www.ziyouz.com kutubxonasi
124
bahona bo‘lib Omonullo jazolandi — o‘yindan tamoman chetlashtirildi. U hatto birovga
maslahat berish huquqidan ham mahrum edi.
Omonullo o‘yin qizimay turib Safar bilan ertalab uchrashishni kelishib oldi. O‘yin «sen
g‘irrom qilib yutyapsan», deydigan darajaga yetganda sekingina turib, chiqib ketdi.
FITNA
(Qotillikdan avvalroq sodir bo‘lgan voqea)
Omonullo Berlin devorlari qismati haqida piching so‘zlarni aytayotgandan, o‘rtoqlari
esa besh yuz kunga mo‘ljallangan iqtisodiy rejani inkor qilib o‘tirishgandan ancha ilgari,
tunda, qamoq lagerida bir fitnaga tayyorgarlik boshlangan edi.
Nuriddin o‘sha kuni uyidan maktub olib avval quvondi, keyin ko‘ngli cho‘kdi.
Maktubda dilga og‘ir botuvchi satrlar yo‘q edi. Qishloqdagi hammaning sihat-salomatligi
haqida yozilib, oxirida «o‘rtog‘ing Sherdor uylanyapti», degan xushxabar aytilgandi.
Nuriddinning nazarida shu xushxabar botininda onasining armonlari yashiringanday
bo‘ldi. Harbiyga ketayotgan paytida onasining ma’yus uzori yana ko‘z oldida gavdalandi.
Nuriddinni sakkizinchi sinfdan so‘ng o‘qitishga qo‘llari kaltalik qildi. Harbiydan olib
qolishga esa undan-da kaltalik qildi. Shunda ham noshukr bo‘lmay, umid bilan kuzatgan
edi. «Birortasini xushlab qolgan bo‘lsang aytib ket, unashtirib qo‘yay, kelishing bilan,
Xudo hohlasa, to‘y qilamiz», — degan edi. Nuriddinning hushlagani bor bo‘lsa-da,
onasiga dadil aytishga jur’ati yo‘q edi. O‘rtoqlari birin-sirin uylanyapti. Har birining
to‘yida onasining yarasi yangilanadi. Nuriddin onasining shu holatini ko‘z oldiga keltirib,
ezildi. Barcha uyquga ketganida ham u mijja qoqmay yotdi. Tun yarimlaganda
mizg‘iganday bo‘ldi. Tush ham ko‘rdi shekilli... Biroq, bu tushmi edi yo ro‘yomi, farqlay
olmadi. Nazarida ko‘zlari ochiq edi. Darbadar to‘satdan paydo bo‘lmadi, barak eshigini
ochib kirdi-da, taxtalarni g‘ijirlatib yurib kelib, uning ro‘parasida to‘xtadi. Ha,
taxtalarning g‘ijirlaganini aniq eshitdi.
— Ha, toy bola, uyqu kelmayaptimi?
Nuriddin ajablandi: uni kichikligida «toy bola», deb erkalashganini Darbadar qaydan
bildi ekan?
— Sen bunda bedorsan, yurtda esa barcha g‘aflat uyqusidadir. Ozodlik istovchi qalblar
muhrlangandir. Qalblarning qullikka moyil ekanini bilurmisan, bo‘tam? Uyg‘onish fursati
kelganini anglayurmisan, bo‘tam? Yurak qonlari ila Vatan bog‘in obod qilmoqni fahm
etmasmisan, bo‘tam?
Darbadar savollar berdi-yu, nechundir javob kutmadi. Balki Nuriddinning bu
savollarga javob qaytarmog‘iga aqli qosir ekanini bildimi ekan? U taxtalarni g‘ijirlatib
yurib kelgan edi, turgan yerida tutunga aylandiyu shipga ko‘tarilib ko‘zdan yo‘qoldi.
Nuriddin bu sir-sinoatni tushunolmay garang bo‘lib yotganida mahbuslardan biri unga
yaqinlashib, yelkasidan asta turtdi-da, «tashqariga chiq, kutishyapti», deb tezgina iziga
qaytdi. Nuriddin bu yerda «kim chaqir-yapti, nima uchun?» degan savol berilmasligini
bil-gani sababli indamadi. Bu yerlarda chaqirildingmi, bas, chiqishga majbursan.
Yaxshilik bilan chaqirilgan bo‘lsang, yaxshilik bilan qaytasan, tongni o‘z o‘rningda
qarshilaysan. Yomonlik qasdida chorlangan bo‘lsang, to‘shaging yetim qoladi.
Nuriddin bir necha daqiqa harakatsiz yotgach, qaddini ko‘tardi. Barakdan sal narida,
maydon chekkasidagi daraxtga suyanib sigaret tutatayotgan Tengizni tanib, xavotirsiz
ravishda o‘sha tomon yurdi.
— Ha, Hamzat, — dedi Tengiz uning salomiga alik olib, — uyqungni harom qildimmi?
— Yo‘q, uyqum kelmay yotuvdim, — dedi Nuriddin.
— Odamning ko‘ngli sezgir bo‘ladi, yomonlikni tez payqaydi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |