www.ziyouz.com kutubxonasi
150
Omonulloning ko‘z oldida o‘sha savolli nigoh: «nima uchun meni o‘ldirdilar? Gunohim
nima edi?» Omonullo buni bilsa edi, aytardi. Holbuki bilmaydi, alhol uning asosiy vazifasi
buni bilish ham emas. U eng avvalo «kim o‘ldirdi?» degan savolga javob topishi zarur.
«Gunohim nima edi?» degan savoliga esa Nafisa qiyomatda javob oladi... Hozir esa
Omonulloning xayolini shoirning dardli ovozi band etgan:
... Xayr endi, mening xazonim,
Tanho go‘rga sig‘dik ikkimiz.
Yig‘layotir, kuylayotir jim,
Joni kuzda chiqqan jismimiz.
Xayr endi, mening yaprog‘im,
Bir dunyoga sig‘dik hammamiz.
Yosh to‘kmasin biz uchun hech kim —
Biz qaytamiz,
Bir kun qaytamiz.
Xayr endi...
27
She’rdan so‘ng dardli kuy berilib, Omonulloning ko‘ngliga xazinlik ega chiqdi. Shu
xazinlik hukmida ishxonasiga qaytdi. Navbatchi yigit uni kutilmagan noxush xabar bilan
qarshi oldi: kimdir qora «Volga»da kelib, Samandarni olib ketibdi. Xo‘jayin Omonulloni
kutayotganmish...
Boshliq huzuriga kirmasidanoq Omonullo Samandar Ochilovni kim olib ketganini
taxmin qildi. Shunday bo‘lishini kutgan edi, ammo kutgani bu qadar tez amalga oshuvi
uning aqlini shoshirdi. Boshliq Omonulloga hayratomuz yangilik aytmadi — uning
gumonini tasdiqladi xalos. «Ishga tikib qo‘y», deb bir varaq qog‘oz uzatdi.
Samandarning shahardan chetga chiqmay turishi haqidagi tilxatiga Omonullo e’tiborsiz
qarab qo‘yib chiqib ketmoqchi edi. Boshliq to‘xtatib, so‘radi;
— Boshqalardan gumoning yo‘qmi?
Omonullo darrov javob qaytarmadi. Kooperativ boshlig‘i bilan Matluba To‘xtaevaga oid
ojiz gumonlarini aytgisi kelmadi. Shu bois bir oz o‘ylanib turib:
— Dalillar yetarli emas, — deb qo‘ydi.
— Ochilov ekanini isbot qilib bera olarmiding?
Begona uy ostonasiga qadam qo‘yayotgan odam ichkaridagi jihozlarni ta’rifu tavsif
qilishdan ojiz bo‘lganidek, Omonullo bu savolga javob berishga qodir emasdi. Boshliq
uning ahvolini sezib, javob talab qilmadi, aksincha dalda berdi:
— Bo‘pti, ishingni davom ettiraver. Biror gap chiqsa, huzurimga kirarsan. Sen xafa
bo‘laverma. Uni bir marta so‘roq qilishga ulguribsan, shu ham katta gap! Agar dalillar
Ochilovga qadalib qolaversa... sen zo‘riqma... biz ilojsizmiz. Boraver...
Bir necha kun avval Samandarning ishxonasidagi suhbatda «qonun oldida hamma
teng», deb katta ketgan Omonulloning quloqlari ostida tepakalning «hayotda esa,
azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?» degan gaplari
jarangladi. Omonullo o‘zini og‘zidagi luqmasini oldirib qo‘ygan anqov holida deb
hisoblamadi — o‘ksinmadi.
Omonulloning ish uslubi hamkasblaridan ozgina farq qilardi: u biron jinoyatga
aloqador deb ikki kishidan gumon qilsa, uchinchi, noma’lum odam uchun ham joy
qoldirardi. Mazkur uslub foyda bergan damlar ham bo‘lgan: gumondagilar ozod qilinib,
mo‘ljalda yo‘q noma’lum odamning iziga tushilgan. Agar Samandarning gaz masalasidagi
gaplari nayrang mahsuli bo‘lmasa, Omonullo kalavaning bir uchini topdi, deyish mumkin.
27
Nuktadon shoirimiz Asqar Mahkam she’rlaridan foydalandik. (T. M.)
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |