www.ziyouz.com kutubxonasi
6
— Siz kemaning mashina bo‘limida hech bo‘lganmisiz? — deb so‘radi u Ishoqdan.
— Yo‘q, hech qachon.
— Men ham ko‘rishni xohlayman! — dedi Jamila sevinib ketib.
— Yo‘q, Bebi, u yerda hammayoq mazut, moy, sariying iflos bo‘ladi.
— Bo‘lsa bo‘lar! — dedi Jamila injiqlik qilib. — Men mashinalarni ko‘rmoqchiman.
Mo‘ltoniy, iloj qancha, degandek qo‘llarini yoydi. Jamila xuddi go‘dak boladay shirin kuldi va chapak
chalib yubordi.
Jamilaning bo‘yi Shakuntala bilan Sanjananikidan sal pastroq edi; garchi uning qaddi-qomati
to‘lishishga moyildek ko‘rinsa ham, bu qiz Ishoqqa bag‘oyat yoqimtoy bo‘lib ko‘rindi. Ayniqsa, uning
go‘dak bolalardek sho‘x kulishi va mashina bo‘limini ko‘rishga astoydil ishtiyoqi Ishoqni rom qilgan
edi.
* * *
Agar palubadagi lyuk oldida turib pastga, kemaning qursog‘iga joylashgan mashina bo‘limiga
qaralsa, u naq do‘zax bo‘lib ko‘rinadi. U yoqdan do‘zaxiy jazirama va dim havo tinmay ufurib turardi.
Pastda, juda chuqurlikda hammayog‘iga moy surilganidan yaraqlab turuvchi g‘oyatda murakkab qop-
qora mashinalarning sharpasi ko‘zga tashlanadi. U yerdagi qora jomakorlar kiygan olovkorlar
palubada turgan odamlarga xuddi mitti qo‘g‘irchoqlardek bo‘lib ko‘rinishadi. Mashina bo‘limiga
tushuvchi aylanma zina bir-biriga chalkashib ketgan turli xil quvurlar va jumboqli mexanizmlar
orqasidan o‘tgan.
— O, bu yer juda ham issiq ekan, — dedi Ishoq.
— Kayutaning issig‘i ham bundan qolishmaydi! — deb e’tiroz bildirdi Shakuntala.
— Qani, tushdik bo‘lmasa.
Zina juda tor edi, agar ikkita odam to‘qnash kelgudek bo‘lsa, bir-birining yonidan zo‘rg‘a qiynalib
o‘tardi. Buning ustiga, zina pastga tushgan sari yana ham torayib borardi.
Qizlar pastga ko‘z tashlab cho‘chib ketishdi va orqalariga tisarilishdi — bunday tor zinadan yakka-
yakka bo‘lib tushish qo‘rqinchli edi. Garchi janob Moti Ram Mo‘ltoniy, qizlarni mehmon qilish,
shampan vinosi bilan siylash uchun jonini ayamasa ham, ularga o‘z kechmishlari haqida maroqlanib
hikoya qilishga suyagi yo‘q bo‘lsa ham, lekin ularga yordam qo‘lini cho‘zishga mutlaqo jur’at eta
olmasdiki, buni Ishoq bir qarashdayoq sezdi. Haqiqatan ham, Mo‘ltoniy hammadan keyinda turib olib,
xonimlarni zinadan tushishga undar, sarilaringizni temir tutqichga tekkizmang, mazut dog‘i yuqishi
mumkin, deb ogohlantirardi.
Xo‘sh, qizlar nima qilishsin? Qo‘llari va sarilarini iflos qilmaslikka urinsinlarmi yo bu noqulay zinadan
tushayotganda qoqilib ketib yiqilmaslik tashvishini qilsinlarmi? Boz ustiga, vahimaga tushib, oh-voh
qilishlari ham kerak bo‘ladi hali! Tag‘in, hammasi birvarakayiga! Yo‘q, bu sira mumkin emas!
Umuman olganda, mumkin. Bu qizlarning har bittasi zinadan hech qiynalmay chopib tushishi va
shunday osonlik bilan yuqoriga chopib chiqishi hech gapmas. Navnihol, kuchli, sog‘lom qizlar uchun
buning hech qiyin yeri yo‘q, lekin axir o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini erkaklarga namoyish
qilinsa, uyat bo‘lmaydimi? Axir sharmandalik-ku, bu! Qolaversa, qizlarning bunaqa qilig‘i erkaklarga
ham yoqmaydi... Unda qanday tushishsin zinadan? Xonimlar taraddudda turib qolishdi. Shunda Ishoq
Sanjanaga qo‘lini uzatib, dedi:
— Ijozatingiz bilan, sizga yordamlashay!
Sanjana dam oh-voh qilib, dam chiyillab, zinaning birinchi pog‘onasiga qadam qo‘ydi. Shakuntala
bilan Jamila unga ergashdilar. Ular orqasidan Mo‘ltoniy pillapoyaga qadam qo‘ydi. U Ishoqning
Sanjanani qo‘ltiqlab olganini ko‘rib, qattiq xijolat bo‘ldi va go‘yo burnini artmoqchi bo‘lganday,
cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, uyalganidan cho‘g‘day qizargan yuzini to‘sdi. Pastda zina toraya
boshlagan yerda Ishoq har bitta qizni birin-ketin belidan quchib, uchoviga ham ko‘maklashdi. Bu hol
boyagina birgalikda shampan vinosi ichgan qizlar bilan o‘zi o‘rtasida beixtiyor g‘alati yaqinlik tuyg‘usini
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |