www.ziyouz.com kutubxonasi
127
odam esa yanglishadi. Chunki bu bokira ko‘rinishidagi olam eshigi bittagina. Kirmoq
boru, o‘z oyoqlari bilan yurib chiqmoq yo‘q. Ortga faqat tobut ichida qaytiladi.
Tengiz bu haqiqatni avvaldan bilardi. Bu olam uning ko‘zlariga bokira bo‘lib
ko‘rinmagan. U bor fasodlarini, mavjud botqog‘u balchiqlarini bilgani holda qadam
qo‘ygan bu olamga. «Bir boshga — bir o‘lim bo‘lgach, qaerda va qanday holatda jon
berishning nima farqi bor? Eng muhimi — dunyodan ko‘ngling talab qilgan darajada
lazzatlanasan, dunyodan o‘zing istagancha qasos olasan». Tengiz kashf etgan falsafa
mag‘zi shu edi. Ammo bu «falsafa»ga zid o‘laroq, ko‘ngil o‘tmish hayotini qo‘msab
turardi. Shunda u ikki kemaga ikki oyog‘ini qo‘yganday his etadi o‘zini. Bu holatda uzoq
suza olmasligini, g‘arq bo‘lajagini biladi. Bilsa-da, holatini o‘zgartirmoqni istamaydi.
Tengiz kimsasiz maydon chetida junjikkanday qunishib turdi-da, to‘rtinchi barakka
borib, Koshakni chaqirtirdi. Koshak maykachan chiqib, Tengizga yaqinlashgach og‘zini
baralla ochib esnadi. Dimog‘idan ufurilgan qo‘lansa hiddan Tengiz aftini burishtirdi.
«Xo‘jayin bo‘ktirib ichiribdi-da», deb o‘ylab g‘ashlandi.
— Nima deysan, Knyaz? — dedi Koshak junjikib.
— «Enze»
23
dan ol, uyqu qochdi, — dedi Tengiz ham homuza tortib.
Koshak «menda yo‘q», demoqchi bo‘ldi-yu, Tengizning o‘tkir nigohiga qarshi bora
olmay, ichkariga qaytdi-da, uch kesim kolbasa bilan yarmi ichilgan aroq shishani ko‘tarib
chiqdi. Tengiz chindan ham ichgisi kelayotgan odam kabi shishani uning qo‘lidan tortib
olib ko‘tardi. Koshak uzatgan kolbasani olmay «kuf» degach, labini kafti bilan artib
qo‘ydi.
— Koshak, ko‘ngil Sochini, Yaltani qo‘msayapti. Dengiz... Sohil... Jononlar...
restoranlar... — Tengiz shunday deb yana ikki qultum ichdi.
Shu turganicha aroqni asta-sekin ichib bo‘shatish asnosida gapni chuvaladi. Koshak
chaqirilgan zahotiyoq «Knyaz xo‘jayinlarning gapini so‘raydi», deb gumon qilgan edi.
Biroq uning kutgani bo‘lmadi: Tengiz chaqiruv sababini so‘ramadi. Aroq ko‘ngil taftini
bosganday bo‘lgach, xayrlashib, o‘zi yotadigan barakka qarab ketdi.
U Nuriddin kabi uxlay olmay qiynalmadi. Aroqning quvvati allalaganday bo‘lib,
kipriklariga uyqu qo‘na qoldi.
Nuriddin ertasi kuni chekish bahonasida dam ola-yotgan Yanisni kutilajak ofatdan
xabardor etdi. Yanis Nuriddin kutganidek sapchib tushmadi, g‘azablanmadi ham.
Shimolliklarga xos sovuqqonlik bilan o‘zgarishsiz o‘tiraverdi. Nuriddin bu fitnada o‘zining
ishtirok etishi mumkinligini aytmadi. Aksincha:
— Siz xafa bo‘lmang, biz sizni himoya qilamiz, — deb uning ko‘ngliga dalda bergisi
keldi. Bu shunchaki manzirat emas, yigit qalbining ahdi edi. Uyqusiz kechgan tun uni
shu qaror bilan tongga yetkazgan edi. Tengizning ogohlantirishiga qaramay, shu
maqsadda to‘xtaldi.
— Yo‘q, Nuriddin, kerakmas,— dedi Yanis,— qamoqda har bir odam o‘zini o‘zi himoya
qilishi kerak.
— Odam odamga bo‘ri bo‘lib yashashi kerak, demoqchimisiz?
— Bo‘rimi...— Yanis shunday deb kulimsiradi. Uning bu nim kulgusi quvonch yeli bilan
emas, afsus shamoli bilan uyg‘ongan edi. — Bo‘rilarni kamsitma, Nuriddin, agar
odamlarda bo‘ri tuyg‘usi bo‘lsaydi, odam bosh-qacha yashardi.
Nuriddin Yanisning bu gaplarini fahm etmadi, tushunmaganini yashirmay so‘radi:
— Odamlar bo‘riga o‘xshasa deysizmi?
— Ha, bo‘riga o‘xshasa... Bo‘rilar odamlar kabi bir-birlarini g‘ajimaydilar. Ular ahil
yashaydilar. Ular ozodliklarini hech nimaga alishmaydilar. Bunday ahillik, bunday
23
Ehtiyotdan yashirib qo‘yilgan aroq nazarda tutilyapti.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |