www.ziyouz.com kutubxonasi
147
— Qamaysizmi?
— Bizning vazifamiz qamash emas, jinoyatchini tutish. Sud degan idora bor,
qamashadimi yo otishadimi, o‘shalar hukm chiqarishadi.
— Haqqingiz yo‘q... men jinoyatchi emasman. Keyin afsuslanasiz!
— To‘g‘ri aytdingiz. Keyinroq afsuslanmaslik uchun biz bilan birga bo‘lib turasiz.
Aybingiz bo‘lmasa sizni hech kim ushlab tura olmaydi. Gunohsiz ekaninigizni isbotlash
uchun esa vaqt kerak.
Bu gaplarni eshitib, Samandarning lablari titradi, ko‘zlari pirpiradi-yu, yig‘lamadi,
o‘zini tutdi — taqdiriga tan berdi.
Olti kishiga mo‘ljallangan vaqtinchalik hibsxonadagi derazaga yaqin karavotda bir
yigit chordana qurganicha ovqatlanib o‘tirardi. Yozug‘lik dasturxon ustidagi oshu kabob,
somsayu olma-anor, pomidoru bodringga qaraganda uning maishati chakki emasdi.
Dasturxonni kim kiritgan bo‘lsa ham yigitning hamxonalari nafsini nazarda tutgan
ko‘rinadi. Yigit Samandarni ko‘rib, o‘rnidan turib so‘rashdi-da, dasturxonga taklif qildi.
Samandar bu xonaga bir zumgagina kirgan odamday karavot chetiga omonatgina o‘tirdi.
Yigit sermanzirat ekan, «oling, oling» deb undayvergach, Samandar noiloj kabob
go‘shtidan olib og‘ziga soldi. Qorin och bo‘lsa-da, luqmaning tomog‘idan o‘tishi qiyin
bo‘ldi. Shunda yigit yostiq ostidan shisha chiqardi-da:
— Qittak-qittakka tobingiz bormi?— deb so‘radi.
Moskvadagi harbiylar shifoxonasida Samandarga ichish qat’iyan mumkin emasligini
aytishgan edi. Ular ogohlantirishmasa ham aroqni o‘ylasa ko‘ngli ayniydigan bo‘lib
qolgandi. Hozir esa yigitning taklifidan so‘ng ichgisi keldi. Shisha ichida jilva qilayotgan
suyuqlik uni darddan qutqaruvchi xaloskor bo‘lib ko‘rindi-da, «quying», dedi. Yigit
piyolani to‘ldirib uzatdi. Samandar ikki qultumdan ortiq icha olmay, qalqib ketdi. Piyolani
dasturxon chekkasiga qo‘yib yigitga uzrli nigohi bilan qaradi. Yigit uni hijolatdan
qutqarish uchun yana taomga taklif qildi.
— Olim odamga o‘xshaysiz, aka, siqilavermang. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi, —
dedi kulimsirab.
Samandar bu gapdan ajablanib, yigitga qarab qoldi.
— Ha, akaxon, menga tikilib qoldingiz? Qaysi baloga uchrabdi, deyapsizmi? — yigit
Samandarning fikrini o‘qiganday kuldi. — Yosh yigit tuhmatga uchragandir, deyapsizmi?
Yo‘q, tuhmat bo‘lmadi. O‘zim ahmoqman. Garovda yutaman, deb qo‘lga tushib qoldim.
Kechgacha chiqib ketaman. Nari borsa ertaga ertalab qo‘yib yuborishadi. Suyanadigan
tog‘imiz ja-a mustahkam, ha!
Samandar garov bog‘lab qamoqqa tushish mumkinligini sira eshitmagani uchun
ajablandi. Yigit esa kulganicha izoh berdi:
— Mening gulday hunarim bor, aka, hech qachon xor bo‘lmayman. Men mashina
o‘g‘risiman. Lekin siz mendan qo‘rqmang. Aslida men o‘g‘rimasman. Men qulfni ochib
beraman, boshqalar o‘g‘irlaydi. Qulfning ming xili bo‘lsa mingtasini, million xili bo‘lsa
milliontasini ochib tashlayman. O‘tgan kuni «qittak-qittak»ning ustida og‘aynim bilan
bahslashib qoldik. Oling, akaxon, sovumasin, ichib qo‘ying, dardingiz yengillashadi. Xafa
bo‘lavermang. Bu yerning nomi xunuk, o‘zi yomon joy emas, bir-ikki kun dam olsa
bo‘ladi. Shunday qilib o‘sha og‘aynim bilan garov o‘ynadim. Garovga yangi, moyi
qurimagan «Gaz-31» tikildi. Shunaqa mashinadan kechadigan ahmoqmasman-ku,
to‘g‘rimi? Bir uyga bexitgina kirib, seyfni ochib, kalitni olib, mashinani ochib berishim
kerak ekan. Ha, mashinaga ham, garajiga ham chet eldan olib kelgan allambalo qulf
o‘rnatilgan ekan. Shu ham menga ish bo‘libdimi? Lekin og‘aynim nomardlik qildi.
Qorong‘ida qaramagan edim, orqada ment yashirinib yotgan ekan. G‘ip tomog‘imdan
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |