www.ziyouz.com kutubxonasi
133
prokuraturasidanmiz», deb tanishtirishdi, hujjatlarini ham ko‘rsatishdi. Uyni tintishdi.
So‘ng «har ehtimolga qarshi yerto‘lani ham ko‘rib qo‘yaylik», deb pastga tushishdi.
Matluba o‘zini bosishga qancha tirishmasin, ularning maqsadlarini avvaldan bilgani
uchun ham titrayverdi. «Tintuvga ruxsatnomangiz qani? Ikkita xolis guvoh qani?» degan
talab esa xayoliga ham kelmadi. U-ku, xotin kishi, xavotirda o‘zini yo‘qotadi. Opasiga
dalda berishi lozim bo‘lgan Sarvar ham dovdirab qoldi. Bir ozdan so‘ng ularni pastga
chaqirishdi. O‘rtadagi ustun atrofini, sochilgan tuproqni ko‘zdan kechirayotgan
qirraburun:
— Bu yerda nima bor? — deb so‘radi.
— Bilmasam, — dedi Matluba. — Qo‘yadigan narsamiz ko‘pam yo‘q, hadeb
tushavermayman bu yerga.
— Bu yer kavlangan. Nega kavlangan? — dedi qirraburun qaddini rostlab.
— Bilmadim.. balki...
— Nima balki?
— Aytaverayinmi?
— Bizni chalg‘itishga urinmang, biz hammasini bilamiz.
— Bilsangiz... aytmay qo‘ya qolaymi?
— Bilganlaringizni gapiring!
— Bilganlarim... Ancha vaqt o‘tdi-da... kuz paytida edi, kechasi bir erkak, bir ayol
uyimizga bostirib kirishdi. Darvoza qulf edi, hovliga qanday tushishganini bilmayman.
Erkagi cho‘loq ekan. Vish-vish qiladi, gapiga tushunmayman... — Shu zaylda Xursanali
o‘rgatgan gaplar aytildi. Ular ishonib-ishonmay bir-birlariga qarab qo‘yishdi.
— Militsiyaga xabar qildingizmi? — deb so‘radi qirraburun. Bunaqa savol Xursanalining
rejasida yo‘q edi. Shu sababli Matluba dovdiradi.
— Militsiyaga nima uchun xabar bermadingiz? — dedi bu safar qirraburun dag‘allik
bilan.
— Militsiyaga aytsang, o‘ldiramiz deyishgan, bolalarni ham... — Matlubaning tiliga
kelgan bu gapdan ular qoniqishib, boshqa narsa so‘rashmadi. Ularning buyrug‘i bilan
Sarvar ustunni chetga surdi, g‘ishtlarni ko‘chirdi, tuproqni surdi, qopqoqlarni ochdi.
Ochdi-yu, «agar titishmasa tanga qoladi», deb umid qildi. Qirraburun bo‘sh o‘raga bir oz
qarab turdi-da, so‘ng engashib, barmoqlari bilan tuproqni titib, tilla tangani topdi.
Qaddini ko‘tarmay turib tangani chiroq yorug‘iga tutdi, tishlab ko‘rdi. Keyin yana tuproq
titdi. So‘ng ketishdi. Ertasiga qirraburunning o‘zi keldi. Beshta odamning suratini
ko‘rsatdi. Matluba Xursanali ko‘rsatganni tanidi. Tanidi-yu:
— Faqat bitta joyi o‘xshamaydi, — dedi.
— Qaeri? — dedi qirraburun unga qattiq tikilib.
— Qulog‘ining yarmi yo‘q edi. Yo bu eski rasmimikin?
Qirraburun suratlarni cho‘ntagiga solib «xayr» ham demay iziga qaytgan edi...
Hozir Omonulloning «kim edi, qachon keldi, nimaga keldi?» degan savoli o‘sha
voqeani chaqmoq umrichalik lahzada eslashga majbur etdi. Esladi-yu, ammo sirtiga
chiqarmadi: Xursanalining amrini bajardi.
Omonullo suhbatini boshlamay, Safar kelib ayvon panjarasiga o‘tirib oldi. Matluba
unga qarab qo‘yib, o‘ng‘aysizlandi.
— Safar, kalit mashinada qolibdi, — dedi Omonullo ma’nodor ohangda.
Safar do‘stining maqsadini anglab, o‘rnidan turdi-da, ko‘chaga chiqib ketdi.
Ranjiganini sezdirmadi, ammo ichida do‘stini avra-astarini ag‘darar darajada bo‘ralab
so‘kdi.
Omonullo arqonni uzun tashladi. «Tursunali To‘x-taev bilan qachon tanishgansiz,
qachon turmush qurgansiz, bolalar...» kabi savollarga olinajak javoblar u uchun muhim
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |