www.ziyouz.com kutubxonasi
128
mag‘rurlik boshqa hech bir jonzotda yo‘q. Sen tsirkda bo‘rini o‘ynatganlarini hech
ko‘rganmisan? Ha, ko‘rmagansan. Fildan tortib ilongacha bir luqma ovqat uchun
insonlarga masxara bo‘ladi. Faqatgina bo‘ri bo‘ysunmaydi. Sen turkiylardansan.
Ajdodlaring e’tiqod qilgan ramz nima bo‘lgan, bilasanmi?
Nuriddin aybdor odam kabi nigohini olib qochib, yelka qisib qo‘ya qoldi.
— Qurt, ya’ni bo‘ri. Turkiylar bayrog‘ida bo‘ri tasviri bo‘lgan, deb eshitganman.
Turkiylar qadimda shunday erksevar bo‘lgan ekanlar. E, u zamonlar o‘tib ketdi. — Yanis
shunday deb xo‘rsindi. — Biz ham ozodlik sevuchi xalqmiz. Men bu qamoqni nazarda
tutayotganim yo‘q. Meningda, seningda vataning ulkan bir qamoqqa aylantirilgan.
Bizlarning yurtdoshlarimiz esa tutqunlar. Mening xalqim tutqunlikka ko‘nikib
yashaydigan toifadan emas. Sen hozir «Yanis amakimga yangilik aytdim», deb
o‘ylayapsanmi? Men shunday bo‘lishini kutardim. Bugun bo‘lmasa ertaga albatta
qilishardi shu ishni. Seni bo‘lmasa boshqalarni yollashardi. Nafsga qul bo‘lganlar ozmi bu
dunyoda?
— Men yollanganim yo‘q, — Nuriddin shunday dedi-yu, ammo unga tik qaray olmadi.
— Men shunchaki misol tariqasida aytyapman. Sen bilan biz ikki tomonlama
mahkummiz. Bundan qutularmiz, biroq Vatan tutqunligichi? Sen «bularni nima uchun
qiynasharkin?» deb garang bo‘layotgandirsan? Bilib qo‘y: biz uchun dunyoda eng shirin
so‘z — ozodlik! Ular shu so‘zni aytuvchi tillarni kesadilar. Erkin nurga tashna ko‘zlarni
o‘yib oladilar. Bunga ajablanmaslik kerak. Axir sen mol so‘ygan qassobga qarab
ajablanmaysan-ku? Nuriddin, sen hali yoshsan, ko‘p narsalarga tushunmaysan.
Tutqunlikda tug‘ilganing uchun ko‘zlaringni ocha olmaysan. Men esam vatanimning
qanday tutqun bo‘lishini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Bir tasavvur qilgin-a, qassob o‘z
onangni ko‘z oldingda bo‘g‘izlasa... Men ana shunday odamman. O‘lganimdan so‘ng
yuragimni tilib, ochishsa, qon o‘rnida zardob ko‘rishadi. Sizlar buni taqdir deysizlar. Biz
esa bunga murosa qila olmaymiz. Men, agar bilsang, shu azoblarga duch kelganimdan
xursandman. Uyida qorin g‘amida yotgan tuyg‘usiz odam qatoriga tushib
qolmaganimdan quvonaman. O‘lib ketsam ham ranjimayman, axir ruhim ozod tarzda
qoladi-ku? Agar mening o‘limim vatanim ozodlik onlarini bir daqiqaga ham yaqinlashtira
olsa ming-million martabalab qayta-qayta o‘lib berishga roziman. Agar bilsang, yer
yuzidagi hamma jonzotlar o‘z uyasini qadrlaydi, himoya qiladi. Biz esa... shularchalik
ham emasmiz, mening armonim shu xalos. Ovqat yeyishni bilamiz, kiyinishni bilamiz,
maishatni bilamiz, chiroyli so‘zlashga ustamiz, ammo Vatan qadrini bilmaymiz. Uyimizga
o‘g‘ri tushsa dod solamiz, Vatanni talasalar indamaymiz. Sen bularni tushungin,
Nuriddin. Bu yerdan chiqib borganingdan keyin sen ham qorin g‘amiga tushib qolmagin.
Ular bizlarni xuddi tramvay kabi o‘z izlaridan yurmog‘imizni, ular istagan yerda to‘xtab
o‘tmog‘imizni xohlaydilar. Biz tramvay emas, unutma, bizlar erkin qushlarmiz. Qani edi,
burgut bo‘la olsak...
Nuriddin bu gaplarni eshitib, ajablandi. Bugunmi yo erta-indinmi boshiga kulfat
yog‘ilay deb turgan odam o‘z qayg‘usini o‘ylamay, shu gaplarni aytib o‘tirsa. Kulfatni tik
turib qarshi olish — mutelikmi yo mardlikmi? Alhol Nuriddin bu savolga javob topa
olmadi. Shundan so‘ng qo‘li ishda, xayoli esa Yanisda bo‘ldi. O‘zi istamasa-da, beixtiyor
ravishda unga tez-tez qarayverdi. Nuriddinning holatini anglagan Yanis sir boy bermay,
sovuqqonlik odatiga xilof qilmagan tarzda ishi bilan mashg‘ul bo‘laverdi. Yana bir chekish
bahonasida hordiq chiqarishayotganda:
— Sharqliklarning juda zo‘r hikoyasi bor, aytaymi, eshitasanmi? — deb qoldi. Nuriddin
Yanisning indamay ishlayotganidan siqila boshlagan, hozir hikoya aytadimi yo boshqa bir
balonimi, unga farqsiz, sherigi gapirsa bas edi. Shu bois «ayting», deb darrov ko‘na
qoldi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |