www.ziyouz.com kutubxonasi
3
ancha bosiq, tabassumlari so‘niq edi. Mana, Ishoq gapdan to‘xtadi, dengizchilar shosha-pisha tarqala
boshladilar. Ishoq qotmadan kelgan novcha odam bilan yolg‘iz qoldi. Quvnoq ulfatlarning tarqab
ketishiga sababchi bo‘lgan bu odamga Ishoq o‘qrayib qaradi. Cho‘tir, qiyofasi, kiyinishi va o‘zini
tutishiga qaraganda, zobitga o‘xshardi. Zobit — hamisha boshqa olam kishisi, dengizchilar olamidan
mutlaqo chetda bo‘lgan muhit odami. Bir-biriga begona bo‘lgan bu ikki olam vakillarining
to‘qnashuvidan doimo o‘rtada o‘t chaqnay boshlaydi. Ishoq o‘z hikoyasi nihoyasida tish g‘ijirlaganini
aniq eshitgandi. Shuning uchun ham bu daroz zobitga u g‘azab bilan qaradi.
— Meni kechiring, — dedi zobit o‘zini tanitmay. — Siz bo‘lsangiz kerak-a, mashhur yozuvchi Ishoq?
— Ishoqmanmi, cho‘ltoqmanmi, to‘mtoqmanmi — sizga nima? — dedi Ishoq jahl aralash stolga
musht urarkan. — Nega hamma narsaga tumshuq tiqasiz?
Novcha zobit esankirab sal o‘zini orqaga tashladi. Biroz muddat ikkovlari jim qolishdi, keyin zobit
yana gapira boshladi:
— Iltimos, kechiring meni... Bilasizmi, sizni uchratganimdan suyunib ketuvdim. Mening ismim
Mo‘ltoniy, “Nizom” paroxodida ikkinchi mexanik bo‘lib xizmat qilaman. “Nizom” uch kundan keyin
dengiz safariga jo‘naydi. Shuning uchun, sizni ko‘rgan zahotim, — men bir qarashdayoq tanidim sizni:
suratlaringizni gazetalarda ko‘rganman, — siz bilan yaqinroq tanishish istagi tug‘ildi menda.
Shuniychun ham, gapingiz tugashini kutib o‘tiruvdim; garchi dengizchilar davrasida bo‘lishni jinim
yoqtirmasa ham, tishimni tishimga qo‘yib bo‘shashingizni kutdim... Bildingiz?
Mo‘ltoniy sal manqalanib gapirardi, shunga ko‘ra “bildingiz” so‘zi Ishoqning qulog‘iga “bildiz” bo‘lib
eshitildi. Bu so‘z Ishoqqa yoqib qoldi. U jilmaydi. Mo‘ltoniy dadillashib, stulini yaqinroq surib o‘tirdi va
yana gapira boshladi:
— Sizni ertaga kechqurun men bilan kechlik qilgani “Nizom”ga taklif qilsam bo‘ladimi? Men sizga
kemamizni ko‘rsatardim, siz uchun quling o‘rgilsin vino ham olib qo‘yganman. Siz ichsangiz kerak-a?
Ha, hamma yozuvchilar ichishadi, bildiz!
Yana “bildiz”! Ishoq xoxolab kulib yubordi va Mo‘ltoniyning qo‘lini shunday mahkam siqdiki, u:
— O, kimsan o‘zi: yozuvchimisan yo ezuvchimisan? — dedi hayratlanib va bu hazilidan mamnun
bo‘lib o‘zi ham kulib yubordi. — Men senga o‘zimning life-storimni so‘zlab beraman. Ya’ni o‘z
hayotimni. Keyin sen uni kitob qilib yozasan. Kelishdikmi? Borasan-a?
— Boraman, — deb rozilik bildirdi Ishoq va ayni paytda, undan qochib qutulish yo‘lini o‘ylay
boshladi.
Lekin Mo‘ltoniydan qochib qutulishning imkoni bo‘lmadi. U Ishoqni Billard bandargohidagi
bojxonaga boshlab bordi va ijozatnoma olib, uni Ishoqqa tutqazdi.
— Ertaga kechqurun roppa-rosa soat oltida shu yerda kutaman. Albatta keling. Uch kundan keyin
biz Janubiy Amerikaga jo‘naymiz, bildiz?.. Sen nima ichasan, viskimi yo brendimi? Har ehtimolga
qarshi, unisiniyam, bunisiniyam topaman. Kemada spirtli ichimliklarni ichish man qilinmagan —
xurmachangga siqqancha ichaverasan... Ha, yaxshiyam esimga tushdi. Men hali yana shampan vinosi
ham topishim kerak!.. Ha-a... Qaerdan topsam bo‘larkin-a?
Ishoq uning cho‘zib aytgan “ha-a” so‘zini eshitib so‘radi:
— Sen mabodo Sind viloyatidan emasmisan?
Mo‘ltoniy Ishoqning bu topqirligidan suyunib ketib, og‘zini tanobi qochdi.
— To‘la ism-sharifing qanday? — yana surishtira boshladi Ishoq.
— Moti Ram Mo‘ltoniy.
— Qani, menga ayting-chi, janob Moti Ram Mo‘ltoniy, kemada viski va brendi bor ekan, shampan
vinosini izlashingizga sabab nima?
— Sabab — xonimlar ham taklif qilingan, — deb javob qildi Mo‘ltoniy.
“Xonimlar!” — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Ishoq. U hozir Mo‘ltoniy bilan xayrlashgach, ijozatnomani
yirtib tashlamoqchi va mehmonga taklif qilinganini unutmoqchi edi, ammo xonimlar daragini eshitib,
hujjatni avaylab taxlab cho‘ntagiga soldi. Ayollar! Shampan vinosi ichadigan ayollar! Bunaqa
xonimlarni u shu paytgacha faqat kitoblarda, ya’ni o‘zining va o‘zga adiblarning kitoblaridagina
Musaffo osmon (qissa). Krishan Chandar
Do'stlaringiz bilan baham: |