www.ziyouz.com kutubxonasi
142
yetgunicha, tavakkalchi to‘yiga yetibdi», deganlaridek, u biron yo‘l izlab topgunicha
bular masalani hal qilib qo‘ya qolishlari mumkin. Bugun kechasimi yo ertasigami, har
holda cho‘zib o‘tirishmasa kerak.
Kechasi ziyrak holda yotgan Nuriddin yanglishmadi. Hamma shirin uyquda ekanida
Qo‘tos kelib «Mening o‘rnimga o‘tib yot», — dedi. Oradan bir soatlar o‘tgach, barak
eshigi ochilib, Koshak yonida to‘rt yigiti bilan kirib kelib, to‘g‘ri Nuriddin yotgan joyga
qarab yurdi. Yigitlardan ikkitasi yotgan odamni Nuriddin deb fahmlab, imo-ishorasiz
holda ikki oyog‘ini tappa bosgani hamon, qolgan ikkitasi qo‘ldan olishga ulgurmay,
Qo‘tos qaddini ko‘tardi:
— Koshak, yana xato ketding, men esam yanglishmadim,— dedi u ovozini pastlashga
harakat ham qilmay.— Bolaga tegma, dedimmi, demak, tegmaysan. Jo‘na endi!
Koshak so‘kinganicha chiqib ketdi.
Qo‘tos esa o‘tirgan yerida o‘yga toldi. Knyazning hibs-ga tashlanishi bilan Koshakning
bu qadar quturishi sabablarini izlab topmoqchi bo‘ldi. Koshakning har bir bosgan
qadamini kuzatib yurgan maxfiylar tongda Qo‘tosga kutilgan va kutilmagan xabarni
yetkazdilar. Qo‘tos Koshakning Tursunalini siquvga olajagini gumon qilgan, ammo
hibsxonadagi Tengiz huzuriga kirishini o‘ylamagan edi. Qamoq lageriga Moskvadan
odamlar kelishi, Knyazning qo‘liga kishan urilishi va Koshakning quturishi bir zanjir
halqalari bilan bog‘langanini fahmladi. Avvaliga «politbyuro»ni shoshqich ravishda
to‘plamoqchi bo‘ldi. Biroq, o‘g‘rilardan yana qanchasi Koshak tomonda ekanini aniq
bilmagani uchun bir oz kutishga qaror qildi.
O‘g‘rilar olamida tug‘ilib, voyaga yetgan, suyagi qotgan Qo‘tosning aqli bu safar ham
o‘ziga xiyonat qilmagan, voqealarni bog‘lab turgan ko‘rinmas zanjir halqalarini aql ko‘zi
bilan ko‘ra olgan edi.
TALVASA
Omonullo bir varaq qog‘ozni to‘rtga bo‘ldi-da, biriga «Samandar Ochilov», ikkinchisiga
«Toshbolta», uchinchisiga esa «Matluba To‘xtaeva», to‘rtinchisiga esa «kooperativ», deb
yozib, so‘roq belgisi qo‘ydi. So‘ng qarta chiylayotgandek aralashtirgach stol ustiga yoyib,
bir narsa o‘qimoqchi bo‘layotgan folbinday tikilib o‘tirdi. Keyin Toshbolta zikr etilgan
qog‘oz parchasini nari surdi. Dam o‘tmay Matlubaning ismi yozilgani ham chetga surildi.
Shu o‘tirishida diqqati oshgandan oshib, to‘rtinchi qog‘oz parchasiga hisobsiz so‘roq
belgilari chizib tashladi-da, chuqur «uf» tortdi. Ana shunday tarzda siqilib o‘tirgan
chog‘ida telefon jiringladi. Go‘shakni istamaygina quloqqa tutdi-yu, beixtiyor sapchib
turib ketdi. Chetdan qaragan odam u telefon go‘shagini emas, adashib, qizib turgan
dazmolni qulog‘iga tutdi-yu, kuydi, deb o‘ylashi ham mumkin edi. Aslida esa Omonulloni
sapchib turishga boshliqning xabari majbur etgan edi. Bir necha daqiqada suratchi,
kriminalistlar guruhining boshqa yigitlari hovlida to‘planishdi-yu, navbatchi mashinada
Samandar Ochilovning uyiga yo‘l olishdi.
Uyning eshigi lang ochiq, qo‘llari kishanlangan Samandar mehmonxonadagi deraza
yonida ko‘chaga tikilganicha tek turardi. Qadam ovozlarini eshitib burilib qaradi-yu,
Omonulloning nigohiga ro‘para bo‘ldi. Omonullo qoshu-kipriklarigacha malla bo‘lgan bu
odamga bir zum tikildi-da, so‘ng uyda poyloqchilik qilgan hamkasbiga qaradi. Hamkasb
yigit bu qarash zamiridagi savolni o‘qib qisqa tarzda axborot berdi:
— Xotirjam kelib qulfga kalit soldi. Eshikni ochib, ostonada bir pas qimirlamay turdi.
— Hech narsaga tegmadilaringmi? — deb so‘radi Omonullo atrofga bir razm solib.
— Yo‘q.
— Qo‘llarini bo‘shat.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |