www.ziyouz.com kutubxonasi
148
olib, shu yerga tashladi. Xuddi kinodagiga o‘xshaydi, to‘g‘rimi? Menga-ku baribir, o‘sha
og‘aynimga qiyin bo‘ldi-da. Oling, okaxon, oxirigacha ichib qo‘ying, dunyoning tagiga
yetasiz. Bir pasdan so‘ng yana dasturxon kiradi, qarab turasiz. Oshna-og‘aynilar omon
bo‘lishsin, meni xorlatib qo‘yishmaydi.
Bu gapni Samandar «sizda ham oshna-og‘ayni bormi?» degan savol ma’nosida
tushundi. Ilgari xayoliga shunday savol kelmagan ekan. «Boshimga tashvish tushsa
dalda beruvchi do‘stim bormi?» deb fikr qilgan Samandar hozir o‘zini sahro o‘rtasidagi
yakka daraxt kabi his etdi. Endi bu daraxt suvsab, oftob nurida qovjiraydimi? Bu yigit bir
necha soatdan so‘ng chiqib ketishini bilyapti. Samandar esa hibsxonada necha kun yoki
necha yil bo‘lishidan bexabar. Bu yer bir necha kunlik qamoqxona ekanini, ayb sirtmog‘i
bo‘yniga astoydil solinadigan bo‘lsa boshqa joyda alamlar tuzini totmog‘ini ham
bilmaydi. Uni hozir iztirobga tashlayotgan narsa — o‘n yil yotsa ham, hatto qotil deb otib
tashlansa ham birov bilmay qolishi mumkin. Bilganda ham afsuslanmasligi, kuymasligi
aniq. Opa-singillarining kelishi ham mahol. Ular o‘z oilalari, o‘z tashvishlari bilan band.
Bu shaharga hali biron marta ham kelmagan to‘ng‘ich opasining turmush tashvishlaridan
ortib, qamoqdagi ukasini yo‘qlashini tasavvur qilish qiyin. Qishloqqa ikki yildan beri
bormayotgani inobatga olinsa, mehr-oqibat iplarining zaiflashib, balki chirib, uzilishga
moyil bo‘lib qolgani tabiiydir. Amakivachchalariyu xolavachchalari bilan qachondan beri
bordi-keldi qilmasligimni hatto eslay olmaydi.
Sermanzirat yigitning gaplaridan keyin xayolini o‘zidan uzoqlashgan do‘stlari,
qarindoshlari to‘la egallamadi. O‘zini yo‘qlovchi mehribon yo‘qligidan bir oz o‘ksindi-yu,
so‘ng bo‘lajak taqdirini o‘yladi. Yigitning manziratlari ham, ezmaligi ham yoqmay qoldi.
Uzr aytdi-da, eshikka yaqin karavotga o‘tib, cho‘zildi. Yigit ham nafsini qondirib bo‘lgach,
taomlarni dasturxonga o‘rab qo‘ydi-da, bo‘sh karavotga o‘tib yotdi. Yotgan joyida
kerishib, rohatlandi. Dam o‘tmay yengil xurrak ota boshladi.
Samandar esa shu topda o‘z siriga mahram bo‘la olguvchi odamga hojat sezdi.
Ahbobga muhtojlikning qamoq azoblaridan ham battarroq ekanini fahmladi. Odamning
fojiasi o‘lim emas, vohidlik ekanini anglab yetmoq mushkul. Odam bolasi istaydimi-
yo‘qmi, qochmaydimi yo qochadimi farqsiz — o‘lim sharobini ichadi. Vohidlik esa o‘zining
ixtiyori bilan yuzaga keluvchi ofatdir. Hozir Samandar bu ofatning tariqday mevasini
totdi. Bir necha soatdan so‘ng tamaki hidiga to‘lib ketgan bu dim xonani tark etib
uchoqqa o‘tirganida, Moskva sari uchganida esa bu azoblarni, bu fojialarni yana unuta
boshlaydi.
Hozir esa hamqishloq do‘sti Tursunali bilan shaharda uchrashib qolgan onlarini
la’natlay boshladi. Moskvalik mehmonlar bilan restoranda o‘tirganida maishat qilish
maqsadida kirgan oshnasi bilan uchrashgan edi. Keyin sovxoziga taklif qildi. Bog‘da
maishat qilishdi. Choy ko‘tarib kirayotgan Nafisaga suqlanib qaradi. Bu qarashning
ma’nosini uqqan Tursunali shu tunning o‘zidayoq kayfi oshgan do‘stining nafsini
qondirish choralarini qildi. Chora amal berdi-yu, o‘sha tun bahonasida Samandar xotinlik
bo‘lib oldi. Endi esa... o‘sha tunni ham la’natladi...
Umrining turli nuqtalariga la’nat toshlari otib o‘tirganida eshik ochilib soqchi kirib
keldi-da, yigitni turtib uyg‘otgach:
— Qo‘lingni orqaga qil! — deb buyurdi.
— Nega endi okaxon? — dedi yigit uyqusiragan holda.
Soqchi unga javob bermay qo‘lini qayirib kishanladi-da:
— Endi uka, shahar turmasiga ko‘chadigan bo‘lding. Prokuror senga ish ochganga
o‘xshaydi, — deb afsusini bildirib qo‘ydi.
— Menga ish ochadimi, menga ish ochadigan prokuror hali onasining qornida yotibdi!
— Bo‘ldi, baqirma, yur, — soqchi shunday deb uni yelkasiga turtib, olib chiqib ketdi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |