Kutubxonachi.uz
79
a’zosi, uning yurish-turishi boshqalarga namuna bo‘lishi kerak. Biz bu haqda o‘ylamaslikka haqqimiz
yo‘q.
–
To‘g‘ri, hammasi to‘g‘ri, — Jessining so‘zini ma’qulladi Bork. — Lekin shu topda nima deyishimiz
mumkin? Bu ish oila bilangina chegaralanmaydi. Koshki edi shunday bo‘lsa!... O’zingni tut, Jessi. Men
Erikaga xat yozaman, qo‘ng‘iroq qilaman, tushuntirishga, taskin berishga urinaman. Lekin yoshlar ham
o‘z kallalari bilan o‘ylashlari kerak. Ular uchun, ayniqsa, Jon uchun eng keraklisi kompaniya ishining
o‘ngidan kelishidir. Avtokompaniyadan tashqarida ham hayot bor-ku va bu hayot muammolari hamma
uchun va har bir kishi uchun kam ahamiyatga ega emas. To‘g‘ri, ular bir-birini sevishadi, baxtli oila.
O’zing tushunasan-ku, ijtimoiy xudbinlik ham evi bilan-da!
–
Hoy, Robert, seni lektsiya o‘qishga qo‘yib bersa. Xo‘p, qo‘ling bo‘shasa Erikaga faks jo‘natishni
unutma, — Jessi shunday deb yelkasiga jun koftasini tashladi-da, yo‘lga tushdi. U Yungerning
maslahatiga binoan barvaqtroq turib e’lon osib qo‘yishga qaror qilgan edi — e’londa keluvchilarga
murojaat qilib bezovta qilmasliklari so‘ralgan edi. Jessi baroq mushugini ko‘tarib olib yo‘lga chiqdi,
mushukni uyda it-mushuk deyishar edi, bu uy hayvoni mushuk bo‘lsa ham xuddi itga o‘xshab ketar edi.
Har holda uy egalari shunday deb hisoblashar edi.
Jessi uydan chiqar ekan, yo‘l-yo‘lakay sochini tarar va sherik bo‘lib yonida ketayotgan mushukka
nimalardir deb borar edi; xotini ketishi bilan Robert Bork kechasi yozib tugatgan maqolani “Tribyun”
gazetasiga jo‘natish uchun faksga o‘tirdi — bunda u tahririya xodimlarining kelishlariga maqolaning stol
ustida bo‘lishiga va o‘sha zahoti bosmaga tushirilishiga umid bog‘lagan edi. Maqolasining tezlik bilan
chop etilishiga u shubha qilmas edi. Bork maqola matni muallif taqdim etgan shaklda hech qanday
o‘zgarishsiz bosilishi kerak deb qo‘shib qo‘ygan edi. Maqolaning bosilishiga shuning uchun ham ishonchi
komil ediki, “Tribyun” redaktsiyasining boshqa yo‘li yo‘q edi. Gazeta Filofeyning kosmosdan yuborgan
maktubini bosishga jur’at etgandan keyin o‘z mavqeidan voz kecha olmas edi — boshqasini qo‘yavering,
eng muhimi gazeta o‘z obro‘sini, qiyofasini saqlab qolishi kerak edi. Bu shunday bir mislsiz hodisa ediki,
gazetaning “yo hayot, yo mamot” deb ish ko‘rishdan boshqa iloji qolmagan edi...
Bundan keyin qanday hodisalar ro‘y berishi ayon bo‘lib qoldi. Gazeta tevaragida, Filofey tevaragida,
endi bo‘lsa uning, ya’ni Borkning nomi atrofida bo‘ladigan jang tong sahardanoq shafqatsiz va ayovsiz
bo‘lajagi bilinib qoldi. Rostini aytganda hayot-mamot uchun kurash kutilmoqda edi...
Telefaks berilgan matnni sahifama-sahifa yamlab yutmoqda edi. Yaxshiyamki, varaqlarni o‘tkazib
ulgurdi. Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas Robert Bork ko‘chada allambalo hodisa ro‘y berayotganini
payqadi: o‘zlarining mushugi hovlida o‘lguday o‘zi yomon ko‘radigan ko‘ppak bilan betlashib qolgan
shekilli junini hurpaytirgancha yugurib kirib keldi. Hash-pash deguncha Bork oynadan qo‘lida bir to‘p
qog‘oz bilan karton ushlagancha Jessining uyga asabiy holda chopib kelayotganini ko‘rib qoldi. Uning
rangida rang qolmagan, halloslar, go‘yo ko‘chada birovlar tutib olib bo‘g‘ishganu u qo‘ldan chiqib
qochganday.
–
Nima gap, senga nima bo‘ldi? — xotiniga qarab beixtiyor qichqirib yubordi Bork.
–
Robert, bu dahshat, bu vahima! Ko‘rib ko‘zimga ishonmayman — qandaydir yaramaslar hu anavi
yerda, muyulishda mashinalarining oldida g‘o‘dayib turishibdi... qaragin, bir nimalarni yopishtirib
tashlashgan.
Jessi gazetalar bilan birga devordan ko‘chirib olgan qog‘ozlarni stolga tashladi; bu qog‘ozlarga
haqoratomuz, beandisha so‘zlar har xil buyoqlar bilan yozib tashlangan. Bork bularni ko‘rib
serrayganicha qotib qoldi. “Bork ko‘chamizda turadi — bu biz uchun isnod!” — bu so‘zlarni qo‘shnilardan
biri yozgan bo‘lsa kerak. Yana: “Xotinbezor, nafs bandasi Bork, bizning Nyuberidan yo‘qolsin!”, “Nyuberi
feminist ayollari Borkdan hazar qiladi!” Boshqalari bundan ham oshib tushadi: “Bork — razil”, “Bork —
KGB agenti”, “Bork manglayidan otilsin!”, “Ko‘chada ko‘rinma, naq bo‘g‘ib o‘ldiraman! — Kassandraviy
familiyali embrion”.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |