www.ziyouz.com kutubxonasi
125
— Yomonlikni? Qanaqa yomonlikni?
— Bu yoqqa yur, — Tengiz shunday deb uni barakning chiroq nuri tushmaydigan
qorong‘u tomoniga boshladi. — Bir fitna tayyorlanyapti. Yomonlikni bizning qo‘limiz bilan
amalga oshirishmoqchi.
— Birovni o‘ldirish kerakmi?
— Birovni o‘ldirish uchun bosh qotirib fitna yasash shart emas. Bir janjalning uyasini
kavlab berishimiz kerak.
— «Biz» deganingiz kim?
— Sen, men, mening atrofimdagilar, yana besh-oltita ahmaq. Bir-ikki kun ichida Yanis
amakingga o‘xshab Boltiq bo‘ylaridan kelganlar yoppasiga do‘pposlanishi kerak. Ular
ham kaltak yeyishlari kerak, ham janjal boshlagan, degan aybni bo‘yinlariga olishlari
shart. Balki biz tomondan odamlar yaralanar, balki o‘lar. Menga aniq aytishmagan bo‘lsa
ham ko‘nglim shuni sezib turibdi. Agar ko‘nglim aldamasa, odam o‘ldirilsa, eng avvalida
Yanis amaking ketadi.
Tengiz «Yanis amaking» deb aytayotgan odam bilan Nuriddin ko‘pincha birga ishlardi.
Tursunalidan bezib, uzoqlashgan paytda unga shu muloyim odam bilan sherik bo‘lib
ishlash ma’qul kelib qolgan edi. Yoshi oltmishdan oshib, kuchdan qolgan, ba’zan xastalik
huruj qilganda azob chekuvchi bu odam o‘zini mehnatdan olib qochmasdi. Imkoni
boricha o‘z vazifasini bajarishga intilardi. Nuriddin ko‘maklashmoqchi bo‘lganida «har
kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak», deb unamas edi. Ana shu beozor odam nima gunoh
qilibdi-ki, uni do‘pposlashsa, so‘ng esa «qotil» degan tuhmat bilan ayblashsa...
— Gapimga tushunmading-a? — dedi Tengiz. — Sen juda xomsan, bola. Ha, xomsan!
Yanis amaking nima uchun qamalgan, bilasanmi?
— Ha, ishxonasida elektr choynakdan o‘t chiqqan ekan...
— Bu bir bahona, Hamzat. Yanis amaking aslida siyosiy mahbus. Lekin bizning «erkin
va ulug‘» Sovetlar mamlakatidan siyosiy qarashlar uchun qamash mumkin emas. Uning
tajribaxonasiga o‘t qo‘yishib, tuhmat bilan qamashgan. Aslida u zo‘r fizik olim bo‘lgan.
Vatanini ruslar bosib olganini ochiq aytgan, xalqini ozodlik yurishiga da’vat etgan. Mana,
sening ham, mening ham yurtimni ruslar bosib olishgan. Biz shuni ochiq ayta olamizmi?
Yo‘q. Mayli, men bir o‘g‘riman, bunaqa gaplarga aqlim yetmas. Sen ham g‘o‘rsan,
yoshsan, ilmi yo‘q bir qovoq kallasan. Seni ham ayblab bo‘lmaydi. Lekin olimman,
zo‘rman, deb kerilib yurganlarimiz aytishadimi? Yo xalqiga yuzlanib, turlaring, ozodlik
uchun kurashlaring, deydimi? Shuning uchun ham Yanis amakingni hurmat qilaman.
Hozir Moskvada Yanisga o‘xshaganlar rus hukumati bilan teppa-teng olishadigan bo‘lib
qolishgan. Nazarimda ular siyosiy mahbuslarini ozod etishni talab qilishyapti. Bu
hukumatni chaqayotgan eng muhim narsa — ular Sovet Ittifoqidan ajralib chiqay deb
turishibdi. Mosk-va endi ularni shirin yolg‘onlari bilan ushlab turolmaydi. Fitnasiz ish
bitirishi qiyin. Shuning uchun hamma yerda har turli fitnalar ko‘tarishga buyruq
kelganga o‘xshaydi. Bu yerdagi fitna bizning qo‘limiz bilan bo‘ladi.
— Ko‘nmasakchi? Ur, desa uraveramizmi? O‘g‘rilarning or-nomusiga to‘g‘ri kelmaydi-
ku, bu? Siz tomondan xoinlik bo‘lmaydimi?
— Bu gaplarni qo‘y, Hamzat. O‘g‘rilar hech qachon bularga xizmat qilmagan va
qilmaydi ham. Gap yanislarning taqdiri ustida ketyapti. Ularni urmasak bo‘lmaydi.
— Nega? — Nuriddin ajablanganidan ovozini bir parda ko‘targanini o‘zi ham sezmay
qoldi.
— Baqirma, — dedi Tengiz yelkasini mushtlab. — Aqlingni ishlat: biz urmasak,
boshqalar o‘ladigan qilib uradi. Avval menga topshirishdi bu ishni. Keyin Koshakni ham
chaqirishdi. Unga nima deyishgani noma’lum. Agar yo‘q, desak payimizga tushishadi.
Men-ku, bundan qo‘rqmayman, sendan havotirdaman. Erta-indin muddati tugaydigan
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |