www.ziyouz.com kutubxonasi
129
— Taqdir degan bir odamning fahm-farosatda tengi yo‘q, oqila va go‘zal qizi bor ekan.
Taqdir qiziga qarab: «Aql, Davlat va Umid degan uch odamdan sovchi kelyapti, qaysi
biriga rozi bo‘lasan?» deb so‘rabdi. Shunda qiz: «Dada, aql — insondagi eng ulug‘
fazilatdir, Aqlga suyanib turib do‘stni dushmandan, hushyorni devonadan farqlash
mumkin. Lekin aqlning bir aybi bor: kishini chalg‘itib, xatarli yo‘llarga solib qo‘yishi
mumkin. Davlat esa ham ishbilarmon, ham hukmdordir. Lekin Davlat hech qachon, hech
kimga vafo qilmaydi. Men Umidni ixtiyor qilaman. Chunki Umid hech qachon Insonga
xiyonat qilmaydi, undan ajralmaydi. Butun jahon undan manfaatdor», degan ekan. Biz
ham o‘sha Taqdirning dono qiziga o‘xshab Umidni tanlasak, adashmaymiz.
Yanisning bu gaplari Nuriddinga qiziqarli, ayni damda sirli tuyuldi. Shu sababli yana
qaytarishni iltimos qildi. Yanis ensasi qotmasdan, bu safar soddaroq qilib tushuntirdi.
Garchi u Taqdirning dono qizi kabi Umidni tanladim, degan bo‘lsa-da, aslida o‘zi
birdaniga ikki erni ixtiyor qilgan qiz kabi edi. U Umiddan avval Aqlni tanlagan edi. Aql uni
shu holatga soldi, endi esa «ko‘z ochib ko‘rganim — Umid», deb o‘tiribdi.
OILA
Eshik qo‘ng‘irog‘ining asabiy jiringlashidan uy-g‘ongan Omonullo darrov soatiga
qaradi. Telefon ishlamay qolgan kezlari hamkasblari yarim kechami yo erta tongmi,
chaqirib kelaverishardi. U o‘zi ishlaydigan sohada vaqtida hordiq chiqarish yoki
bayramlarda dam olish yo‘qligiga allaqachon ko‘nikib ketgan. Qatorasiga ikki kun
uxlamay, endi ko‘zi ilinganda chorlashganida ham indamay turib ketishga odatlangan.
Hozir ham tezda kiyinib, eshikni ochdi-yu, Safarni ko‘rib, ajablandi:
— Ha, so‘fi tahorat qilmay kelibsan? — dedi norozi ohangda.
— «Ko‘mirxona»dan endi turdik. O‘yin ja-a qizib ketdi. Uyga bormay, to‘g‘ri senikiga
kelaverdim, — Safar shunday deb, taklifni kutmayoq ostona hatlab ichkari kirdi. — Sen
ham erkaklarga o‘xshab «gap»ning oxirigacha o‘tirsang, billalashib kelardik.
— Agar «gap»da o‘tirishlaring hisobga olinmasa senlarning erkak ekanliklaringni bilib
ham bo‘lmaydi, — Omonullo shunday deb yuvinish maqsadi-da yon tomon o‘tdi.
— Menga qara, hov erkak, — dedi Safar, — ma, kalitni ol, xohlasang men uyingda
yota qolaman, rayoningga o‘zing borib kel.
— Birga boramiz, — dedi Omonullo. — Meni himoya qilasan. Mabodo seni ham o‘ldirib
qo‘yishsa, bahonada bitta medalli bo‘lib ketasan bu dunyodan.
— Sen uchun o‘lish biz uchun sharaf, okasi, — dedi Safar, kinoyaga kinoya bilan javob
berib. — O‘lishdan oldin bir uxlab olmasam bo‘lmaydi. Men mashinada yotaman,
uyg‘otma. Qog‘oz xaltaga u-bu solib berishgan. Xohlasang, ye-ich.
Omonullo yuvinib, yengil tamaddi qilib olgach, ko‘chaga chiqdi. Orqa o‘rindiqda ikki
buklanib yotgan Safarning hurragini tashqaridan ham bemalol eshitish mumkin edi.
Mashina o‘rnidan siljigach, u bir silkinib, ko‘zlarini yarim ochib qarab qo‘ydi-yu, uyquni
kelgan yeridan davom ettiraverdi.
Safarning bu qadar barvaqt kelishi, orqa o‘rindiqda uxlab yotishi Omonullo uchun
ma’qul keldi. Safar ko‘ngliga yaqin do‘sti bo‘lsa-da, uning ba’zida meyoridan o‘tuvchi
safsatalari me’dasiga tegib ketardi. U kasalxonaga o‘tib, tutingan otasining uyqusizlikdan
kirtayib, qizargan ko‘zlaridan opasining ahvoli uncha yaxshi emasligini tushundi. Kechki
payt yana xabar olishini aytib, Matluba To‘xtaeva bilan uchrashish niyatida cho‘lga qarab
yo‘l oldi.
Ko‘chada harakat siyrak bo‘lgani uchun mashinani yeldek uchirdi. U Matluba bilan
bo‘lajak uchrashuvni, berajak savollarini xayolida yana bir pishirib olgach, kechagi
uchrashuvni beixtiyor tarzda esladi. Omonullo Adolatni kuzatib qo‘ygach, doktiloskopist
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |