www.ziyouz.com kutubxonasi
14
zid kimsalar emas, balki biri ikkinchisini mukammal qiluvchi hilqatlardir. Tabiat bu ikki jinsni shunday
yaratganki, ularning biri ikkinchisisiz hech qachon barkamol bo‘lolmaydi. Ayting, fe’llari ham, didlari
ham, udumlari ham xuddi bitta qolipdan chiqqanday, bir xil bo‘lgan, bir-birini jon-dildan sevuvchi er-
xotinlarni ko‘rmaganmisiz?
Xo‘sh? Unda muhabbat nima o‘zi, axir?
Muhabbatning tub mohiyatini tahlil qilishga jon-jahd bilan kirishgan Ishoq, agar muhabbat
nizomlarini anglab olib, uni tarkibiy qismlarga ajrata olsa va butun aqlu idrokini safarbar qilib, ularni
tekshirib chiqa olsa, ana shundagina muhabbatni o‘z hukmiga itoat ettira olishiga ishongan edi.
Bilasiz-ku, agar odamzot biron-bir hodisa sirini anglashga muvaffaq bo‘lsa, buning oqibatida u o‘shal
hodisani qisman bo‘lsa-da, boshqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Biroq Ishoqning barcha sa’y-harakatlari zoe ketdi. U Jamilani nima uchun sevishini, baribir, hech
tushuna olmadi. U faqat bir narsani bilardi — Jamila bugun ham uning uchun dunyodagi eng matluba
qiz ediki, u ana shu mahbubasini deb o‘zini qurbon qilishga tayyor edi. Lekin u o‘lishni xohlamasdi.
Ayting, axir kim ham o‘z ixtiyori bilan bu dunyodan — hayot va muhabbatga boy bo‘lgan dunyodan
ko‘z yumib ketishni istardi? Lekin Jamila haqidagi o‘ylari, Jamilaga bo‘lgan muhabbati Ishoqni shu
qadar esankiratib qo‘ygan ediki, u o‘limdan o‘zga chorani topolmadi.
* * *
Ishoq bir seskanib tushib, shezlongdan turib ketdi va ayvonda u yoqdan bu yoqqa yura boshladi.
Nega axir? Nima uchun bunday bo‘ldi? Jamila go‘zal qiz, lekin undan ham go‘zalroq qizlar bor-ku,
dunyoda. U chiroyli raqs tushadi, axir hayotda undan-da chiroyliroq raqs tushadigan qizlar ko‘p-ku!
Vaholanki Ishoq bu yo‘nalishda fikr qilishga ojiz edi, aql-zakovati unga itoat etmayotgan edi.
— Tuturuqsiz gap, g‘irt safsata hammasi! — deya qarshilik ko‘rsata boshladi Ishoqqa uning doxiliy
ovozi, — Jamiladan latofatliroq ayol yo‘q bu dunyoda! Dunyo dunyo bo‘lib, Jamiladek jozibali
raqqosani ko‘rmagan! Bunaqangi zo‘r raqqosa hech qachon bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham, hech qachon!
To‘g‘ri aytishadi: har bir odam o‘z sevish usuliga ega ekan, har qanday muhabbat ham o‘zicha go‘zal,
o‘zicha g‘aroyib va betakror bo‘larkan. Dunyoga kelgan yangi odamlar o‘zlari bilan yana yangicha
muhabbat olib keladilar, ular yangichasiga seva boshlaydilar, vale hech kim hech qachon xuddi
mendek seva olmagay!
Binobarin, Jamila! Faqat Jamila, vassalom!
Kottejga olib keluvchi yo‘lakdan kimningdir oyoq tovushi eshitildi. Ishoq taqqa to‘xtab quloq sola
boshladi. Faqat bir lahzagina uning ko‘nglidan, bu Jamila, hozir u qarshimda paydo bo‘ladi, degan fikr
o‘tdi... Lekin bu qorovul edi — u mehmonxona atrofini ko‘zdan kechirib yurgandi. Ruhiy tushkunlik
alami Ishoq vujudini iskanjaga oldi. U Jamila bilan oxirgi marta janjallashib, Bombaydan bosh olib
chiqib ketayotganida unga, agar olti kun ichida mening oldimga, “Atirgul oteli”ga bormasang,
yettinchi kuni o‘zimni o‘ldiraman, deb qat’iy shart qo‘ygandi. Shunda Jamila cho‘chib ketib, uning
qo‘lidan mahkam ushlab olgan va: bunaqa jinnilik qila ko‘rma, deb unga tasalli bera boshlagan, keyin
shunday degan edi:
— Ha, yaxshi, boraman. Lekin, bu qaysarliging g‘irt bema’nilik ekanini senga isbotlagani boraman
faqat!
Afsuski, yo‘lakdan faqat tungi qorovul yurib o‘tdi...
Ishoq Jamilaning kelishidan deyarli umidini uzgan edi, shunday bo‘lsa ham, “balki birdan” degan
qandaydir mavhum umid uning bir-biriga chalkashib ketgan xayollari atrofida xuddi olachipor qanotli
parvona singari uchib yurardi. Uning qulog‘iga Jamilaning kulgisi, baland poshnalarining “duk-duk”i
eshitilardi... Lekin mana, oradan ikki kechayu ikki kunduz o‘tgan bo‘lsa ham, hanuz undan darak
bo‘lmadi. Bu tun ham tugayapti. Oxirgi poezd ham o‘tib ketdi. Bugun poezd boshqa kelmaydi
Bombaydan; demak, Jamila ham bugun kelmaydi. Bas, shunday ekan, axir nega, nega mudom uning
yo‘liga ko‘z tikmoqdasan?
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |