www.ziyouz.com kutubxonasi
143
Samandar kishandan bo‘shagan bilaklariga ma’yus tikilib qoldi.
— O‘tiring, Ochilov, — Omonullo ikkita stulni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi-da, o‘zi
derazaga orqa qilib o‘tirdi. Samandar otasidan tarsaki tushib qolishidan qo‘rqqan
boladay hadiksirab turdi.
To uyiga yetib kelguniga qadar Samandarning ruhi go‘yo behisob chayonlar hukmida
bo‘ldi. Uyida qandaydir noxushlik kutayotganini yuragi sezib, ezilgan bo‘lsa-da,
«militsiya xodimiga duch kelarman, ostona hatlashim bilan qo‘llarimga kishan solinar»,
deb o‘ylamagan edi. Poyloqchi yigitga «Ochilov kelishi bilan qimirlatmaysan», deb
buyurilgan, u Samandarning kimligidan bexabar bo‘lgani sababli uni ashaddiy qotil
gumon qilib, qo‘lini kishanlab qo‘ya qolgan edi. Samandar esa buni uzil-kesil hukm deb
tushunib o‘zidan ketayozdi.
— O‘tiring, — dedi Omonullo bu safar qat’iyroq tarzda.
Samandar stulning suyanchig‘ini ushlab astalik bilan o‘tirgach, Omonullo o‘zini tanitdi-
da, so‘rog‘ini boshladi:
— Moskvada hamisha ko‘p qolib ketasizmi?
— Ishga qarab, — dedi Samandar unga tik qaray olmay, — ba’zan ertalab borib,
kechqurun kelaman. Bu safar sal tobim qochdi...
— Nima bo‘ldi?
— Yoqmaydigan narsa yeganman shekilli... sal zaharlanibman.
— Sizni olim deyishdi... Nima bilan shug‘ullanasiz?
— Buni aniq aytishim mumkin emas.
— Umumiy tarzda-chi?
— Umumiy tarzda... zilzilaga oid desam ham bo‘ladi.
— Bu ishga chet elliklar ham qiziqsa kerak?
— Bilmadim... balki qiziqar...
— Sizga birov shu ish bo‘yicha taklif qilganmi yo...
— Yo‘q. Nega so‘rayapsiz?
— Dushmaningiz yo‘qmi, demoqchiman.
— Dushman... bilmadim... bo‘lmasa kerak.
— Nafisa Boltaeva sizning ikkinchi xotiningizmi?
— Ha... — Samandar shunday deb nigohini olib qochdi.
— Hozir u qaerda?
— Bilmayman... uyda bo‘lishi kerak edi.
— Oxirgi marta qachon, qaerda ko‘rgansiz?
— Esimda yo‘q...
— Qiziq... xotiningizni qachon ko‘rganingizni ham eslolmasangiz... Bizni bu yerda
ko‘rib hayron bo‘lmadingizmi?
— Hayronman...
— Moskvaga ketishingizdan oldin bir polkovnik hamrohligida kelib uyingizga kirib
chiqqansiz, qo‘lingiz nima uchun qon edi?
Bu savol Samandarning boshiga og‘ir gurzi misol urilib, tovoniga qadar zirillatdi,
hushini yo‘qotib, aqldan ozgan devonaday baqrayib qoldi. Aftodavash bu odamning
ko‘zlariga Omonullo jon olg‘uvchi Azroil bo‘lib ko‘rindi. O‘shanda polkovnik so‘raganida
savol o‘qidan «shisha tilib ketdi», deb qutulgan edi. Hozir tiliga shu javob ham kelmay,
soqov holida turaverdi. Omonullo savolni yana qaytargach: «esimda yo‘q, balki kesib
olgandirman», deb g‘o‘dirandi.
— Chap qo‘lingizni kesuvdingizmi yo o‘nginimi?
Samandar ajablanib, qo‘llariga qaradi: darvoqe, qaysi qo‘li qon edi? Savol yana
takrorlangach, «o‘ng qo‘lim», dedi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |