www.ziyouz.com kutubxonasi
136
harakat qilmagani ham rost. Ammo rost gapga bu odam ishonarmikin? Matluba shu
armon, shu o‘kinch bilan Omonulloga qarab-qarab qo‘yardi.
Omonullo uning gaplarini bo‘lmay eshitdi. «Shu ayol o‘ldirgandir» degan gumon unga
hukmini o‘tkazmagan bo‘lsa-da, fikrdan uzoqlashishga haqqi ham yo‘q edi. To chin qotil
topilmagunicha shu ma’sumadan ham shubhalanishga haqli edi.
Omonullo Matlubaning so‘zlarini eshitish asnosida beixtiyor Adolatni ko‘z oldiga
keltirdi. O‘shandan gumonsiraganda ham tinch qo‘ymas edi. Bu ayol... boshqachaga
o‘xshaydi. Ezilgan ruhi, toptalgan umidi uchun xun talab qilsa ham arzir. Ammo...
bolalarining otasi bo‘lgani uchun ham uning nomini himoya qilyapti, uni umid bilan
kutyapti. Har qanday ayol erini qiz-g‘anadi. Qalbini yiring bosgan Matlubaning ham
qizg‘anishi tayin. Ammo bu rashk, bu qizg‘anish qotillikka undashi mumkinmi? Omonullo
uchun bu mubham bo‘lib qolaveradi.
U Matlubadan erining maktublarini ko‘rsatishni iltimos qildi. Matluba bir oz ikkilangan
holda uyga kirib to‘rt-beshta maktub olib chiqdi-da, soliq to‘lashga undovchi xatni ajratib
berdi. Omonullo satrlarga ko‘z yugurtirgandayoq, lager qamoqxonasidagi ahvolni
angladi.
— Boltaevadan shubhalanganingiz o‘rinsiz. Eringiz qamoqdagi katta baliqlarga yem
bo‘lgan.
— Bilasizmi shuni? Bilsangiz... nega yo‘l qo‘yib berasiz?
— Buni o‘sha yoqdagilardan so‘rash kerak. Bizning vazifamiz boshqa. Agar biror kishi
pul talab qilib kelgan bo‘lsa, ayting. Ular bilan shug‘ullanamiz.
Matluba Xursanalining ogohlantirishini eslab: «Yo‘q, yo‘q, hali hech kim kelmadi», deb
qo‘ydi.
Omonullo bunga ishonganday bo‘ldi-yu, yana uchrashishga shama’ qilib ko‘cha tomon
yurdi. Matluba ostonaga qadar kuzatib borib, Omonulloning ortidan eshikni yopdi.
Safar orqa o‘rindiqda kavshanib o‘tirardi. Omonullo mashina eshigini ochishi bilan
dimog‘iga aroq, kolbasa hidi urildi.
— Ha, ochofat, darrov yutdingmi? — dedi Omonullo unga qovoq uyub qarab.
— Boshga quvvat bo‘ladi, senam qittakkina olvol.
Omonullo «nafsing qursin», dedi-da, mashinani yurg‘izdi. U direktor bilan uchrashib
yangi gap ololmagach, bog‘ qorovuli bilan gaplashishni ixtiyor qildi. Direktor obkomdan
vakil kelayotganini aytib, unga bir yugurdagini qo‘shib berdi. Nomi bog‘ qorovuli, aslida
xo‘jayinning ham mahrami, ham oshpazi bo‘lmish ukkiko‘z Karvon Tursunali bilan qizini
shu yerda ko‘rganini aytdi. Aravakash otasining «Karvon» laqabini meros qilib olgan bu
odam bilganlarini yashirmadi: «Direktor buva Toshkentda edilar. Xo‘jayin yo‘qliklarida
ishlarimni qilvolay deb rayon markaziga tushuvdim. Qaytib kelayotsam, Oshbolta bilan
qizi chiqib kelishyapti. Oshboltaning da’vosi katta — u o‘zini menga ustoz deb biladi.
«O‘choqni harom qilibsan, buzib tashladim, ertamatan kelib yangisini qurib beraman»,
deydi. «Nimasi harom?» desam, «O‘choqning ichida it yotibdi», deydi. It ilgari ham
yotardi, harom-parom demasdi, qachondan beri haromni haloldan ajratadigan
bo‘libdiyikin, deb qolovurdim. Nazarimda u qizini yangi direktorga qo‘shgani olib
kelganu, ishi unmagach, alamdan o‘choqni buzib tashlagan. O‘choqni o‘sha kuniyoq
o‘zimla o‘nglab qo‘ydim. Xo‘jayin yarim kechada qaytib, ovqat qil, deb buyursalar
«Ertalab Oshbolta o‘choq qurib bersin, keyin ovqat pishiray», deymanmi?»
Omonullo Karvonning gaplarida bir ilmoqni sezdi-yu, bo‘lib o‘tgan voqeani
oydinlashtirishga ojizlik qildi. Savollarni qalashtirgani bilan kerakli javoblarni ololmadi.
Nafisaning qishloqqa kelishi, boqqa borishi, o‘choqning buzilishi... Quloqlariga tilla
ziraklar, barmoqlariga tilla uzuklar taqib qaytishi... da sir yashirin edi. Bu sirdan voqif
odamning biri tuproq ostida, ikkinchisi tildan qolgan...
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |