olib, dunyo pardasini qiya ochib edi, qandaydir la’nati sir yuz ko‘rsatdi,
lekin odamlar uni ko‘rishni ham, bilishni ham istashmayapti.
Mister Bork, Filofeyning kashfiyotlari nuqul norozilik tug‘dirsa ham o‘sha kashfiyotlarga ishonganim
bo‘lsin. Zamon oxir bo‘lishidan ruhning qiynoqqa tushishining sababini ana shu kashfiyotlarda
ko‘rayotirman (odamlarning haddan ortiq axloqiy buzuqligi dastidan ruhiy qiynoq battar
chuqurlashayotir).
Xudo bandasini nega yaratdi ekan, deb o‘ylab qolasan kishi bu bedodliklarni ko‘rib. Qarang,
Qorabog‘da armanlar bilan ozarbayjonlar o‘rtasida ko‘p yillardan beri olib borilayotgan jinoyatkorona
urushda dala komandirlari o‘lganlarning jasadlari bilan savdo qilishar ekan. Jangda o‘ldirilgan kishining
ota-onalari va qarindosh-urug‘lari uning jasadini dafn qilish uchun sotib olishar ekan. Shu yo‘l bilan
katta pul ishlashar ekan. Shunday hollar ham bo‘lar ekan-ki, o‘z askarini orqasidan o‘zi otib tashlab shu
yo‘l bilan aqcha topishar ekan. Gazetada bu xabarni o‘qib g‘alati bo‘p ketdim. Ana shu kabi jinoiy
harakatlar odamlarning joni-tanlarida aks etmasligi, irsiyatni asta-sekin o‘zgartirmasligi, avlodlarda iz
qoldirmasligi mumkinmi?
Tasavvur qilib bo‘lmaydigan shavqatsizlikka yana bir misol. Turkiyaning bir shahrida adiblarning
Salmon Rushdini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan konferentsiyasi bo‘lib o‘tayotgan mehmonxona
yondirib yuborildi. O’shanda konferentsiya qatnashchilarigina emas, balki mehmonxonada vaqtincha
yashab turgan kishilar ham yonib ketishdi. Bularning hammasini telereportyorlar tasvirga tushirishgan:
bino lovillab yonayotir, tiriklayin yonayotgan kishilar, baholiqudrat harakat qilayotgan o‘t o‘chiruvchilar,
shuning yonginasidagi maydonda mamnunlikdan o‘zida yo‘q xursand bir gala fundamentalist yoshlar.
Ana shular yong‘in chiqarganlarga madh aytmoqdalar, shodlikdan sakramoqdalar, raqsga
tushmoqdalar, qo‘llarini ko‘tarib mushtumlarini silkitmoqdalar, qah-qah otib kulmoqdalar, ana shu
dahshatli manzaradan go‘yo shahvoniy lazzat olmoqdalar. Yoshlarning hayajonli va qasoskor
qiyofalariga ajal yolqinining so‘lg‘in nuri tushib turibdi. Va televideniega tasvirga olishayapti. Axir, bu
badiiy film emas edi-ku!
Bizlar qaerdamiz, bizlarga nima bo‘lgan? Bizlar ana shularning va Germaniyada turk oilalarining
tiriklayin yondirib yuborilish sabablarini o‘zimizdan so‘rashimiz kerak emasmikin? Siz bularni
gazetalardan o‘qigandirsiz?..
Bunday vahshiyliklarni yana ko‘plab keltirish mumkin va ularning biri ikkinchidan dahshatli, bunda
aniq qonuniyat ko‘zga tashlanadi: turli mamlakatlarda jinoiy harakatlar tobora mudhishroq tus olayotir.
Filofey ana shularning hammasi to‘planib genlarda o‘z aksini topishini isbot qildi.
Ilgarilari aqlni Koinotning oliy ne’mati deb ishonar edim, aslida aql Yovuzlikning abadiy quliga
aylangan ekan. Aql qachonlardir qullikdan qutularmikin? Kassandra tamg‘asi xuddi ana shu haqida jar
solmayotirmikin, bizlarni shunga da’vat qilmayotirmikin?
Kechirasiz, mister Bork, faks xatcho‘pini shoshilinch almashtirish kerak...”
“Mister Bork, jahlingiz chiqmasin, mening mulohazalarim uzundan uzoq va Siz uchun u qadar qiziq
emas deb qo‘rqaman. Lekin shu bugun kechasi dilimning tambasi ochildi. Men Sizning boshingizdan
nimalar kechayotganini tushunaman. Siz uchun xavotir olayotirman va jasoratingizga ishonaman.
Mavjud vaziyat haqida bosh qotirar ekanman, shunday fikrga keldim: Filofey orbitada bo‘lsa ham
Yerda ro‘y berayotgan voqealardan chetda qola olmaydi. Agar Siz qarshi bo‘lmasangiz shoshilinch
suratda u bilan aloqa bog‘lash usulini topish lozim; texnikaviy jihatdan bu favqulodda murakkab, lekin
men telekompaniyalardagi do‘stlarim orqali bu ishni amalga oshirishga urinib ko‘rgan bo‘lur edim. Bunga
Siz nima deysiz? Bordiyu rozi bo‘lmasangiz meni ogoh qiling va bunday urinishning amalga oshishi
qanchalik mumkin ekanligini Sizga xabar qilaman.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |