www.ziyouz.com kutubxonasi
126
ahmaqlar bilan Koshak ishga kirishguday bo‘lsa, yomon qiladi. Shuning uchun seni
chaqirib aytishsa, haqiqat talashma, jig‘iga tegma. «Yaxshi bo‘ldi, qo‘lim qichib turuvdi»,
deb qo‘ya qol. Urush chiqsa sen Yanis amakingni urasan. Unga tayinlab qo‘y, u
boshqalarga aytsin, olishib, mushtlashib yurishmasin, qo‘llariga hatto temir qoshiq ham
olishmasin. Faqat o‘zlarini himoya qilishsin, boshlari bilan biqinlarini ehtiyot qilishsin.
O‘zing ham ehtiyot bo‘l. Ola-tasirda Koshakka o‘xshagan bir ahmaq sengami yo
mengami pichoq tiqvolishi mumkin. Angladingmi? Bor, endi uxla.
Shu gaplardan keyin odamning uyqusi kelar ekanmi? Nuriddin bir to‘p chaqirtikanak
ustida yalang‘och yotganday qiynalib chiqdi. Siyosat bobida ongi past darajada bo‘lgan
bu yigit qamoqdagi bir keksa odamning Moskvadagi hukumatga qanday yomonlik qilishi
mumkinligini bilolmay garang edi. Har qanday raqib uchun, ayniqsa siyosiy muxolif
uchun odamning jismigina emas, balki fikri, ruhi ham xavfli ekanini anglash martabasiga
yetmagan edi. Buni Darbadar tushunishi mumkin edi. U yo‘qlik dunyosida, fikrlari esa
muhojirot tuproqlariga singganicha qoldi. Faryod-larini tog‘u toshlar bag‘riga ololmadi,
ko‘zlaridan oqqan alamli yoshlardan zamin seskandi.
Nuriddin Darbadar bilan Yanis taqdirida o‘xshashlik topmadi. Zohiran shunday, u haq
edi. Biroq qalblar yarasi ikkovida birday edi. Darbadar «Oh, Vatan!» deb jon berdi. Yanis
ham shu qalb faryodi bilan bu azoblarga yo‘liqdi. Endi esa yana bir do‘zax azobiga hukm
qilinib turibdi.
Nuriddinning izidan qarab qolgan Tengiz barakka, yotar joyiga kirmadi. Qamoq
lagerining hamma uchun majbur bo‘lgan qat’iy qoidalariga amal qilmaslik uning odatiy
holi edi. Faqat o‘zi emas, balki uning iltifotiga sazovor bo‘lganlar ham bu qoidalarni
buzishga haqli edilar. Ana shuning uchun ham Nuriddin tunda barakdan, kunduzi esa ish
joyidan nari ketsa birov tanbeh bermasdi. Tengizning o‘ziga-ku bu yer nomigagina
qamoq edi. U «o‘ziga xon, o‘ziga bek» bo‘lsa-da, bosar tusarini bilmay qadam bosmasdi.
Qamoq lageri hojalariga bo‘ysunmaganday yursa-da, ular tomondan tasodifiy zarbani
kutib yashardi. Bu oqshom Yanislarga uyushtirilayotgan fitna uni sergak torttirdi. Qamoq
lageri boshlig‘ining muovini chaynalib, gapni aylantirdi. «Yuqoridan buyruq kelganini,
bajarishga majbur ekanini» afsus bilan ayt-di. Aslida «yanislarga hech bir da’vosi
yo‘qligini» bildirib qo‘yishni ham unutmadi.
Tengiz yuqoridan buyruq kelgach, bu bechoralarning bajarishga mahkum ekanliklarini
yaxshi bilardi. Shuning barobarinda «ulug‘ og‘alar»ning kichikroq xalqlar vakillariga
zug‘um qilishdan lazzat olishlari ham ma’lum unga. Yanislarga qarshi fitnani ular afsus
bilan emas, bil’aks, rohat bilan, bajonidil bajaradilar. Agar bu buyruq o‘zlarinikiga
nisbatan bo‘lsami, chindan ham afsusda qolishlari muqarrar.
«Bugun — yanislar, ertaga kimlar? — deb o‘yladi Tengiz, — balki mendirman, balki
ozarbayjonlar...»
«Tengiz o‘limdan qo‘rqmaydigan mard o‘g‘ridir», demoqlik ta’rifning ko‘pigidir. Chunki
odamga, o‘g‘rimi yo to‘g‘rimi, farqi yo‘q — jon shirin! Qamoqdami yo erkinlikdami,
yigitmi yo cholmi, farqsiz o‘laroq, yashagisi kelaveradi. Qamoq lageri rahbariyatining
iltimosini qabul qilishi, Nuriddin aytganidek, u uchun isnod edi. Halollik ila mulohaza
qilinsa Murik bilan uning orasida farq chegarasi sezilmas edi. Tengiz buni bilgani uchun
ham, boshqa chorasi bo‘lmagani uchun ham o‘zicha ezildi. Bu masalani «politbyuro»ga
qo‘ygan taqdirda ham «blatkomitet»ning ma’qullashi aniq edi. Ular buni «hukumatga
xizmat qilish» emas, «o‘g‘rilar olamini dahlsiz saqlab qolish» deb ta’riflagan bo‘lishardi.
Bu shunday g‘alati olamki, uni bir qal’a tasavvur etilsa, kiraverishidagi ark peshtoqiga
«Harna qilsang qilaver, va ijozatimizsiz hech narsa qilishing mumkin emas», degan shior
yozib qo‘ysa ham bo‘lardi. Bu olam arki juda hashamatli, fusunkor. Bokira qiz kabi o‘ziga
chorlaydi. Qizning husnidan bahramand bo‘laman, kiramanu chiqaman, degan xushtor
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |