www.ziyouz.com kutubxonasi
153
jarlik tubida oquvchi anhorga qulagan, ularning murdalari ertasiga chiqarib olingan, er-
xotinning jasadi uyda bir kecha «mehmon» bo‘lib, tongda yerga qo‘yilgan edi. Beli
bog‘langan yetti yoshli Omonullo ikki tobut oldida bo‘zlab borgandi.
Hozir notanish odamga shularni aytib berishi kerakmi? Og‘ir bo‘lsa ham aytgisi keldi.
«Rahmi kelib qo‘yib yuborar» degan niyatda uzuq-yuluq so‘zlar bilan holini bayon qildi.
Amakisinikida yarim yil yashab, so‘ng bolalar uyiga berilganini ham yashirmadi. Bu safar
Omonullo adashmadi: chindan ham Bobomurodning unga rahmi keldi. Chap qo‘li bilan
boshini siladi-da, yoniga o‘tirg‘izdi.
— Sen faqat qochib ketma, bola-paqir, — dedi horg‘in ovozda, — men milisa
emasman. Teringni ham shilmayman. Shunchaki seni qo‘rqitish uchun aytgandim. Agar
rost gapirayotgan bo‘lsang, hayoting menikiga o‘xshab ketarkan. Men ham senga
o‘xshab g‘irt yetimman. Sen bir pas qimirlamay o‘tir. — Bobomurod shunday deb sigaret
tutatdi.
Dastlab «bola o‘zi istab shu ko‘chaga kiryapti, shogirdlikka bop ekan», deb o‘yladi.
Sigareta chekib bo‘lgach, do‘konga borib, sovg‘ani olib berdi, so‘ng Omonulloni bolalar
uyiga kuzatib qo‘ydi. Eshik og‘-zida:
— Biron nimaga muhtoj bo‘lsang, menga ayt, — deb tayinladi. Keyin: — agar
xohlasang, meni «amaki», de. Xohlasang, tarbiyachilaringdan so‘rab uyimga olib ketay,
bugun mehmonim bo‘l, — dedi.
Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Omonullo «bu odamning ota-onasi ham bir kunda
halok bo‘lishgan ekan», deb o‘yladi. Bobomurodning o‘smir chog‘ida ilk marta
qamalganida isnod o‘tida kuygan ota-onaning bir yil ichida oldinma-keyin qaytish
qilganini ancha keyin, aniqrog‘i, Fotimaga uylangach, qaynotasidan eshitib bildi.
Bobomurodning o‘g‘ri ekanini esa bu xonadonga ikkinchi marta kelgan tuni tasodifan
bilib qoldi. Yarim tunda behos uyg‘onib, sherigi bilan maslahatlashayotgan
Bobomurodning gaplariga quloq tutdi. Avvaliga qo‘rqdi. Ertalab nonushta ham qilmay
qochvormoqchi edi, Bobomurod qo‘lini ushlab, to‘xtatdi:
— Hech qachon birovlarning gaplariga o‘g‘rincha quloq solma, xo‘pmi? — dedi po‘pisa
ohangida. — Gap poylamasang ham kimligimni o‘zim aytardim. Men g‘irrom o‘ynaydigan
dayuslardan emasman.
— Endi men ham o‘g‘ri bo‘lamanmi?
Kechasi bilan o‘ylab chiqqan shu gapini aytishi bilan yuziga zarbli tarsaki tushdi. So‘ng
Bobomurod sochini changallab tortdi. Omonulloning ko‘zlarida tirqirab yosh chiqdi.
— Kim aytdi buni senga, ahmoq! Bilib qo‘y: sen o‘g‘ri bo‘lmaysan, o‘qiysan, sen odam
bo‘lasan!
Bobomurod shunday degach, Omonulloning sochini qo‘yib yubordi. U «Sening odam
bo‘lishing uchun hamma narsadan voz kechaman, hatto hunarimni ham yig‘ishtiraman»,
demoqchi bo‘ldi-yu, «bola buni tushunmaydi», degan fikrda tilini tiydi-da, «O‘tir,
choyingni ich!» deb buyurdi.
Chindan ham Omonulloni deb o‘g‘irlikni tashlamoqchi edi. To qamalguniga qadar
ahdida turolmadi. Qamalgach, ozodlikda qolgan sheriklariga xat chiqarib, Omonullodan
xabar olib turishni tayinladi. Qamoqdan boshqa hunar qilish ahdi bilan chiqdi. Yo‘lda
Ayolni uchratgach, bu ahdi qat’iylashdi.
Omonullo mustaqil ish boshlaganida Bobomurod unga maslahatlar berib turdi. «Tabib
— tabib emas, boshidan o‘tgan — tabib», deganlaridek, jinoyat olamining nozik yerlarini
Bobomurod yaxshi bilardi.
Murdalar gapirmaydilar (qissa). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |